www.ziyouz.com kutubxonasi
43
nafu manfaatini ko‘zlaydi.
Jangchilar buguni bilan yashaydilar, zero, kundalik hayot tasodiflarga to‘la, shu bois
ming turli holatlarga diqqatini qaratishi kerak: dushman boshingga qaysi tarafdan turib
qilich solmoqchi, uning ostidagi ot qanday sakraydi, joningni omon saqlash uchun zarbni
qanday qaytarishing lozim.
Ammo tuyakash jangchi emas, shu boisdan ham u sohibkaromatlarga ko‘p murojaat
qildi: ba’zilari bexato aytib bersa, ba’zilaridan tayinli gap chiqmadi. Bir safar ularning
eng keksasi (aynan undan qattiq qo‘rqishardi)tuyakashdan ertangi kunini oldindan
bilmoqdan maqsadi nimaligini so‘radi.
— Nima qilishim kerakligini aniqlab olmoqchiman, — dedi u. — Bilib olsam, yuz
beradigan falokatning oldini olishga urinib ko‘raman.
— U holda bu sening ertangi kuning bo‘lmay qoladi, — javob qildi Sohibkaromat.
— Ehtimol, men boshimga tushadigan ko‘rgulikka tayyorlanarman.
— Agar xayrli voqea ro‘y bersa, bu kutilmagan omad degani, agar xayrsiz, yomon
hodisaga duch keladigan bo‘lsang — uni ancha oldin ko‘ngling sezadi.
— Boshimga nima tushishini oldindan bilishni istayman, chunki men odamman, — dedi
tuyakash. — Odamlarning buguni ularning kelajagi qanday kechishiga bog‘liq.
Sohibkaromat bir muddat sukut saqladi. U chiviqlar bilan fol ochardi — ularni yerga
tashlab, qanday tushganiga qarardi. Shu kuni u fol ko‘rmaslikka qaror qildi. Xivichlarni
dastro‘molga o‘rab, cho‘ntagiga bekitdi.
— Men odamlarga ularni nimalar kutayotganini aytib berib, rizqimni topaman, — dedi u
nihoyat. — Xivichlarni qanday tashlashni bilaman, ularning ko‘magida odamlarning
taqdiri yozib qo‘yilgan boshqa bir o‘lchamdagi olamga kiraman. Kirib olgach, men
o‘tmishni o‘qiyman, allaqachon unutilgan narsalarni ochaman va bugungi kunning
belgilarini tanib olaman. Kelajakni men o‘qimayman, taxminan aytaman, zotan, kelajak
Xudovand inon-ixtiyorida, faqat favqulodda holatlardagina uni namoyon etadi. Buni men
bugungi kun belgilariga qarab aniqlayman. Jamiki sir-asror aynan shu — hozirgi kunda
jam bo‘lgan. Unga lozim darajada e’tibor qaratsang — yaxshilay olasan. Ayni damdagi
ahvolingni yaxshiladingmi, demak, ertangni ham o‘nglay olasan. Kelajak uchun
qayg‘urmasang, buguning bilan yashayver, mayli, har bir kuning Qonunda
buyurilganiday o‘taversin. Biroq bilib qo‘y, Xudovand o‘z bandalari uchun hamisha
qayg‘uradi. Har bir kun mangulikning bir bo‘lakchasi.
Shunda tuyakash Tangri kelajakni ko‘rishga izn beradigan favqulodda holatlar nimani
anglatishini bilgisi keldi.
— Faqat Uning O‘zigina namoyon etadi. Xudovand kelajakni kamdan-kam hollarda
ko‘rsatadi. U bunga ixtiyor etganda, oldindan belgilab qo‘yilgan taqdirni o‘zgartirish
lozimligi sabab bo‘ladi.
“Bu bolaga Xudovand kelajakni namoyon etgan, — o‘yladi shu damda Tuyakash. —
Xudovand uni o‘ziga vositachi etib tanlagan”.
— Qabila boshliqlari oldiga bor, — buyurdi u Santyagoga. — Ularga qo‘shinning bizga
yaqinlashib kelayotganini xabar qil.
— Ular ustimdan kulishadi.
— Yo‘q, kulishmaydi. Ular sahro odamlari, demakki, ular belgilar va alomatlarni e’tiborsiz
qoldirishmaydi.
— U holda hammasi ularning o‘ziga ayon bo‘lgandir.
— Ular bu haqda bosh qotirishmaydi, chunki agar Ollohning irodasi bilan nimanidir
bilishlari lozim esa, kimdir kelib bu haqda aytadi, deb ishonishadi. Avvallari ham ko‘p
marta shunday bo‘lgan. Endi bu xabar bilan sen e’tibor topasan.