www.ziyouz.com kutubxonasi
68
keragi bo‘lur, deb o‘ylab siz bilan birga uni huzurimizga chaqirg‘an edik... — Bu joyda
qushbegi Musulmonqulni to‘xtatdi-da, kuldi, so‘ngra Xudoyorg‘a dedi:
— Otabek ustida ancha mojarolar bo‘lib o‘tdi. Buning hikoyasi uzun, alhol
mingboshining ra’ylarini eshitaylik... davom qilingizchi.
— Otabek o‘zingiz bilan birgami? — deb so‘radi Mu-sulmonqul, birgalik javobini olib,
tamom xotirjam’ bo‘lg‘an holda davom etdi: — Yuqorida aytkanimdek minba’d tadbir
yo‘li bilan Azizbekni yo‘qotishdan boshqa choramiz yo‘qdir. Bizning bu keyingi rejamiz
yo‘lida ish beradirgan kishi bo‘lsa ul ham menga qolsa shu Otabek bo‘lur. Chunki
boshqalarg‘a qarag‘anda uning Toshkand borishi va Azizbekning yaqin odami-ning o‘g‘li
bo‘lg‘ani uchun uning bilan aloqada bo‘lishi, zahar berish va yo boshqacha bir yo‘l bilan
uni oradan ko‘tara olishi, unga eng qulay bir ishdir. Og‘riqning tuzalasi kelsa emchi o‘z
oyog‘i bilan kelur, deganlaridek, Otabekni Marg‘ilonda bo‘lish xabarini eshitib xon bilan
men juda quvonishdiq... mana sizni chaqirishdan bo‘lg‘an maqsadimiz shudir. Yana
sizning bu haqdag‘i ra’yingiz nima bo‘lsa eshitamiz.
Musulmonqulning bu so‘zlariga O‘tabboy qushbegi tamom ishong‘an, ammo Xudoyor
ersa uning ilgarigi maqsadini yaxshi bilganlikdan bu so‘ngg‘i gaplar bilan nihoyatda
taraddudga tushkan edi. To‘g‘risi ham Musul-monqulning bu keyingi gapi kishini
mutaraddid qilmay qo‘ymas edi. — Bu fikringiz menimcha ham ma’qul, — dedi qushbegi, — ammo bunda bir gap bor,
ul ham: Otabek bu vazifani o‘z bo‘yniga oladimi, yo‘qmi masalasidir. Chunki Otabekning
Azizbek tarafdori bo‘lg‘anlig‘iga shu o‘rtada o‘zim tegshirgan bir ish meni shubhaga
tushuradir. Shundog‘ki, mundan yigirma besh kunlar ilgari, qo‘rboshimning xabar berishi
bilan Azizbek tarafidan Marg‘ilonda to‘polon chiqarg‘ali kelgandir, deb o‘ylab, yonidag‘i
bir necha kishilari bilan zindonga soldirdim. Uning Yusufbek hojining o‘g‘li bo‘lishi ham
o‘sha mulohazamning to‘g‘rilig‘iga meni ishontirar edi. Yana qo‘rboshig‘a Otabek ustidan
shikoyat qilg‘uchining shahodati bilan bu shubhamga ishonib, mundan besh kun ilgari
Otabek bilan uning qayin otasi Mirzakarim degan marg‘ilonlikni o‘lim jazosiga hukm
qildim. Gunoh-korlarni dor ostig‘a olib ketkanlariga bir muncha fursat o‘tkan edi,
mahkamaga bir xotin hozir bo‘lib, qo‘limga bir maktub berdi. O‘qub qarasam, Azizbek
Toshkandda Qo‘qong‘a qarshi isyon chiqarmog‘i bo‘lib yurgan fursatda Yusufbek hoji
tomonidan o‘g‘li Otabekka yozilg‘an bir maktub bo‘lib manim qo‘l, oyog‘imni
bo‘shashdirdi. Chunki bu maktub Yusufbek hojining Azizbekka tamomdan qarshi bir kishi
bo‘lg‘anlig‘ini onglatar edi. Gunohkorlarni dor ostidan qaytarishg‘a majbur bo‘ldim. Men
faqat shu maktub dalolatiga bovar qilib, gunohkor-larni bo‘shata bermay, qo‘limdan
kelgancha yana tekshirib tergadim. Otabekning so‘zlari kishini tamom ishontirarliq
darajada maktubga muvofiq edi. Shundog‘ bo‘lsa ham faqat Mirzakarimni ozod qilib,
keyingi tergashlar tamom bo‘lg‘unchaliq Otabekni kafilga berdim. O‘zining biror adovati
uchun bunday gaplarni qo‘zg‘atib yurgan bo‘lmasin, deb haligi menga shahodat berganni
ushlab Otabek va boshqalar bilan yuzlashdirmoqchi bo‘lganimda nima sababdandir ul
qochdi. Shu kungacha uni topib bo‘lmadi. Muning qochishi garchi bu shahodatning birar
adovat yuzasidan bo‘lg‘an si’oyat ekanini onglatar edi ersa ham men yana hanuz
Otabekni kafolatda saqlar edimki, janobi oliydan bu xabar yetdi. Darhol Otabekni
yigitlardan o‘ratib saodatxonai shahanshohiga jo‘nadim. Otabekning Marg‘ilon mojarosi
shundan iborat bo‘lib, manimcha Otabek ustida hali shunday tergovlar borayotqan bir
vaqtda unga bundog‘ javobgarlik vazifani topshirish qalay bo‘larikin, deyman...
Musulmonquldek makkor tulkining o‘ylag‘anlarini qushbegining to‘g‘ri so‘zlari ost-ust
qilib, uning O‘tabboy to‘g‘risidag‘i sui zanlari bir muncha ozayib tushdi. Ammo
Musulmonqulning ikki kishi ustiga yo‘nalgan qahru g‘azabi o‘zining borliq dahshati bilan