Baholash bazasi va qiymat turlari 1. Baholash bazalari baholash haqidagi hisobotda ko‘rsatilgan qiymat uchun asos bo‘lgan asosiy prinsiplarni belgilaydi. Baholash bazasi (bazalari) boshlang‘ich ma’lumotlar va farazlarni tanlashga ta’sir ko‘rsatishi yoki belgilab berishi, shuningdek qiymat haqidagi yakuniy xulosaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
2. Baholash faoliyatida baholashni o‘tkazishda qo‘llaniladigan ko‘plab baholash bazalari mavjud bo‘lib, ularning aksariyati quyidagi umumiy elementlarga ega:
mo‘ljallanayotgan bitim;
bitimning mo‘ljallanayotgan sanasi;
bitimning mo‘ljallanayotgan taraflari.
3. Baholash bazasiga bog‘liq holda, mo‘ljallanayotgan bitim bir qator shakllarga bo‘linadi:
gipotetik bitim;
haqiqiy bitim;
xarid bitimi;
sotuv bitimi;
muayyan yoki gipotetik bozorda belgilangan tavsiflar bo‘yicha amalga oshiriladigan bitim.
4. Bitimning mo‘ljallanayotgan sanasi baholovchi baholashni olib borayotganda qanday axborot va ma’lumotlarni e’tiborga olishiga ta’sir ko‘rsatadi. Aksariyat baholash bazalari baholash sanasi yoki qiymatni aniqlash sanasi holatidagi zarur o‘rganishlarni o‘tkazish natijalari bo‘yicha ishtirokchilarga tanish bo‘lmagan yoki ularga tanish bo‘la olmaydigan axborotni yoki bozordagi vaziyatni e’tiborga olish imkonini bermaydi.
5. Baholash bazasi aniqlanadigan qiymat uchun asos qilib olinadigan asosiy farazlarni, shu jumladan, gipotetik bitim xususiyatini, bitim taraflari munosabatlari va motivatsiyasini, shuningdek aktivning (baholash obyektining) bozordagi ekspozitsiyasi darajasini bayon qiladi.
6. Mazkur Standartga rioya etilishi uchun baholovchi baholashga oid vazifa shartlari va maqsadlariga mos keladigan baholash bazasi (bazalari)ni tanlashi va ushbu baholash bazasi bilan bog‘liq barcha belgilangan talablarga amal qilishi zarur.
7. Baholash bazasini va qiymat turini tanlash aktivni baholash haqida shartnomani tuzishdan oldin amalga oshiriladi hamda aktivni baholash nima uchun kerakligiga, uning xususiyatlariga, shuningdek normativ talablarga bog‘liq bo‘lib, baholashga oid vazifada aks ettiriladi.
8.. Baholash bazalari quyidagilarga ajratiladi:
bozor qiymati;
bozor ijara haqi;
adolatli qiymat;
investitsiya qiymati;
sinergetik qiymat;
tugatish qiymati;
yo‘q qilish qiymati;
almashtirishning qoldiq qiymati;
takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati;
maxsus qiymat;
sug‘urtaga oid qiymat;
soliqqa oid qiymat.
9. Baholashda hisoblab chiqilgan (baholangan) qiymat bitimni amalga oshirishdagi sotuvchi va xaridorning xarajatlarini, shu jumladan, ushbu bitim natijalari bo‘yicha to‘lanishi shart bo‘lgan soliqlarga xarajatlarni hisobga olmasdan aks ettiriladi.
10. Baholovchi barcha foydalaniladigan baholash bazalariga aloqador bo‘lgan tushuncha va atamalarni qanday talqin etilishi uchun javobgardir.