7-mavzu Tarixiy jarayonda jamiyatning madaniy va ma’naviy qadri
Tarixda shaxsning roli.Har bir shaxs - mayyan bir siymodir va ushbu ma’noda tarixda o’zining katta yoki kichik o’rniga ega. Chunki tarixning o’zi ham shaxslarning birligi va o’zaro ta’siri, hayot faoliyatning natijasi o’laroq, qaror topadi.
Odatda tarixiy jarayonda shaxslarning o’rni masalasi to’g’risida gap borsa, buyuk kishilar faoliyati tushuniladi. Shaxslarning buyukligi o’zlari mansub bo’lgan ijtimoiy guruh, el-elat yoki xalqning fikr-o’yini to’la ifodalab, ularning asosiy maqsad-vazifalarini tarixiy jarayon kechishining ob’ektiv mantiqiy talablariga mos amalga oshirishda hal qiluvchi ishlarni bajara olishidadir. Bunday shaxsda dastavval uni o’z orasidan etishtirib chiqargan xalqqa mos sifatlar jaam bo’ladi. Bu sifatlar ularning betakror shaxsiy xususiyatlariga aylanib, ijro etish mumkin bo’lgan yumushlarni kun tartibiga qo’yishda, ularni ro’yobga chiqarishda mislsiz jasorat, ulkan tashkilotchilik va jonbozlik ko’rsatishida namoyon bo’ladi. Buyuk shaxs faoliyatida o’z xalqini saodatli qilish, o’zligini ro’yobga chiqarish, milliy va davlat mustaqilligini himoya qilish, ilg’or xalqlar darajasiga ko’tarish hamda bularning natijalari o’laroq insoniyat yalpi ilgarilama harakatiga baholi qudrat ko’mak berish belgilovchi o’rin egallaydi.
Buyuk shaxslik xususiyati o’zbek xalqi tarixida mo’g’ul bosqinchilari avlodlari qo’lidan hokimiyatni tortib olib milliy davlatchilikni tiklabgina qolmay uni jahon miqyosida ravnaq toptirgan buyuk Amir Temur misolida ko’rishimiz mumkin. Uning markazlashgan qudratli davlatida ijtimoiy hayotning barcha sohalari keng rivojlandi. Uning o’z davvlati manfaatlarini ko’zlab olib borgan urushlari slavyan xalqlari va G’arbiy Evropa xalqlarining ijtimoiy taraqqiyoti tezlashuviga ham ko’mak berdi. Buni, o’tmishda bo’lganidek, hozirgi ingliz, fransuz, italyan va boshqa xalqlar tarixchilari ham to’g’ri e’tirof etadilar. Bu mamlakatlarda ulug’ Amir Temur haqida xolis ilmiy tadqiqotlardan tashqari boy badiiy adabiyot ham yaratilgan. Amir Temur jahon rivojlanishining keyingi taraqqiyotiga ham katta hissa qo’shgan buyuk shaxsdir.
Temuriylar shajarasidagi ko’pgina g’ukumdorlar, xususan, Mirzo Ulug’bek, Shohruh, Husayn Boyqaro Zahriddin Bobur o’zbek xalqining tarixida katta o’rin tutgan shaxslardir. Boburning Movarounnahrdan Hindistonga borib, turli xaoq, turli din va tillar sharoitida markazlashgan davlat tuzib, bu mamlakat tarixida salmoqli ishlar qilganligiga Hindistonning mashhur siyosiy va davlat arbobi Neru juda katta baho bergan.