«Do‘ppi» ni origami usulida yasash. Kvadrat shaklidagi katta-kichikligi ihtiyoriy qog‘ozni olib‚ diagonal bo‘yicha uning markazini aniqlaymiz. So‘ngra teng ikkiga buklaymiz, qolgan burchagining biri olinib, markaz tomoni bo‘yicha buklanadi, orqa tomoni ham xuddi shunday buklanadi. Buklangan tomoni ichki tomonga qarata buklanib, boshqa burchagini 1 sm qayirib olinadi, pastki qog‘ozning burchaklari qayirib, buklanib chiqiladi va chetidagi burchakka kirgizib qo‘yiladi. Orqa tomoni ham xuddi shunday bajariladi. Manna‚ do‘ppimiz tayyor, endi uni bezatishimiz kerak. Ingichka mo‘yqalamni olib, oq rangga botiramiz, do‘ppining to‘rt tomoniga garmdori shakli chiziladi. Do‘ppilarning gulidagi garmdori shaklining tasvirlanishi bolalar chidamli, qo‘rqmas, matonatli, sabrli bo‘lishi kabi ma’noni anglatadi. Qizlarimiz do‘ppilarni turli ranglardan foydalanib, har - xil gullar bilan bezatib chiqadilar. Bu esa qizlarning doimo guldek ochilib, chiroyli bo‘lib yurishlarini ifodalaydi hamda bir yo‘la ularning boshlarini oftob issig‘idan asraydi. Buvijonlarimizning aytishlaricha, bosh kiyimni juda ehtiyot qilish kerak. Eskirganda ham tashlab yubormay, undan yana ro‘zg‘orda yordamchi buyum sifatida foydalanish mumkin. Qizlarimizning do‘ppilariga gulni mana bunday chizamiz, gul o‘rtasiga sariq rangli nuqta quyib, atrofiga qizil rangda gul yaproqlarini chizamiz. Agar uyingizda do‘ppingiz bo‘lsa, unga qarab gulni chizsangiz ham bo‘ladi. Har xil rangdan foydalanayotganda mo‘yqalamni yaxshilab yuvib, salfetkada artib olishni unutmang. Quyida «Origami»‚ya’ni qog‘ozni buklash orqali do‘ppi‚ baliq‚ to‘tiqush‚ jirafa yasashni bosqichma-bosqich ko‘rsatib o‘tamiz.