Madaniy-tarixiy tiplar g’oyasi. XIX asrda madaniy-tarixiy tiplar nazariyasi vujudga kelgan bo’lsada, aslida bu haqdagi dastlabki qarashlar Forobiy ijodiga mansub. Forobiy insonlar jamiyatini ikki madaniy- tarixiy tiplarga ajratadi: Birinchisi to’liq jamiyat bo’lib, u o’zida a) er yuzidagi jami insonlarni qamrab oluvchi yirik jamiyat, b) Erning muayyan qismida yashovchi bir millat yoki bir dinga mansub kishilarning o’rta jamiyati v) muayyan qavm yoki dinga mansub bir shahar jamiyatini qamrab oladi. Ikkinchisi bir qishloq, ovul, yoki bir oiladan iborat bo’lgan to’liqsiz jamiyat.1 Forobiy fikricha “Eng yaxshi fazilat va oliy darajadagi komillikni kichik birligi shahar hisoblanadigan madaniy jamiyat ichidagina qo’lga kiritish mumkin. To’liqsiz jamiyatlar insonni takomillashtirishga qobil emaslar”.2 Jamiyatning vujudga kelishiga doir qarashlar. Jamiyatning vujudga kelishi haqida ajdodlarimiz hayotining arxeologlar topgan va odamlarning ko’plab avlodlari bosib o’tgan murakkab va fojialarga to’la tarixiy yo’ldan dalolat beradigan izlarga qarab xulosa chiqarish mumkin. Shunga qaramay inson va jamiyat kelib chiqishining to’liq manzarasi fanda hanuzgacha yaratilmagan. Jamiyat kelib chiqishining diniy talqini ham, idealistik konsepsiya va materializm (ilmiy dalillar etarli emasligi bois) ham asosli e’tirozlar uyg’otadi. Кant materializmdan inson ruhining tabiatini tushuntiruvchi tamoyil sifatida foydalanish hech qachon mumkin emas, deganida, ma’lum ma’noda haq edi. Ammo, daliliy ma’lumotlar ozligiga qaramay, biz jamiyatning vujudga kelish manzarasini ancha aniq yaratish imkonini beradigan ilmiy dalillarga ishonch bilan qarash lozim, deb hisoblaymiz.
Hozirgi ko’rinishda jamiyat takror ishlab chiqarish, o’zini o’zi boshqarish va o’zini o’zi tashkil etish ichki mexanizmlariga ega bo’lgan tarixan muayyan, yaxlit va barqaror tizim sifatida namoyon bo’ladi. Jamiyat – bu odamlarning shunday bir birlashmasiki, uning yaxlitligi ijtimoiy ishlab chiqarish, ya’ni odamlarning umuman ishlab chiqarish, o’z hayotini quvvatlash va takror ishlab chiqarishga qaratilgan birgalikdagi faoliyati bilan ta’minlanadi. Кeng ma’noda ijtimoiy ishlab chiqarish – ijtimoiy hayotning barcha elementlarini o’z ichiga oluvchi serqirra jarayon. Unga odamlarning ko’payishi; moddiy ishlab chiqarish, ya’ni odamlar hayotini saqlash va quvvatlashning moddiy omillarini yaratish; ma’naviy ishlab chiqarish, ya’ni bilim, tajriba, qadriyatlarni yaratish; odamlarni boshqarish, ular faoliyatining muvofiqligini, jamiyatning yaxlitligi va uyushqoqligini ta’minlash kabilar kiradi. Ijtimoiy ishlab chiqarish –jamoaning ishi. Ayni shu sababli u ijtimoiy hayotning har bir elementiga xos bo’lgan munosabatlar tizimini o’z ichiga oladi. Ularning asosiylari – oila-ro’zg’or, ishlab chiqarish munosabatlari, ijtimoiy, ma’naviy (mafkuraviy), siyosiy munosabatlardir. Ijtimoiy hayot murakkablashuviga qarab jamiyatda tabaqalanish va mehnat taqsimoti kuchayib boradi. Natijada jamiyatning nisbatan mustaqil bo’lgan alohida muhim kichik tizimlari vujudga keladi. Bu kichik tizimlarning har biri butun ijtimoiy organizm uchun muhim bo’lgan funksiyalarni bajaradi. Jamiyatning muhim kichik tizimlari: iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy kichik tizimlardir.