www.ziyouz.com kutubxonasi
69
faqat Oybek ustiga tikildi va Toshkand qo‘rg‘onlari ostida qurbon bo‘lg‘an sipohlarining
qonini Azizbekning o‘ng qo‘li bo‘lg‘anning o‘g‘lidan olmoqchi bo‘ldi.
— Yusufbek hojining maktubi yoningizdadir?
— Taqsir, — dedi qushbegi, maktubni olib Musul-monqulg‘a uzatdi. Musulmonqul
o‘nda-so‘nda maktubga ko‘z yugurtirib chiqdi-da, zaharxanda ichida O‘tabboyg‘a qaradi:
— Yusufbek hojining qurg‘an hiylalariga tushun-maguchi ehtimol Marg‘ilondan
topilmag‘andur! U tulki o‘z o‘g‘lini Marg‘ilonda to‘polon chiqarish uchun, deb
yuborishidayoq har bir ehtimolga qarshi bu maktubni yozib bergan, bunga Marg‘ilon
kalvaklari tushunmasalar ham biz tushuna olamiz! — dedi va mag‘rur bir tusda
Xudoyorg‘a qarab qo‘ydi. Qushbegi uning bu istehzosini yutishka majbur edi. Chunki
ozg‘ina tildan toysa o‘zi-ning ham Otabek qatoriga kiritilishini yaxshi onglar edi. Sukut
qildi:
— Hudaychi!
— Qulingiz!
— Haligi qushbegi bilan birga kelgan yigitni huzurimizg‘a hozirla!
Musulmonqulning apti ortiq dahshatlik bir holga kirgan, taxt ustiga qo‘ndirilg‘an jonlik
Xudoyor haykal ham sukutda, o‘zining nima bo‘lishig‘a tushunmagan O‘tabboy ham
borliq, yo‘qliq holatda...
Otabek hudaychi orqasidan kirib xong‘a ta’zim qildi va qo‘l bog‘lab to‘xtadi. Otabek
Musulmonqul otini, uning yirtqichlig‘ini yaxshi bilsa ham, ammo shaxsan o‘zini
ko‘rmagan, shuning uchun xonning yonidag‘i xoqong‘a iltifot etmadi. Uning bu
iltifotsizligi Musul-monqulg‘a asarsiz qolmadi-da, achchig‘i ustiga achchig‘, kek ustiga
kek qo‘shildi va shular ichida yasalib chiqg‘an bir istehzo iljayishi va bir tovush bilan:
— Manga qarang, bek yigit, — dedi. Otabek o‘ziga qarag‘ach: — Siz kim bo‘lasiz? —
deb so‘radi. Ul hanuz boyag‘i masxara holatda edi.
— Men Otabek.
— Dunyoda Otabekdan ko‘pi bormi, siz qanday Otabek?
— Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li.
— Ha-a-a, shundog‘ deng-chi... Toshkandlik Yusufbek hojikim, Azizbegimizning
gumashtasi bo‘lg‘an zoti sharifning o‘g‘illari?
Otabek bu cho‘ltog‘ supurgini tanidi va uning isteh-zolarini payqadi. U bundan so‘ngg‘i
ko‘rguligini tamom ma’nosi bilan onglab, ma’nosiz bu savollarga javob berib o‘lturishdan
sukutni xayrlik topdi. Go‘yo o‘zining bu sukuti bilan Musulmonqulg‘a ma’nolik bir javobni
ifoda qilar edi. Chindan ham Musulmonqul bu sukutdan tahqirlandi, tutuni ko‘kka
ko‘tarilar ekan baqirdi:
— Nega javob bermaysan?!
— Siz meni qanday tanig‘an bo‘lsangiz-bo‘lingiz, men o‘shandog‘ kishining o‘g‘li, —
dedi bek. — Men bilan otam siz bilan qushbegiga bir necha turlik bo‘lib tanilsaqla, o‘z
vijdonimiz oldida bir turlikkinadirmiz! Shuning uchun siz tilagan tarafingizga hukm
qilingizda, buyrug‘ingizni beraveringiz!
Musulmonqulning yuzidagi boyag‘i achchig‘lar yerini bir zavqlanish vaziyati oldi.
Kulimsirash ichida Otabekni kuzatar ekan:
— Dav yuraging bor ekan, yigit... Hayfki, gunohing bo‘yningda, — dedi va chaqirdi: —
Jallod!
Eshik yonida kutib turgan oyboltaliqlar harakatlandilar:
— Xanjarimiz qonsirag‘an!
Jallodlarning oldida kirgan hudaychi xong‘a arz qildi:
— Toshkanddan bir chopar bor, huzuringizga kirish uchun izn so‘raydir!