O’quvchilarga ona tilini o’rgatish, ularni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish vazifasidan kelib chiqib, bilish nazariyasiga asoslanib, barcha yaqin, o’zaro bog’liq fanlar tavsiyalariga asoslanib, ona tili o’qitish metodikasi o’z tamoyillarini ishlab chiqadi. Bu tamoyillar umumdidaktik tamoyillardan o’zgacha bo’lib, o’qituvchi bilan o’quvchi o’rtasidagi o’quv mehnatining yo’nalishlarini belgilab beradi.
Ona tili o’qitish tamoyillari quyidagilar:
1. Til materiyasiga, nutq organlarining o’sishiga, nutq malakalarining to’g’ri rivojlanishiga e’tibor berish tamoyili. Nutq, til qonuniyatlariga, oz bo’lsa-da, e’tibor bermaslik amaliy nutq faoliyatini egallashga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
2. Til ma’nolarini (leksik, grammatik, morfemik, sintaktik ma’nolarini) tushunish tamoyili. So’zni, morfemani, so’z birikmasini, gapni tushunish borliqdagi ma’lum voqea-hodisalar o’rtasilagi bog’lanishni aniqlash demakdir.
3. Tilga sezgirlikni o’stirish tamoyili. Til juda murakkab hodisa, uning tuzilishini, izchil tizimini fahmlab olmay turib, sal bo’lsa-da, uning qonuniyatlarini, o’xshashliklarini o’zlashtirmay turib, uni yodda saqlab bo’lmaydi.
4. Nutqning ifodaliligiga baho berish tamoyili. Bu tamoyil til hodisalarini tushunmay turib savodli yozish, nutq madaniyati vositalarining xabar berish vazifasini tushunish bilan bir qatorda, uning ifodaliligini (uslubga oid) tushunishni, mazmuninigina emas, balki so’z va nutq oborotlarining, tilning boshqa badiiy-tasviriy vositalarining hissiy bo’yoqdorligini ham tushunishni ko’zda tutadi.
5. Og’zaki nutqni yozma nutqdan oldin o’zlashtirish tamoyili. Bu tamoyil ham kishi nutqining rivojlanishiga ta’sir etadi va til o’qitish metodikasini tuzishda xizmat qiladi.
Metodika tamoyillari, didaktika tamoyillari kabi, o’qituvchi bilan o’quvchining maqsadga muvofiq faoliyatini belgilashga, ularning birgalikdagi ishlarida qulay yo’nalishni tanlashga yordam beradi, metodikaning fan sifatida nazariy asoslash elementlaridan biri bo’lib xizmat qiladi.
Ona tili o’qitish metodikasining tekshirish metodlari
Amaliy fanlar uchun amaliyot muhim rolь o’ynaydi. Ona tili o’qitish metodikasi ham amaliy fanlar sirasiga kiradi. Har qanday amaliy xulosalar ishonarli bo’lishi, yuqori ilmiy darajada, ya’ni puxta va asosli bo’lishi lozim. Metodika tavsiyalarining ilmiy darajasi, nazariy tasdiqlanishi yuqori saviyada bo’lishi tekshirish metodlarining puxtaliliga ham bog’liq.
Tekshirish metodlari 2 xil:
1. Nazariy tekshirish metodlari. U quyidagi hollarda tatbiq etiladi:
a) biror hodisaning metodik asosini, unga bog’liq boshqa fanlarni o’rganish, qo’yilgan gipotezani asoslash, izlanishning asosiy yo’nalishini belgilashda;
b) masala tarixi, chet el maktab tajribalari va mavzuga doir adabiyotlarni o’rganish, tajribani tahlil qilish, masalaning isbotlanmagan va hal qilinmagan o’rinlarini aniqlash, ilgarigi tajriba bilan hozirgi ahvolni taqqoslash, hozirgi kun talabi bilan baholashda;
2. Empirik metod (tajribaga asoslangan metod). Bu metod quyidagi maqsadlarda qo’llanadi:
a) bu metod o’qituvchilarning ish tajribasini o’rganish, yangiliklarini tanlash, umumlashtirish, baholash va ommalashtirish, o’qituvchi va o’quvchilar faoliyatining darajasini aniqlash;
b) o’quvchilarni o’qitish jarayonini maqsadga muvofiq kuzatish (dars, uning biror qismini, o’quvchilarning javobi, hikoyasini, yozma ishini tekshirish), o’qituvchi va o’quvchilarning faoliyatini so’rovnoma orqali tekshirish;
Eksperimental tekshirish o’z maqsadining kengligi bilan farqlanadi: ayrim metodik usullarni tekshirishda ommaviylik talab qilinmaydi, ammo yangi dastur, yangi darsliklarni tekshirishga butun tuman, viloyat jalb qilinadi.
