Birinchi bo‘limining so‘ngg‘i U Z R Ro‘mon deb sizga taqdim qilingan bu narsa dunyog‘a kelishi bilanoq baxtsizlikka uchray boshlag‘an edi: besh yillab bosila olmay yotdi. Nihoyat, bu kun bosilishi muyassar bo‘lg‘anida ham turlik zarbalarga uchradi; imlosi uch-to‘rtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib (!) ajoyib bir quroq holiga keldi, musahhihlarimizning musohalalari orqasida texnika jihati ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bir yo‘sunda chiqdi. Bularning sababi bosilish chog‘ida o‘zimning hozir bo‘la olmag‘anlig‘im bo‘ldi. Ammo bu o‘rinda o‘zimning jaholatim to‘g‘risida aytib turishni lozim ko‘rmayman-da, faqat o‘qug‘uchilarning afvularini so‘rayman. Ro‘monning ikkinchi bo‘limini bunday xatolardan sof bo‘la olishig‘a va’da bera olmasam-da, ammo bosilish taqdiri noshir qo‘lida bo‘lg‘anlig‘ini bildirib qo‘yaman.