www.ziyouz.com kutubxonasi
70
Xudoyor Musulmonqulg‘a qaradi. Musulmonqul ersa Otabekni jallodga topshirish
uchun o‘nglang‘an tilini qisishg‘a majbur bo‘ldi. — Kirsin! — dedi va o‘zidan amr kutib
turgan jallodlarga: — Bir ozdan so‘ng, — dedi, chiqib turmoqqa ishorat qildi. Negaki,
choparning Toshkanddan bo‘lishi bu hukmda bir oz shoshmasliqni istar, chopar vositasi
bilan ham bu hukm ehtimol haqlik bir hukm bo‘lib chiqar va Musulmonqul ham loaqal o‘z
umrida bir martaba bo‘lsa-da, o‘rinliq qon to‘kkan bo‘lar edi.
Otabek garangsigansumon devorga suyangan, mundagi allaqanday ma’nolarni
onglatqan taxt, toj, xon, bek kabi lash-lushlar uning ko‘z o‘ngida qora pullik qadru
qiymatsiz... To‘g‘risi ul ajib bir tabi’atka kirgan, uning vujudi quruq va hissiz... Yo‘q, ul
sezsa-da, bilsa-da, go‘yo oyog‘, qo‘li bog‘lanib bo‘g‘izlanishga hozir-langan bir qo‘y kabi
qayralayotgan pichoqqa butunlay parvosiz, qo‘rquvsiz tomosha qilar edi. Bu turmish, bu
hokimiyat, cheki ko‘rinmagan bu qorong‘iliq... uning uchur sira qiziqarliq emaslar: ul
yo‘q edi — tinch edi, ul keldi — tinchimadi, ul yana yo‘q bo‘lsa ehtimol yana tinchir edi.
Mana shuning uchun ham ul bezraygan edi. Faqat... faqat shu turmishdagi biravgina
uning ko‘nglidan tezroq yuvilmas va yuvilishi ham qiyindek... Nihoyat, bundan ham
qutilg‘andek bo‘ldi. Ammo... ammo so‘ng nafasida uning bilan vido’lashsa, bo‘g‘zig‘a
xanjar botar ekan, uning yuziga qarabqina ko‘zi nursiz-lansa... Uning hamma orzusi shu
edi hozir.
Hudaychi choparni boshlab kirdi. Chopar nomani tiz bukib Xudoyorg‘a topshirg‘ach,
orqasiga qaytib, ko‘zini devordagi bezrayganga tashlamasunmi... Ul o‘zining xon
huzurida bo‘lg‘anini ham unutdi-da, o‘zini Otabek ustiga tashladi, Toshkand choparining
bu kutilmagan harakati xonni, Musulmonqulni, qushbegi ham hudaychini va ol-ding‘i
zolda o‘lturgan a’yonni bir hayratda qoldirg‘an edi. Otabekning tasallo berishi bilan
Hasanali undan qo‘l tortdi ersada, biroq undan hayajon, yig‘i hali arimagan edi.
— Adab! — deb qichqirdi Musulmonqul, so‘ngra o‘ziga qarab qo‘l bog‘lag‘an
Hasanalidan so‘radi, — sen kimning chopari?
— Normuhammad qushbegining.
— Qayerdan?
— Toshkanddan, taqsir.
Musulmonqul taajjub ichida o‘ziga Xudoyor tomo-nidan uzatilg‘an nomani oldi. Ochib
kishi eshitarlik qilib o‘qudi:
«Yosh xonimizg‘a va padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir huzurlariga. Yosh shohimizning baxt va tole’lari ruhsiz tanlarimizga qayta boshdan ruh, ma’yus ko‘ngillarimizga qaytib chiqmasliq umid bag‘ishladi. Faqir qullari mundan to‘rt kunlar ilgari Toshkanddan sipohlar bilan umidsiz qaytishga majbur bo‘lib, ul to‘g‘rida huzurlariga xabar ham yuborg‘an edim. Shu holda biz sipohlar bilan Kirovchi yaqinig‘a yetkan ham edik, orqamizdan bir chopar Toshkandda Azizbekka qarshi isyon boshlang‘anini, bizni ko‘mak uchun Yusufbek hoji-ning Toshkandga chaqirg‘anlig‘ini so‘zlab, uning ismidan bir maktub berdi. Men darhol sipohlarni Toshkand qaytishga buyurdim-da, xabar olg‘ani ikkinchi kuni Toshkandga yetdim. Biz Toshkandga kirganda Yusufbek hoji boshliq olomon Azizbekni o‘rda ichiga qamab yotar ekanlar. Olomon, ayniqsa, Yusufbek hoji bizni juda yaxshi qarshiladilar. Biz borg‘andan keyin o‘rdaga bosib kirdik-da, Azizbekni ushlab oldiq. Boshda men Yusufbek hojini balki, Toshkand bekligi uchun ta’malanur deb o‘ylag‘an edim. Ammo uning butun o‘rda va xazina, ashyo va yaroq-larini manim qo‘limg‘a topshirishi bu fikrimni bo‘shka chiqardi. Yusufbek hoji nihoyatda ta’masiz, xalq manfaatini kuzatkuchi bir odam ekan. Binoan alayhi uning to‘risidag‘i bizning sui zanlarimiz xato bo‘lib chiqadir. Uning Azizbekka qarshi xalqni oyoqlandirishi ham bizning Toshkanddan jo‘nashimizning ikkinchi kuni Azizbekning nechog‘liq siqilg‘an xalq ustiga o‘ttuz ikki tangadan chochkan solig‘i bo‘libdur. Toshkand