O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning, shu jumladan, ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat qilib belgilangan:
aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash;
mahsulot, xizmat va uy-joyning kuchli ichki iste’mol bozorini shakllantirish;
aholining to‘lov talablarini keng miqiyosda qondirish va uning o‘sishini ta’minlash;
aholining daromad va mulkka egalik darajasining keskin tabaqalashuvining oldini olish;
ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan zarur kafolatni ta’minlash.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqqan holda davlat ijtimoiy siyosati quyidagi asosiy yo‘nalishlarda olib borilmoqda:
davlat ijtimoiy iste’mol fondlarini tashkil etish va ulardan jamiyatning har bir a’zosining foydalanishini kafolatlaydigan qonunlarni qabul qilish;
davlatning markazlashgan ijtimoiy sug‘urta fondini tashkil etish;
ko‘rsatilgan xizmatlar va samarali mehnatlari uchun davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar;
ish haqi va pensiya minimumining davlat tomonidan kafolatlanishi;
ko‘p bolali oilalarga to‘lanadigan nafaqalar;
kam ta’minlangan aholi tabaqalariga moddiy yordam ko‘rsatish;
bolalikdan nogiron va boshqa mehnat qobiliyatini yo‘qotganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
talabalar uchun to‘lanadigan davlat stipendiyalari;
ishsizlik nafaqasi;
eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari turlarini belgilangan narxlarda sotilishini ta’minlash;
ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlar baholaridagi farqlarni budjet hisobidan qoplash;
ijtimoiy sohaning eng muhim tarmoqlari (sog‘liqni saqlash, ta’lim, jismoniy tarbiya, sport va madaniyat) moddiy bazasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash.
Davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari o‘z navbatida ijtimoiy tahdidlarning oldini olish, ularni neytrallashtirish, ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash yo‘nalishlari ham hisoblanadi. Bunga sabab har qanday jamiyatning rivojlanganlik darajasi, undagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorlik mamlakatda ijtimoiy xavfsizlikning ta’minlanganligiga, ijtimoiy masalalarning qay darajada hal etilayotganiga bog‘liq. Ijtimoiy masalalar mamlakat taraqqiyotining muhim omili sifatida iqtisodiy rivojlanishga ta’sir etadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy siyosati ijtimoiy islohotlarni davomli amalga oshirib borish orqali aholi turmush darajasini barqaror o‘stirib borishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida “gi Farmonida “ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish” vazifalari belgilangan6.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy himoya o‘zaro uzviy bog‘liq tushunchalar bo‘lib, ularni bir-biridan ajralgan holda tasavvur qilib bo‘lmasligini ta’kidlab, 2019 yil - “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish uchun quyidagi vazifalarni belgilab berdi:
aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlar va oilalarning daromadini oshirish;
pensiya va nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqish, pensiya tizimini tubdan isloh qilish;
ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish;
xalqimiz genofondini mustahkamlash maqsadida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va ko‘lamini kengaytirish;
xotin-qizlar va yoshlarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish;
aholi turmush sharoitini yaxshilash, uni munosib turar joy bilan ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish;
jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish;
turizmni rivojlantirish, sohaga investitsiyalar jalb etish, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish;
oldimizga qo‘ygan ulkan vazifalarni amalga oshirishda biz uchun kuch-qudrat manbai bo‘ladigan milliy g‘oyani rivojlantirish7.
Mazkur vazifalar davlat ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishlari bo‘lib, ijtimoiy tahdidlarning oldini olish, ularning salbiy ta’sirini kamaytirishga va ijtimoiy sohada xavfsizlikni ishonchli tarzda ta’minlashga ham yo‘naltirilgandir.