2-BIZNESDA BUXGALTERIYA HISOBINI TASHKIL ETISH, PREDMETI VA METODI
Xo‘jalik jarayoni – xo‘jalik operatsiyalarining yig‘indisi. Xo‘jalik jarayoni
bo‘linadi:
1) Ta’minot jarayoni. Bu jarayonda korxonalarda ishlab chiqarish faoliyatini
amalga oshirishda zarur bo‘lgan aktivlar, shu jumladan, asosiy va aylanma aktivlar
sotib olinadi.
2) Ishlab chiqarish jarayoni. Bu jarayonda xodim kuchi yordamida aktivlardan
foydalanib mahsulot ishlab chiqariladi yoki ish va xizmatlar bajariladi
3) Sotish jarayoni. Bu jarayonda mahsulot (ish, xizmat) sotiladi va pulga
aylantirilib, kelgusi jarayonni boshlash uchun sharoit yaratiladi.
Demak, xo‘jalik mablag‘lari va ularning manbalari doimo harakatda bo‘lib,
o‘zgarib turar ekan. Xo‘jalik mablag‘lari va ular manbalarining tarkibi va tuzulishida
sodir bo‘lib, tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan ayrim o‘zgarishlar xo‘jalik
operatsiyasi deb ataladi. Masalan, ishlab chiqarishga moddiy boyliklarni sarflash,
olingan mahsulotlarni kirim qilish va boshqa shunga o‘xshash ayrim muomalalar.
Shunday qilib, buxgalteriya hisobining predmeti korxona aktivlari, kapitali va
majburiyatlarini xo‘jalik jarayonidagi doiraviy aylanishiga aytiladi.
Qonunning 6-moddasi “Buxgalteriya hisobi sub’yektlari” deb nomlanib, unda
“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga
olingan yuridik shaxslar, ularning O‘zbekiston Respublikasi hududida hamda undan
tashqarida joylashgan sho‘ba korxonalari, vakolatxonalari, filiallari va boshqa
tarkibiy bo‘linmalari buxgalteriya hisobi sub’yektlaridir” deyilgan.
Har qanday fanning predmeti va ob’yektlarining mohiyatini bilishga mazkur fan
metodining mazmunini bilish orqali erishiladi. Oldingi bo‘limda ta’riflanganidek,
buxgalteriya hisobining predmeti deganda, mablag‘lar, manbalar va xo‘jalik
jarayonlari hamda faoliyat natijalari tushunilsa, uning metodi predmetni qanday
usullar va amallar yordamida o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.
Buxgalteriya hisobi metodini tashkil etuvchi asosiy usullar (elementlar)
quyidagilardan iborat:
1. Hujjatlashtirish;
2. Inventarizatsiya;
3. Schotlar tizimi;
4. Ikki yoqlama yozuv;
5. Baholash;
6. Kalkulyatsiya;
7. Buxgalteriya balansi;
8. Hisobot.
Buxgalteriya hisobi sodir bo‘layotgan xo‘jalik muomalalarini hujjatlarda
uzluksiz va yoppasiga aks ettirishdan boshlanadi.