Nazorat uchun savollar:
1.Ochiq zovurlarning asosiy afzallik va kamchiliklari nimalardan iborat?
2.Muvaqqat zovurlarning meliorativ ahamiyati nimada?
3.Yopiq zovurlarning afzallik va kamchiliklarini ayting.
4.Tik zovurlarning afzallik va kamchiliklarini ta’riflang.
29-Modul: Tuproq eroziyasi, sel oqimi ҳamda ularni oldini olish va qarshi kurash tadbirlari
Reja:
1. O’zbekistonda erroziyaga uchragan tuproqlar va ularning tarqalishi
2. Erroziya turlari (Suv, shamol va irrigasiya erroziyalari)
3. Tuproq erroziyasini oldini olish va qarshi kurash tadbirlari
4. Sel oqimi tarqalgan mintaqalar, Selning vujudga kelish sabablari. Sel oqimini odini olish va qarshi kurash choralari
Tayanch tushunchalar:tuproq eroziyasi, suv eroziyasi, shamol eroziyasi, sug’orish eroziyasi, yuza eroziya, jarlanish eroziyasi, geologik eroziya, tezlashgan eroziya, sel oqimi, agro-o’rmon meliorativ tadbirlar, gidrotexnikaviy tadbirlar.
Adabiyotlar: 1, 2, 3,8, 9, 10, 11
1. Suv yoki shamol harakati tasirida tuproq qatlamining yemirilishiga tuproq eroziyasi deyiladi. Eroziya 3 turga bo’linadi: suv, shamol va irrigasiya eroziyasi.
Eroziya (lotincha - o’yilish, yemirilish) suv va shamol ta’sirida tuproqning yemirilish jarayonidir. Tuproq ning suv ta’sirida yemirilishiga suv eroziyasi shamol ta’sirida yemirilib, uchirilib ketishiga esa shamol eroziyasi yoki deflyasiyasi deyiladi. Suv eroziyasi ham ikkiga: yuza eroziya va jarlanish eroziyasiga bo’linadi.
Shuningdek, oqar suvlarning ta’siriga qarab: a) yuza oqar suvlar (qor va yomg’ir suvlari) ta’sirida ro’y beradigan eroziya; b) sug’orish suvlari natijasida yuzaga keladigan irrigasion eroziyaga ajratiladi. Yuza eroziya (yoppasiga yuvilish) ko’proq tarqalgan bo’lib, tuproqning yuqori qatlamlari yonbag’irlar bo’ylab oqadigan suvlar ta’sirida yuvilib vujudga keladi. Oqar suvlar ta’sirida tuproq qatlami qalinligi kamayadi, uning unumdor qismidagi, turli o’lchamdagi zarrachalar bilan birga oziq moddalar ham yuvilib, nishabligi kam va tekis maydonlarga olib borib yotqiziladi. Yuvilgan joylarda ekinlar hosili keskin kamayadi, yuvilib keltirilgan yotqiziqli yerlarda esa o’simlik g’ovlab o’sadi va hosil pishib yetilmaydi hamda hosil nisbatan kam bo’ladi.
Jarlanish eroziyasida esa yonbag’irlardan kelayotgan kuchli suv oqimlari ta’sirida tuproq ning chuqur, o’yilib yuvilishi sodir bo’ladi. Bu jarayon bir necha bosqichda kechadi: dastlab uncha katta bo’lmagan (20-25 sm) chuqurliklar hosil bo’ladi va ular kengayib 0,3-0,5 metrdan 1,0-1,5 metrgacha yetadi, keyinchalik bu jarayon rivojlanib jarliklarga aylanadi. Uzunasiga ro’y beradigan eroziya tuproqlarni to’liq ravishda yemirib yuboradi. Jarliklar hosil bo’lgan maydonlar qishloq xo’jaligi uchun mutlaqo yaroqsiz holga keladi. Jarlanish eroziyasining rivojlanish jadalligi (1 kv kilometr maydondagi jarliklarning uzunligi km hisobida) darajasi quyidagi gradasiyalar bilan baholanadi:
a) kuchsiz jarliklar - 0,25 km dan kam;
b)o’rtacha-25-0,50km;
v)kuchli - 0,50-0,75 km; g) juda kuchli - 0,75 km dan ko’p.
