SHE’R YOZSAM She’r yozsam, yuragim simobday erib,
Yuzimga balqiydi undan alanga.
Hayotday chiroyli, umrday shirin,
Hech narsa yo‘q kabi bo‘ladi menga.
She’r yozsam, dunyoda hamma go‘zallik
Yig‘ilib kelganday bo‘lar qoshimga.
Nurdek tiniq o‘ylar, otashin o‘ylar
Qo‘shiqqa shaylanib kezar boshimda.
She’r yozsam, toshlar ham bag‘rini ochib,
Ko‘rsatgan bo‘ladi qalbda borini.
Qishda ham shivirlab ko‘mko‘k yaproqlar,
Birga chertishadi ko‘nglim torini.
She’r yozsam, yoshligim ketmaydi nari,
Ishq meni oladi issiq qo‘yniga.
Misralar muhabbat, sadoqat bo‘lib,
Mahkam chirmashadi yorning bo‘yniga.
She’r yozsam, hayqirgim kelar olamga,
Qalbim satrlarga sig‘may entikar.
Dovdirab qolaman, go‘yo qalamim –
Qo‘ygan har nuqtaga minglar ko‘z tikar.
Bu ko‘zlar sizniki, aziz o‘quvchi,
Meni shoir qilgan muhabbatingiz.
Siz uchun kuylayman, sizni o‘ylayman,
Qalbimda yasharkan ulug‘ otingiz.
1959 www.ziyouz.com kutubxonasi
Saida ZUNNUNOVA
14
QIZLARJON Sevgi o‘t tashlasa yuragingizga,
Oydin tun bermasa tinchlik va uyqu.
Olam kuylaganday ko‘rinsa sizga
Hamda asir etsa ajib bir tuyg‘u.
Tasalli izlaysiz hislaringizga,
Gʻazallar yodlaysiz varaqlab kitob.
Guldek qalbingizni yashnatar shunda
Sevgi satrlari bo‘lib oftob.
Shunday kezda, qizlar, pok ishqingizga
Tarjimon bo‘lolsa bironta baytim.
Sirdosh bo‘lib qolsam hamisha sizga,
Shu mening orzuyim, shodligim, baxtim.
1959 www.ziyouz.com kutubxonasi
BAHORNI QARSHILAB
15
* * *
Bizga hurmat bilan boqqanlarida,
Ko‘zlar yonganida sevgi, havasda.
Vatanim, g‘ururing qanot bo‘ldiyu,
Bag‘ringdan charx urib chiqdim nafasda.
Bolalar yo‘l berdi, go‘dak talpindi,
Dedilar bizlarni do‘stu hamsoya.
Ne baxtki, qayerda saodat kulsa,
Vatanim, hamisha o‘zingsan doya.
Madhingda borlig‘im she’rga aylandi,
Tuprog‘u toshingga sig‘inib qaytdim.
Yana mehrim ortdi, yana ulg‘aydim,
Vaslingga oshiqib, sog‘inib qaytdim.
Sevaman, Vatanim, sevaman jondan,
Bog‘ingni, cho‘lingni, har nigohingni.
Iloji bo‘lsayu, bag‘rimga bossam,
Hatto qoldirmasdan bir giyohingni.
1959 www.ziyouz.com kutubxonasi
Saida ZUNNUNOVA
16
* * *
Sira chidolmayman quvnoq chehrangda
Qayg‘uning sharpasi kezsa bir nafas.
Ko‘nglimga tikandek og‘ir botadi
Sening yo‘llaringda ko‘rsam xoru xas.
Men uni sochimla supurib olgum,
Poyandoz deb yo‘lga jonimni solgum.
Xoh bilgil, xoh bilmagil,
Sadoqatda bir umr qolgum.
Xoh bilgil, xoh bilmagil,
Hammasiga men bo‘lay rozi.
Axir nima qilay, axir ne qilay,
Ishq uchun yo‘q ekan toshu tarozi.
1960 www.ziyouz.com kutubxonasi
BAHORNI QARSHILAB
17
ALLA Qunduzim desam ham oz,
Yulduzim desam ham oz,
Dunyoda nima go‘zal –
Bo‘lsa, undan o‘zing soz,
Orom ol, qo‘zim, alla.
Asalmisan, qandmisan,
Gʻazal, muhabbatmisan?
Muncha shirinsan o‘zing,
Jonimga payvandmisan,
Uxla, yulduzim, alla.
Oyni olib beraymi,
Gullar terib kelaymi,
Atrofingda o‘rgilib
Shamol bo‘lib yelaymi,
Uxla, gul yuzim, alla.
Oyning shu’lasi suvda,
Hamma narsa uyquda.
Mehrim tovlanib ketib,
Kuylagim kelar juda,
Uxla, qunduzim, alla.
1961 www.ziyouz.com kutubxonasi