Madaniy faoliyat ongli va qadriyatlarga qaratilgandir.
Unda me’yorlarga rioya qilish va ularda nisbatan mustaqillik, maqsadga muvofiqlik va
noutilitarlik o‘zining uyg‘un ifodasini topadi. Madaniy faoliyat umuminsoniy ideallar va
qadriyatlarni etnik yoki mintaqaviy shaklda aks ettiradi. Madaniyat jabhasida inson faoliyati uning
ehtiyojlari bilan belgilanadi, lekin faqat ularga bog‘liq bo‘lmaydi. Unda maqsadga erishish uchun
zarur bo‘lgan elementlar ham, ortiqcha unsurlar ham mavjud. Ortiqchalik tushunchasi, madaniyat
hodisalarida, ularning ma’naviy mazmunini amalda gavdalantirish uchun talab etiladigan
vositalarning zarur darajasidan ortiqroq elementlar mavjudligini anglatadi. Madaniyatda utilitar
maqsadga muvofiqlik mezoni bilan o‘lchash mumkin bo‘lmagan muhim qadriyatlar yaratiladi.
Garchi madaniyat biologik, fizik, ijtimoiy, texnik-iqtisodiy va boshqa shunga o‘xshash omillarga
ta’sirchan bo‘lsa-da, ular madaniyatda o‘zining variativ – ko‘p ma’noli ifodasini topadi. Bu
madaniyatda erkinlik hamda butunlay yangi predmetlilikni yaratish imkoniyatlari mavjudligidan
dalolat beradi.
9-MAVZU. FALSAFIY ANTROPOLOGIYA (INSON FALSAFASI) Sharq va G‘arb falsafasida inson muammosi.
O‘rta asr insoniyat bosib o‘tgan tarixiy taraqqiyot jarayonining eng uzoq davom etgan bosqichidir.
O‘rta asr falsafasining shakllanish jarayoni Evropada xristian dinining vujudga kelishi va uning
tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lsa, Osiyo, Afrika mamlakatlarida, xususan Markaziy Osiyoda islom
dinining kirib kelishi va uning rivojlanishi bilan bevosita bog‘liqdir. Xristian dini eramizning I-II
asrlarida Rim imperiyasining Sharqiy viloyati Falastinda paydo bo‘lib, O‘rta yer dengizi atrofiga
yoyildi. Islom dini eramizni VII-VIII asrlarida uchta qit’a (Afrika, Osiyo va Evropa)ni qamrab
oldi. Antik dunyoda ko‘p xudolilik dinlari hukmron bo‘lgan bo‘lsa, o‘rta asrlarga kelib yakka
xudolik dinlari hukmron bo‘lib oldi. Shuning uchun o‘rta asr falsafasining ildizlari iudaizm,
xristianlik va islom dinlariga borib taqaladi. Xristian falsafasi insonda xudoga o‘xshash fazilatlar,
xislatlar mavjud ekanligini birinchilardan bo‘lib isbotlashga harakat qildi. Xususan, xristian
cherkovining buyuk namoyondalaridan biri Grigoriy Niskiyning tushuntirishicha, xudo
podshohdir, butun koinotning jamiki mavjudotning egasidir. Xudoning insonni yaratishdan
muddaosi, uni butun olamning xo‘jayini, chinakam podshoh qilish edi. Xristianlik dinigacha hech
qaerda, hech qachon xudo bilan inson qiyofasi bir-biriga o‘xshaydi deb tasvirlanmagan. Bu ikki
asos: inson va xudo, hech qachon bir-birlari bilan qo‘shilib ketmagan edi. Xristianlik dini o‘zining
transsendental xususiyatiga ko‘ra, xudo bilan koinotga hukmronlik da’vosini qildi. Xuddi o‘sha
hukmdor xudoni inson tanasiga o‘rnashib olishi ajablanarli holat edi. Xristianlik ta’limotiga ko‘ra,
jon tanadan tashqarida yashay olmaydi degan aqida o‘rta asr xristian falsafasida, jon va tana
muammosining asosini tashkil etadi. Inson to‘g‘risida ta’limot yaratishga uringan o‘rta asr xristian
faylasuflaridan biri Origendir.