Tog’li o’lkalarda oddiy suv eroziyasi bilan birga sel oqimlari ta’siridagi tuproq yuvilishi ham keng tarqalgan. Rivojlanish tezligiga qarab geologik va tezlashgan eroziya turlari ajratiladi: Geologik eroziya - o’simliklar bilan qoplangan tuproq yuzasidan zarrachalarning asta-sekin yuvilish jarayoni bo’lib, bunda tuproq paydo bo’lishi davomida, yuvilgan tuproq qatlamlari qayta tiklanadi. Tezlashgan eroziya - insonlar faoliyati bilan bog’lik bo’lib, tuproq yuzasidagi o’simliklar yo’qotilib yuborilganda va yerdan noto’g’ri foydalanilganda yuzaga keladi. Bunda eroziya jadalliga keskin kuchayib, yo’qotilgan tuproq qatlamlari qayta tiklanmaydi. Tezlashgan eroziya jadalligi quyidagi gradasiya asosida baxolanadi, (Zaslavskiy bo’yicha, 1983 ): Yuza eroziyalangan yerlar uchun: juda kuchsiz yuvilish - o’rtacha yillik yuvilish mikdori - 0,5 t/ga; kuchsiz yuvilish - 0,5-1,0 t/ga; o’rtacha yuvilish - 1,0-5,0 t/ga; kuchli yuvilish - 5,0-10,0 t/ga; juda kuchli yuvilish - > 10 t/ga. Uzunasiga yuvilgan maydonlar uchun: jadalligi kuchsiz (jarlarning o’rtacha yillik o’sishi) - 0,5 m; jadalligi o’rtacha - 0,5-1,0 m; jadalligi kuchli - 1,0-2,0 m; jadalligi juda quchli- 2,0-5,0 m; jadalligi nixryatda kuchli - > 5,0 m. Tuproqshunoslik institutida ishlab chiqilgan tasnif (1977y) ga ko’ra suv eroziyasiga uchragan tuproq lar quyidagi guruxlarga ajratiladi: a) Kam yuvilgan - tuprog’i 10 sm gacha, ya’ni gumusli
gorizontning to’rtdan bir qismi yuvilgan, b) O’rtacha yuvilgan - tuprog’i 10-20 sm gacha, ya’ni gumusli gorizontning deyarli yarmi yuvilgan, v) Kuchli yuvilgan - dastlabki gumusli gorizont to’liq va karbonatli V gorizontning bir qismi yuvilgan. Yuvilish darajasidan tashqari tuproqlardan yuvib keltirilgan va yotqizilgan eroziya mahsulotlarining qalinligiga ko’ra, quyidagilarga bo’linadi:
a) Kam yotqizilgan - 20 sm gacha,
b) O’rtacha yotqizilgan - 20-40 sm gacha,
v) Kuchli yotqizilgan - 40 sm dan ortiq.
Shamol eroziyasiga uchragan tuproqlar quyidagi gradasiyalar asosida ajratiladi:
a) Kam uchirib ketilgan - gumusli qatlamning to’rtdan bir qismi uchirib ketilgan;
b) O’rtacha - deyarli yarmi uchirib ketilgan;
v) Kuchli - to’rtdan uch qismi;
g) Juda kuchli - gumusli gorizont to’liq uchirib ketilgan.
