7-mavzu Tarixiy jarayonda jamiyatning madaniy va ma’naviy qadri
Qadriyatlarning turlari. Shaxs va jamiyat ehtiyojlari va manfaatlarining rang-barangligi qadriyatlarning murakkab tizimida o’z aksini topadi. Bu qadriyatlar turli asoslarga ko’ra tasniflanadi.
Mazmun jihatidan jamiyatning kichik tizimlari haqidagi tasavvurlarga mos keluvchi qadriyatlar, chunonchi: moddiy (iqtisodiy), siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy qadriyatlar farqlanadi. Кichik tizimlarning har biri o’z tasnifini nazarda tutuvchi tarkibiy qismlarga bo’linadi. Masalan, moddiy qadriyatlar ishlab chiqarish-iste’molga doir (utilitar) qadriyatlarni, mulkiy, maishiy munosabatlar bilan bog’liq qadriyatlarni o’z ichiga oladi. Ma’naviy qadriyatlar axloqiy, ma’rifiy, estetik, diniy g’oyalar, tasavvurlar va bilimlarni o’z ichiga oladi.
Mavjudlik shakliga ko’ra moddiy va ideal (ma’naviy) qadriyatlar farqlanadi. Ijtimoiy hayotning asosiy sohalariga muvofiq odatda qadriyatlarning uch guruhi farqlanadi: moddiy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar va ma’naviy qadriyatlar.
Moddiy qadriyatlar – bu qadriyat ahamiyatiga molik bo’lgan tabiiy ob’ektlar va predmetlar, ya’ni mehnat vositalari va bevosita iste’mol buyumlaridir. Tabiiy qadriyatlar qatoriga tabiiy boyliklarda mujassamlashgan tabiiy ne’matlar kiradi. Moddiy qadriyatlar jumlasiga inson mehnati natijasida yaratilgan moddiy dunyo predmetlari, shuningdek o’tmish madaniy merosi predmetlari kiradi. Moddiy qadriyatlar – bu tabiiy ne’matlar, mehnat mahsullarining iste’mol qiymati, ijtimoiy hodisalarda mujassamlashgan ijtimoiy ne’matlar, tarixiy voqealar, madaniy meros, axloqiy ezgulik, go’zalik mezonlarigani qanoatlantiruvchi estetik hodisalar, diniy ibodat predmetlari yoki o’zining muayyan ramziy ifodasini topgan diniy g’oyalar va sh.k. Moddiy qadriyatlar ongda emas, balki odamlar hayot faoliyatida amal qiluvchi muayyan narsalar, hodisalar dunyosida mavjud bo’ladi.
Ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar – bu ijtimoiy va siyosiy hodisalar, voqealar, siyosiy aktlar va harakatlarning qadriyat sifatidagi ahamiyatidir. Ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar qatoriga, odatda, siyosiy va ijtimoiy harakatlarda mujassamlashgan ijtimoiy imtiyozlar, shuningdek jamiyatning ravnaq topishi, xalqlar o’rtasida tinchlik va hamkorlikning mustahkamlanishiga ko’maklashuvchi tarixiy voqealarning progressiv ahamiyati kiradi.
Ma’naviy qadriyatlar – bu ijtimoiy ong hodisalarining tegishli shakllarda namoyon bo’lgan me’yoriy-nisbiy tomoni. Fan, axloq, san’at, falsafa, huquq qadriyatlarini ma’naviy qadriyatlar deb hisoblash odat tusini olgan.
Ma’naviy qadriyatlar qatoriga baxt-saodat, yaxshilik va yomonlik, go’zallik va xunuklik, adolat va adolatsizlik, huquqiylik va nohuquqiylik, tarixning mazmuni va insonning vazifasi va hokazolar haqidagi me’yoriy tasavvurlar ko’rinishida ifodalangan ijtimoiy ideallar, mo’ljallar va baholar, me’yorlar va taqiqlar, harakat prinsiplari kiradi. Moddiy qadriyatlar inson ehtiyojlari va manfaatlari ob’ektlari sifatida amal qilsa, ma’naviy qadriyatlar ikki xil funksiyani bajaradi: ular qadriyatlarning mustaqil sohasi va moddiy qadriyatlarni baholash asosi, mezonidir.