Efir bilan ishlaganda ish stolida (laboratoriya xonasida) alanga bo‘lmasligiga e’tibor berish kerak. Efir bilan gurux bo‘lib ishlash vaqtida laboratoriyadagi olov chiquvchi manbalar o‘chirib qo‘yilishi kerak.
Efirni haydash vaqtida chetroqda qizdirib olingan suv hammomidan foydalanish lozim. Spirt lampasini yoki elektroisitgichlarni suv hammomi tagiga qo‘yish yaramaydi. Efir bug‘i havodan og‘irroq bo‘ladi va agar kolbaning probkasi mahkam bekitilmagan bo‘lsa, efir bug‘i kolbadan chiqishda pastga alanga tomon tushib, o‘t olib ketishi mumkin.
Probirkadagi efir o‘t olib ketgan hollarda probirkani tashlab yubormasdan, balki, uning og‘zini biror narsa bilan (daftar, kitob, latta) berkitish kerak.
Yong‘in chiqqan hollarda yong‘in chiqqan joyga, qum sepish, ho‘l mato bilan berkitish yoki o‘t o‘chirgichdan foydalanish kerak.
II- LABORATORIYA ISHI.
Mavzu: Oqsil eritmasini tayyorlash – 2 soat
Oqsillarning xossalari va reaktsiyalari bilan tanishib chiqish uchun oqsil eritmalari turli tabiiy mahsulotlardan tayyorlanadi.
Kerakli asbob va reaktivlar: tuxum, 40-50 g. yog‘siz go‘sht, 50 ml. sut, 25 g. bug‘doy, 2 qavat ho‘l doka, NaCl 10% li eritmasi, distillangan suv, filtr qog‘oz, ammoniy sulfatning to‘yingan eritmasi, tsentrifuga.
Ishning bajarilishi. 1. Tovuq tuxumining bir donasini olib, uning sarig‘i ajratiladi, so‘ngra tuxum oqi yaxshilab aralashtirilgach, o‘lchov kolbasiga solinadi va ustiga 12 hajm distillangan suv solib chayqaladi. Hosil bo‘lgan eritmani voronkaga joylashtirilgan ikki qavat ho‘l dokadan o‘tkazib filtrlanadi. Filtrdan tuxum abumini eritmasi o‘tadi, cho‘kmada tuxum globulini qoladi. Tuxum globulini osh tuzining 10 % li ozroq eritmasida eritiladi va bu eritma filtrlangach, avval filtrlangan tuxum albumini eritmasining yarmiga qo‘shiladi. Natijada toza albumin eritmasi hamda albumin-globulin eritmasining aralashmasi hosil bo‘ladi.
2. Go‘sht qiymalagichdan o‘tkazilgan yog‘siz 40-50 gramm go‘sht qiymasini stakanga solib, ustiga NaCl ning 10 % li eritmasidan 80-100 ml qo‘shiladi va hosil bo‘lgan aralashma vaqti-vaqti bilan aralashtirib turib 15-20 minut chamasi qoldiriladi. So‘ngra ikki qavat ho‘l dokadan o‘tkazib filtrlanadi. Eritma tarkibida asosan muskul albumini va globulin bo‘ladi.
3. 50 ml yangi sog‘ilgan sutga ammoniy sulfatning to‘yingan eritmasidan shuncha hajm qo‘shiladi. Bunda globulinlar va kazein cho‘kmaga tushadi. Albuminlarning tiniq eritmasi qog‘oz burma filtrdan o‘tkazib, filtrlanadi.
4. 25 gramm bug‘doy uni 100 ml distillangan suv bilan aralashtiriladi va aralashma chayqatgichda 1 soat davomida chayqatiladi. Unning hosil bo‘lgan muallaq zarrachali eritmasi tsentrifugalanadi, so‘ngra tsentrifugat burma filtrdan o‘tkazib filtrlanadi. Filtrlangan tiniq eritma tarkibida asosan, bug‘doy doni albumini bo‘ladi.