Eroziyaning asosiy sababi yerdan noto’g’ri foydalanish va eroziyaga moyil yerlarda o’simlik qoplamining yo’qotib yuborilishidir. Shuning uchun eroziya rivojlanishining sosial-iktisodiy va tabiiy sharoitlari ajratiladi. Olib boriladigan deqqonchilik, yaylovlarda mol boqish, o’rmonlardan noto’g’ri foydalanish natijasida o’simlik va tuproq qoplamiga katta ta’sir ko’rsatiladi hamda eroziya jarayonlari kuchayadi. Yerdan noto’g’ri foydalanilayotganda eroziyaning kuchayishiga ta’sir etuvchi tabiiy jarayonlar jumlasiga: hududning iqlimi, relyefi va geologik tuzilishi singarilar kiradi. Iqlim sharoitlaridan, ayniqsa, uzoq davom etadigan jala tarzidagi kuchli yog’inlarning eroziyaga ta’siri katta. Shamol eroziyasining intensivligiga yog’inlar mikdori, uning mavsumiyligi va xarakteri, harorat va shamol rejimlari ta’sir etadi. Relyef sharoitlari suv eroziyasining rivojlanishiga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Bunda eroziya bazisining chuqurligi, yer nishabligi, qiyaliklarning shakli va holati singarilarga bog’liq holda eroziya tezligi turlicha bo’ladi. Joyning nishabligi 1,5-2 bo’lganda eroziyalanish ehtimoli paydo bo’ladi. 3° va undan ortiq qiyaliklarda eroziya sezilarli rivojlanadi va yonbag’irlarning qiyaligi oshib borishi bilan eroziya intensivligi kuchayib boradi. O’rta Osiyoning bo’z tuproqlari sharoitida yonbag’irlarning nishabligiga qarab eroziya rivojlanishining quyidagi gradasiyalari ajratiladi:
1 gacha nishablikda - eroziya kuzatilmaydi yoki juda kuchsiz bo’ladi;
1 -3 ° nishablikda qaydalma yerlarda eroziya intensivligi kam yoki o’rtacha;
3-5° nishablikda qaydaladigan maydonlarda eroziya intensivligi o’rtacha va kuchli;
5-10° nishablikda bo’lgan sharoitda eroziya intensivligi juda yuqori bo’ladi. Yer nishabligiga qarab, tuproq ning yuvilish mikdori ham har xil: qiyalik 2- 2,5° da har gektar yerdan 4,5 m3 gacha tuproq yuviladigan bo’lsa, 4-6° da uning hajmi 37 m3 ni tashkil etadi. Joyning geologik tuzilishining eroziyaga ta’siri tog’ jinslarining yuvilishiga va deflyasiyaga chidamliligi bilan aniqlanadi. Jumladan lyoss va lyossimon jinslar oson yuvilib, jarliklar hosil qiladi. Morena qumoqlari yuvilishga ancha chidamli, qadimgi flyuvioglyasial-delyuvial jinslar suvni yaxshi o’tkazganligidan, suv eroziyasiga ancha chidamli, ammo deflyasiya oson kechadi. Ayniqsa 30-50 sm chuqurliklarda joylashgan va usti g’ovak yotqiziqlar bilan qoplangan zich jinslar eroziya uchun xavfli. Tuproq sharoitlari ham eroziyaning borishida muhim rol o’ynaydi. Tuproqning suv o’tkazuvchanligi, mexanik tarkibi, strukturaviy holati, gumusli gorizontning qalinligi, zichligi, uning namligi, eroziyalanish jarayonlarining intensivligiga turlicha ta’sir etadi. Tuproqni eroziyadan saqlashda o’simliklar qoplamining ahamiyati juda katta. Tuproq yuzasida o’simliklar qanchalik yaxshi rivojlansa, eroziya shuncha kam bo’ladi.
2. Tuproq eroziyasining oldini olish va unga qarshi kurashish uchun eroziyaga sabab bo’luvchi faktorlarni bartaraf qilish va unga qarshi tadbirlar qo’llash kerak. Buning uchun tashkiliy-xo’jalik, agrotexnik, o’rmon-texnika va gidrotexnika tadbirlar tizimini reja asosida amalga oshirish kerak. Tashkiliy-xo’jalik tadbirlari eroziyaga qarshi kurashning asoslangan rejalarini tuzish va uni amalda bajarishga qaratilgan bo’ladi. Unda alohida maydonlarning eroziyalanish darajasini aks ettiradigan tuproq xaritasi va kartogrammalarini tuzish muhim rol o’ynaydi. Bu materiallar asosida xo’jalikning yo’nalishi, ixtisoslashuvi belgilanib, muayyan xududlarda eroziyaga qarshi kurashning aniq rejalari tuziladi. Agrotexnika