Sog’liq qadriyat sifatida. Inson sog’lig’i - qadriyatlar pillapoyasida eng yuksak pog’onalaradan birini egallaydigan tabiiy, mutlaq va boqiy qadriyat. Insonning barcha ehtiyojlarini qondirish darajasi uning sog’lig’i qay darajada ekanligi bilan belgilanadi. Sog’liqqa bo’lgan ehtiyoj yalpi xususiyat kasb etadi, u ayrim individlarga ham, butun jamiyatga ham xos. Shu sababli individual (shaxsiy) sog’liq va jamiyat sog’lig’i yoki aholi salomatligi farqlanadi.
Erkinlik qadriyat sifatida inson uchun ulkan ahamiyatga ega. Bu kategoriyaning falsafiy talqini quyidagi ta’rifda o’zining ayniqsa aniq ifodasini topgan: erkinlik – bu insonning ob’ektiv zaruriyatni bilishga tayangan holda o’z manfaatlari va maqsadlariga muvofiq ish ko’rish qobiliyatidir.
Erkinlik doim va hamma joyda eng buyuk qadriyat hisoblanadi. Boshqa hollarda bo’lganidek, erkinlik uni inson anglagan taqdirdagina qadriyatga aylanadi. Erkinlikning qimmati anglab etilmagan, inson o’zini boshqa odamlar bilan teng jonzot sifatida idrok etmagan joyda o’ziga qadriyat sifatida yondashish ham, insonning qadr-qimmati ham mavjud bo’lmaydi. O’zining erksizligini tushunish va erkinlikning qimmatini anglab etish tub ijtimoiy o’zgarishlar davrida ayniqsa bo’rtib namoyon bo’ladi.
Shunday qilib, biz ko’p sonli rang-barang qadriyatlar mavjudligini aniqladik va ularni tasniflashni amalga oshirdik. Endi barcha real qadriyatlar inson ongining omiliga aylanadimi, degan savolga javob topishimiz lozim.
Yo’q, hamma qadriyatlar ham amalda inson ongining omiliga aylanavermaydi. Ba’zan bu insonning o’ziga bog’liq bo’lgan ob’ektiv sabablarga ko’ra yuz beradi. Individ tomonidan anglab etiladigan va uning e’tiqodlari qatoridan o’rin oladigan qadriyatlar uning harakatlari tarzini belgilovchi mo’ljallarga aylanadi. Boshqacha aytganda, anglab etilgan qadriyatlar shaxsning qadriyatlarga bo’lgan munosabatiga aylanadi.