www.ziyouz.com kutubxonasi
71
xalqi Azizbekning hiylasiga aldanib, bizga yog‘iyliq qilg‘ani uchun pushaymon va uning zulmidan qutilg‘ani vajdan xursanddir. Men Yusufbek hojining bunchalik katta xizmati evaziga xon hazratidan ulug‘ bir martaba olib berishka va’da bergan edim. Ul bunga qarshi uzr aytib, Toshkandga insoflik bir bek belgulansa, manim uchun kifoya, dedi. Uning xon janobidan kutkan bir marhamati bor ekankim, shu yaqinda savdo bila Marg‘ilonda yurgan yolg‘iz o‘g‘lini nomalum bir sabab ila O‘tabboy qushbegining qamag‘anlig‘ini eshitibdir. Uning bu xizmatini birar mukofotka arzigulik ko‘rsalar, o‘shal qamoqda bo‘lg‘an o‘g‘lini ozod etmas uchun xon hazratlarining iladirg‘an inoyatlari har bir narsadan ham unga azizroq bir mukofot bo‘lur. Faqat qulingizcha ham Yusufbek hojining davlatimiz ustiga qo‘yg‘an bu minnati kichkina gap emasdir. Binoan alayhi uning o‘g‘li garchi o‘lim jazosig‘a sazovor bo‘lsa ham, marhamati shohonaning jo‘shg‘a keltirilishi biz navqarlariga ham muvofiq ko‘riladir. Vaqtincha Toshkand bekligiga Qo‘shdodqoni belgulab, yoniga bir muncha sipohlar berdim. O‘zim Azizbekni olib tezda xizmatlariga yursam kerak, Normuhammad qushbegi, muhr”. Musulmonqul maktubni tugatdi-da, uyatsiz ravishda Otabekka qarab iljaydi va
hudaychiga buyurdi.
— Ikkita zarrin to‘n keltir!
Otabekning mo‘jiza qabilidan so‘ng daqiqalarida ikkinchi qayta qutilishni ko‘rgan
O‘tabboy qushbegi beixtiyor yoqasini ushladi. Xudoyorxon ham yirtqich qayinotasining
changalidan qutilg‘anini tabrik qil-g‘andek Otabekka kulib boqdi.
Musulmonqul oqsoqlanib, o‘z qo‘li bilan Otabekka zarrin to‘n kiyguzar ekan:
— Otangizning katta xizmati soyasida o‘limdan qutilg‘aningizdek zarrin to‘nliq ham
bo‘ldingiz, — deb yana bir qayta uyatsizlandi.
Tag‘in bir necha kun turib qaytmoq uchun Otabek Marg‘ilong‘a, Hasanali ota Yusufbek
hojini tinchitish uchun Toshkandga jo‘nadilar.