Eksperiment natijasini chiqarishda belgilangan baho me’yoriga amal qilinadi. Bunday me’yor aniq, barcha holatlar uchun ham bir xil bo’lishi lozim. Ona tili metodikasida yozma ishlarda yo’l qo’yilgan xatolar soni va xarakteri, ma’lum bir vaqtda o’qilgan yoki yozilgan so’zlar soni, og’zaki hikoya va yozma inshoning hajmi va izchilligi me’yoridan foydalaniladi.
Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi o’z predmeti va vazifalariga mos ravishda quyidagi tekshirish metodlaridan ham foydalanadi:
1. Ilg’or o’qituvchilar ish tajribasini umumlashtirish.
2. Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi sohasidagi meros va yangiliklarni o’rganish.
3. Ta’lim berishning u yoki bu usullari va vositalarining foydali ekanini tekshirish.
4. Ona tilidan o’quvchilarning o’qishlari, yozuvi, mustaqil va ijodiy ishlari ustidan kuzatish olib borish.
5. O’quvchilar ijodiy faoliyatining natijalarini og’zaki qayta hikoyalash, yozma ish kabi usullar yordamida tahlil qilish.
Yuqoridagi tekshirish metodlari ushbu fanning davr talabidan kelib chiqib rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi.
Ona tili boshlang’ich sinflarda o’quv predmeti
O’zbekistonda o’qitishning o’ziga xos usullari mavjud bo’lgan va ular rivojlanib borgan. Bu jarayon silliq kechmagan, ba’zi xato va kamchiliklarga ham yo’l qo’yilgan. CHunonchi, XX asrning 20-yillarida maktabni rivojlantirishda juda jiddiy xatolarga yo’l qo’yildi. Kompleks dasturlarda ona tilini o’rganish tizimi buzildi: grammatik, orfografik ko’nikmalarga yetarli ahamiyat berilmadi. Savod o’rgatishda yaxlit so’z metodi tilning fonetik xususiyatlariga mos kelmadi, analitik-sintetik ishlar ta’minlanmadi, puxta, to’g’ri yozuv masalalari uchun zamin yaratilmadi.
Keyinchalik 1931 yil 5-sentyabrda qabul qilingan “Boshlang’ich va o’rta maktab haqida”gi, 1932 yil 25-avgust qabul qilingan «Boshlang’ich va o’rta maktab o’quv dasturlari rejimi haqida»gi qarorlar yuqoridagi kabi yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf qilishda va o’quv mashg’ulotlari tizimini ishlab chiqishda maktabga va o’qituvchilarga yordam berdi.
O’tgan asrning 50-70-yillari mobaynida boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi sohasida anchagina qo’llanmalar yaratildi. Bu yillarda ona tili o’qitish metodikasi fan sifatida rivojlana boshladi, umumiy pedagogik, didaktik va psixologik xarakterdagi ilmiy tekshirishlarning natijalari ona tili o’qitish metodikasini takomillashtirish va yangi metodika yaratishga imkon berdi.
1955 yildan boshlab pedagogika institutlari qoshida boshlang’ich ta’lim o’qituvchilari tayyorlaydigan fakulьtetlar ochila boshlandi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq ona tili o’qitishga katta ahamiyat berila boshlandi. Bunda 1989 yil 21 oktyabrda «O’zbek tiliga Davlat tili maqomini berish haqida”gi qaror alohida o’rin tutadi.
