21-modda. Ichki nazorat. Ichki nazorat buxgalteriya hisobini yuritishda,
moliyaviy va boshqa hisobotlarni tuzishda xo‘jalik operasiyalarini amalga
oshirishning qonuniyligini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini, aktivlarning
but saqlanishini ta’minlash, talon-toroj qilish hollari va xatoliklarning oldini olish
hamda aniqlash maqsadida buxgalteriya hisobi sub’yektining rahbari tomonidan
qabul qilingan hisob siyosati asosida tashkil etilgan chora-tadbirlar tizimidir.
Buxgalteriya hisobi sub’yekti ichki nazoratni tashkil etadi va amalga oshiradi.
22-modda. Moliyaviy hisobot.Moliyaviy hisobot buxgalteriya hisobi
sub’yektining hisobot sanasidagi moliyaviy holati, hisobot davridagi faoliyatining
moliyaviy natijasi va pul mablag‘larining harakati to‘g‘risidagi tizimlashtirilgan
axborotdan iboratdir.
Yillik moliyaviy hisobot quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
buxgalteriya balansi;
moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot;
pul oqimlari haqidagi hisobot;
xususiy kapital to‘g‘risidagi hisobot;
izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar.
Xalqaro standartlar bo‘yicha tuziladigan moliyaviy hisobotga doir talablar
moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarida belgilanadi.
Buxgalteriya hisobi sub’yekti moliyaviy hisobotni tuzishda mustaqil balansga
ajratilgan o‘z vakolatxonalarining, filiallarining va boshqa tarkibiy bo‘linmalarining
buxgalteriya balanslarini hamda boshqa hisobot shakllarini kiritishi kerak.
Moliyaviy hisobot hisobot yili boshidan ortib boruvchi yakun bilan tuziladi.
Byudjet tashkilotlarining moliyaviy hisoboti byudjet to‘g‘risidagi qonun
hujjatlariga muvofiq tuziladi va taqdim etiladi.
Moliyaviy hisobotning tarkibi va mazmuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya
vazirligi tomonidan belgilanadi.
Banklar va boshqa kredit tashkilotlari moliyaviy hisobotining tarkibi hamda
mazmuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.