4. Qadriyat tushunchasining tavsifi va mohiyati. Qadriyat – voqelikndagi muyyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy-axloqiy, madaniy-ma’naviy ahamiyatini ko’rsatish uchun qo’llanadigan falsafiy- sosiologik va aksiologik tushuncha.Atrof borliqda odamlar e’tiboridan chetda qoladigan, ular qadriyat sifatida qaramaydigan hodisalar juda kam. Shu sababli qadriyatlar tabiat hodisalari, jamiyatdagi jarayonlar, insoniy xatti-harakatlar va tuyg’ular kabi ko’pdir. Ammo bu fikr biz ayrim insonni emas, balki butun insoniyatni nazarda tutgan taqdirdagina o’rinlidir. Ayrim insonda qadriyatlar, ya’ni uni qiziqtirgan hodisalar doirasi juda tor, cheklangan bo’lishi ham mumkin. Inson shaxsiyatining torligi uning hayot qadriyatlari, qiziqishlari sonining ozligi va ularning xususiyatida namoyon bo’ladi.
Xo’sh aksiologiya nimani o’rganadi? Aksiologiya – falsafaning qadriyatlarni o’rganish bilan shug’ullanuvchi alohida bo’limi (yunon. axios - qadriyatlar, logos – bilim: qadriyatlar haqidagi fan). Qadriyatlar ulkan falsafiy ahamiyatga ega. Qadriyatlar tushunchasi insonning dunyoga bo’lgan munosabatining alohida jihatini namoyon etadi. Ular inson faoliyati, jamiyat va madaniyatning o’ziga xos xususiyatlarini yanada teranroq anglab etish imkonini beradi. Qadriyatlar inson va jamiyat hayotida muhim o’rin egallaydi, chunki insonning hayot tarzini, uning hayvonot dunyosidan ajralish darajasini aynan qadriyatlar tavsiflaydi. Qadriyatlar shaxsning hayot faoliyatida fundamental ahamiyat kasb etadi. Qadriyatlar odamlarni jipslashtirish, ularni hamjamiyatlarga birlashtirishning muhim omili hisoblanadi. Umumiy qadriyatlarning mavjudligi fuqarolar, ijtimoiy birliklar va guruhlarning tinch-totuvligini ta’minlaydi. Qadriyatlar muammosi jamiyat rivojlanishining o’tish davrlarida, tub ijtimoiy o’zgarishlar jamiyatda mavjud bo’lgan qadriyatlar tizimlarida o’zgarishlar yasab, odamlarni yo o’zlari ko’nikkan eski qadriyatlarni saqlash, yo turli partiyalar, jamoat birlashmalari, diniy tashkilotlar, harakatlarning vakillari tomonidan taklif qilinayotgan, hatto majburiy tarqatilayotgan yangi qadriyatlarga moslashishga majbur etuvchi davrlarda alohida ahamiyat kasb etadi. Qadriyatlar va mo’ljallarni yo’qotish yoki vujudga kelgan qadriyatlar tizimidan voz kechish esa muqarrar tarzda jamiyatning tanazzulga yuz tutishi va parchalanishiga olib keladi. Qadriyatlar mazmuniga qarab butun jamiyat haqida mulohaza chiqarish mumkin.