Kasallikning kimyoviy sabablari. Kimyoviy moddalar odam organizmiga zahar sifatida ta`sir ko`rsatadi.Bularga kislotalar, ishqorlar, qurg`oshin, simob, margimush, xlor, yod va boshqa moddalar kiradi.
Shuningdek, hashoratlar: ilon, chayon, qoraqurt, zambur (ari) va hokazolarning zahari.
Zaharli moddalar odam organizmning o`zida ham paydo bo`lib, o`zini-o`zi zaharlashi mumkin. Masalan, buyrak kasalligining og`ir kechishida modda almashinuvida hosil bo`lgan qoldiq azot moddalarini siydik orqali tashqariga ajratilishi qiyinlashadi va ular qonda, to`qimalarda to`planib organizmni zaharlaydi. Natijada hayot uchun xavfli bo`lgan uremiya holati vujudga keladi.
Shuningdek, virus qo`zg`atadigan yuqumli gepatit kasalligida jigar hujayralarining yallig`lanishi va ayrimlarini yemirilishi to`fayli ularda ishlab chiqariladigan bilirubin moddasi qonga o`tib bosh miyaning nerv hujayralarini va tananing boshqa to`qima-a`zolarini zaharlaydi.Natijada odam organizmida umumiy intoksikatsiya holatini vujudga keltiradi.
Kasallikning biologik sabablari.Kasallikning biologik sabablariga tashqi muhitdan odamga yuqib kasallikni yuzaga keltiradigan mikroblar, viruslar, zamburug`lar, gijja tuxumlari va boshqalar kiradi.
Kasallikning ijtimoiy sabablari.Odamning yashash, ishlash, o`qish sharoitining noqulay bo`lishi hamda odamning madaniyatini pastligi bilan bog`liq bo`lgan sil, giyohvandlik, OITS, tanosil (zahm, so`zak) kasalliklari kiradi.
Alimentar kasalliklar. Ijtimoiy kasalliklar guruhiga alimentar kasalliklar ham kiradi.Bu odamning ovqatlanish jarayonini buzilishi bilan bog`liq. Ovqat miqdorini yetishmasligi, sifatsizligi, ya`ni ovqat tarkibida oqsil, vitaminlar va boshqa moddalarning yetishmasligi. Buning natijasida odam ozadi, kamqonlik yuzaga keladi, ish qobiliyati pasayadi.
Aksincha, ovqatni ko`p iste`mol qilish, ayniqsa uglevodli va yog`li taomlarni me`yoridan ortiq iste`mol qilish tufayli, semerish, qandli diabet va boshqa kasalliklar vujudga kelishi mumkin.
Harakatlanishning kamligi (gipodinamiya) tufayli semirish, ateroskleroz, gipertoniya, osteoxondroz, artroz, yurakning ishemik kasalliklari yuzaga kelishi mumkin.
Harakatlanishning me`yoridan ortiqligi (giperdinamiya), ya`ni og`ir jismoniy mehnat bilan shug`ullanuvchilarda, sportchilarda zo`riqish holati kuzatiladi. Bunda yurak-qon tomir, muskul, bo`g`im, suyak, psixik-asab kasalliklar vujudga kelishi mumkin.