tadbirlari - tuproqlarni eroziyadan himoyalash imkonini beradigan ko’p yillik o’tlar va bir yillik ekinlardan foydalanish, yerni ishlashning maqbul usulini qo’llash, qor to’plash va qor suvlari oqimini tartibga solishning maxsus tadbirlaridan foydalanish, shuningdek, tuproq unumdorligini oshirishning agrokimyoviy vositalaridan foydalanish singarilardan tashkil topgan. Ekin ekiladigan maydonlarda quyidagi tadbirlarni qo’llash juda muhim: almashlab ekishni joriy qilish, ko’kat-sideratlarni ekish, organik o’g’itlar solish, tuproqni chuqur qilib shudgorlash, yerni qiyalikka ko’ndalang va ag’darmasdan haydash, qor tutgichlar o’rnatish va boshqalar. Sug’orilmaydigan yerlarda o’simliklar qiyalikka ko’ndalang kilib ekiladi, shuningdek, tuproqqa ham ko’ndalanggiga ishlov beriladi. Sug’oriladigan yerlarda esa ekin ekayotganda ham , tuproqqa ishlov berayotganda ham gorizontal chiziqqa nisbatan muayyan burchak hosil qilish ma’quldir. Tuproq yuvilib ketmasligi uchun sug’orish vaqtida sug’orish texnikasi elementlarini to’g’ri rostlab turish lozim. Tuproq eroziyasining oldini olish va unga qarshi kurashish uchun yonbag’irlarga daraxt o’tkazishning ham katta ahamiyati bor. O’rmon-ihota daraxtzorlari shamolni yumshatadi, tuproq va o’simlik bargidan nam bug’lanishini kamaytiradi, qor va suv oqimini ushlab turadi, havoning nisbiy namligini oshiradi. Tuproq eroziyasiga qarshi kurashishdagi muhim tadbirlardan biri yonbag’irlarni pag’onalarga (terrassalarga) bo’lib chiqishdir. Kiyaliklar pag’onalarga bo’lib chiqilsa, u yerda qor yaxshi saqlanadi, erishi sekin bo’ladi, suvning oqish kuchi sekinlashib, tuproqni yuvib ketaolmaydi. Pag’onalarga bo’lingan yonbag’irlarda ixota daraxtzorlari, mevali daraxtlar yoki tokzorlar barpo qilinadi. Jarliklar yuvilib ketmasligi uchun jar qirg’og’idan 5-10 m masofada yarim aylana shakldagi uvatlar bilan o’rab olinishi kerak. Uvatlar o’t ekib, chetan to’sib yoki tosh terib maqkamlab qo’yiladi.
Shuningdek tepa ariqlar ham barpo etilishi zarur. Tepa arikdan kelayotgan suv jar tuprog’ini yuvib yubormaydigan qdlib ko’yilishi kerak. Buning uchun lotok-novlar va pag’onali shar-sharalardan foydalaniladi. Agar suv bitta tepa ariqqa sig’masa ikkinchi va uchinchilarini ham barpo etish lozim. Bulardan tashqari jar qiyaliklari va etagini mustahkamlash tadbirlaridan ham foydalaniladi, ya’ni o’tli polosalar 80-100 m kenglikda tashkil etilishi lozim.
3. Noto’g’ri sug’orish oqibatida tuproqning ustki qatlamini yemirilishiga irrigasiya eroziyasi deyiladi. O’rta Osiyoning sug’oriladigan dexqonchilik sharoitida tuproqning irrigasion eroziyasi keng tarqalgan bo’lib, u suv eroziyasining bir ko’rinishidir. Nishabligi katta bo’lgan yerlar o’zlashtirilib, dexqonchilikda foydalanilishi natijasida shunday eroziya maydonlari ko’payib bormoqda, bunday yerlar O’zbekistonda taxminan 952 ming gektarni tashkil etadi. Tuproqning irrigasion eroziyasi asosan nishab yerlarda, ekinlarni ko’p suv oqizib sug’orish tufayli, yuzaga keladi. Maydon nishabligi 2-3 bo’lganda tuproq yuzasini suv yuvib keta boshlaydi. O’zbekiston tuproqshunoslarining ma’lumotlariga ko’ra, qiya maydonlarda bir marta egatlab sug’orilganda suv oqizib ketadigan tuproq gektariga 22-50 tonnaga, o’ta qiyaliklarda esa 690 tonnagacha yetadi. Bir yilda har gektardan o’rtacha 100 t tuproq ning yuvilib ketishi 100 kg azot, 115 kg fosforni yo’qolishiga olib keladi. Irrigasion eroziya oqibatida tuproqning suv-fizik, agrokimyoviy va mikrobiologik xossalari keskin yomonlashadi, unumdorligi pasayadi, paxtaning hosildorligi 30-40 % va undan ko’proq kamayadi.
Dostları ilə paylaş: |