Ta’lim sohasidagi bu o’zgarishlar ona tili o’qitish metodikasida ham bir qator imkoniyatlarni yuzaga keltirdi. Bu yangiliklardan ko’plari maktablarda amaliyotga tatbiq qilinmoqda, ba’zilari hozircha sinovdan o’tkazilmoqda.
SHunday qilib, fan sifatida ona tili o’qitish metodikasining o’z predmeti, vazifasi, nazariy va ilmiy sohasi bo’lib, bir qator fanlar o’rtasida uning ma’lum o’rni bor. Bu fan ham boshqa fanlar kabi rivojlanib, taraqqiy etib bormoqda.
Til fikrni shakllantirish va bayon qilish, taassurot, his-kechinmalarni ifodalashda muhim o’rin tutadi. Til jamiyat a’zolarining bir-biri bilan o’zaro aloqasi uchun xizmat qiladigan vositadir. Bu vosita qanchalik takomillashsa, fikr shunchalik aniq, ta’sirchan ifodalanadi. Demak, kishilarning o’zaro munosabati, his-tuyg’ulari, kechinma va holatlari til vositasida aniqlashadi. Maktabda ona tilini chuqur o’rganish zarurati tilning bajaradigan asosiy vazifalaridan kelib chiqadi.
K.D.Ushinskiy boshlang’ich maktab o’quv predmetlari tizimida ona tiliga katta ahamiyat berib, uni markaziy va yetakchi predmet hisoblagan.
Ona tili boshqa fanlarni o’qitish vositasi hamdir: jamiyat tarixi ham, tabiiy fanlar ham ona tili yordamida o’rganiladi. Demak, ona tili bolaning umumiy kamol topishida ham, bilim va mehnatga havasini uyg’otishda ham alohida o’rin tutadi.
Til muhim tarbiya vositasidir. Badiiy adabiyotlarni, gazeta, jurnallarni o’qigan bola o’zida eng yaxshi xislatlarni tarbiyalab boradi, muomala madaniyatini egallaydi.
Ona tili boshlang’ich sinflarda asosiy o’rinni egallar ekan, har bir o’quvchida ona tiliga qiziqish va muhabbatni tarbiyalab borish zarur.
Boshlang’ich sinflarnig ona tili dasturi ikki qismdan iborat:
1. Tushuntirish xati.
2. Asosiy qismi.
Tushuntirish xatida ona tili predmetining tutgan o’rni, uning vazifalari ko’rsatilib, metodik yo’l-yo’riqlar beriladi.
Dasturning asosiy qismi quyidagi bo’limlardan tashkil topgan bo’lib, ularda har bir sinfda o’quvchilar o’zlashtirishi lozim bo’lgan bilim va ko’nikmalar ko’rsatiladi:
1. Savod o’rgatish va nutq o’stirish.
2. Sinfda, sinfdan tashqari o’qish va nutq o’stirish.
3. Fonetika, grammatika, imlo va nutq o’stirish.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 13 maydagi “O’zbekiston Respublikasida umumiy o’rta ta’limni tashkil etish to’g’risida”gi 203-sonli qarorida umumiy o’rta ta’lim ikki bosqichdan iborat qilib belgilandi:
1. Boshlang’ich ta’lim.
2. Umumiy o’rta ta’lim.
Respublikamizda uРmumiy o’rta ta’limning standarti yaratildi. Unda boshlang’ich bosqich va umumiy o’rta ta’lim nihoyasida o’quvchilar egallashi lozim bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalarning minimal darajasi belgilab berildi.
Hozirda o’quvchilarga bilim berish, bilimlarni oshirishda mustaqil ishlarni uyushtirish, bilimlarni hisobga olish kabi metodik tavsiyalar tizimi ishlab chiqilmoqda, texnik vositalardan unumli foydalanish, grammatik ta’limiy o’yinlarni joriy etish keng tus olmoqda, ta’lim jarayonida test topshiriqlaridan, turli boshqotirma va jadvallardan keng foydalangan holda mashg’ulotlar uyushtirilmoqda.
Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, ona tili o’quv fani sifatida shakllanib, rivojlanishning murakkab yo’lini bosib o’tmoqda.
Dostları ilə paylaş: |