www.ziyouz.com kutubxonasi
40
— Men qorong‘u tushguncha kutib o‘tirdim, — dedi angliyalik. — Yulduzlar miltillab chiqa
boshlaganda u paydo bo‘ldi. Men unga nimani qidirayotganimni aytdim. U bo‘lsa
qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirishni uddalay oldingmi, deb so‘radi. Niyatim ham shuni
o‘rganish, deb javob qildim men. U tag‘in urinib ko‘rishimni maslahat berdi. Xuddi
shunday dedi: “Borgin va urinib ko‘rgin”.
Santyago jimib qoldi. Angliyalik shu bir og‘iz, o‘zi ham biladigan gapni eshitish uchun
dunyoni kezib shuncha yo‘l yurganmidi? Shunda o‘zining qo‘ylarini Malkisidqqa tekinga
berganini esladi.
— Urinib ko‘r-da! — dedi u.
— Urinmoqchiman. Hoziroq boshlayman.
Angliyalik ketdi, oradan hayal o‘tmay ko‘za ko‘targan Fotima ko‘rindi.
— Men senga faqat bitta gapni aytgani keldim, — dedi bo‘zbola qizga murojaat qilib. —
Mening qallig‘im bo‘lishingni xohlayman. Men seni sevaman.
Qiz qo‘lidagi ko‘zani tushirib yubordi, suv to‘kildi.
— Men seni shu yerda kutaman. Men xazinani qidirib sahroni kezdim, xazina ehromlar
turgan joyda. Biroq urush boshlanib qoldi. Avval men urushni la’natlagandim. Endi
alqayapman, chunki urush sabab bo‘lib men sening yoningga keldim.
— Urush ham bir kun tugar, — javob qildi qiz.
Santyago xurmo daraxtlariga nazar soldi. Bir paytlar u cho‘pon edi, bu vohada esa
qo‘ylar serob. Fotima hamma xazinalardan-da aziz... Biroq qiz, go‘yo bo‘zbolaning fikr-
o‘ylarini uqqanday, davom etdi:
— Jangchilar xazinani qidirishadi. Sahro ayollari ular bilan g‘ururlanishadi.
Keyin u ko‘zasini suvga liq to‘ldirib, ketdi.
Santyago har kuni quduq oldiga kelardi. U Fotimaga qo‘y boqqanlarini, Malkisidq bilan
qanday uchrashganini, billur sotganlarini gapirib bergan edi. Shu zayl ular inoqlashib
olishdi. Qiz bilan o‘n besh daqiqa suhbatlashgan vaqtni aytmaganda, har bir kun
bo‘zbola uchun bir yilday cho‘zilardi.
Oradan bir oy o‘tgach, Sarbon yo‘lovchilarni jamladi.
— Urush qachon tugashi noma’lum, — dedi u. — Yo‘lni davom ettirolmaymiz. Hali
janglar to‘xtamaydigan ko‘rinadi, bir necha yilga cho‘zilsa ham kerak. Bir-biriga g‘anim
bo‘lgan qabilalarning har qaysisida jasur, kuchli jangchilar bor, har biri o‘z nomusini boy
bermaslik uchun maydonni tashlab ketmaydi. Bu yerda yaxshilar yomonlar bilan
urushayotgani yo‘q, bu yerda hokimiyat uchun jang qilishmoqda, bunday urushlar esa
bir boshlansa uzoq vaqt to‘xtamaydi, zero, Olloh ularga ham, bularga ham madadkor.
Odamlar tarqalishdi. Santyago Fotima bilan uchrashib, unga Sarbonning gaplarini
yetkazdi.
— Uchrashganimizning ertasi kuniyoq, — dedi qiz, — sen menga sevgi izhor qilding.
Keyin esa juda ajoyib narsalar — Umum Tili va Olam Qalbi haqida gapirding — men
asta-sekin sening bir bo‘la-gingga aylanib borayapman.
Santyago uning ovozini eshitib turdi, qizning ovozi xurmo daraxtlari uchidagi barglarning
mayin shitirlashidan-da go‘zal edi.
— Men seni bu quduq oldida qay mahaldan beri kutib turibman. Men o‘zimning o‘tkan
kunlarimni unutdim, urf-odatlarimni ham unutdim, qabilamiz erkaklarining qizlar o‘zini
qanday tutishlari kerakligi haqidagi ko‘rsatmalarini ham. Bolaligimda bir kun kelib sahro
menga, hali hech kimga nasib etmagan ajoyib sovg‘a hadya etadi, deb orzu qilardim.
Mana, men unga erishdim, bu sensan.
Santyago qizning qo‘lidan tutmoqchi bo‘ldi, biroq Fotima ko‘zani qattiq quchoqlab oldi.
— Sen menga ko‘rgan tushlaringni gapirib berding, keksa podshoh Malkisidq haqida,
xazinalar haqida aytding. Endi men hech narsadan qo‘rqmayman, chunki seni menga