Bugungi kunda o’quv jarayoniga kompyuter va axborot texnologiyalarini olib kirish va dasturiy ta’minotni amalga oshirishni taqozo qilmoqda. Umumta’lim maktablari boshlang’ich sinflarda matematika darslarini o’qitishda ham axborot texnologiyalaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo’lar edi. Shu bois O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2001 yil 23 maydagi 2001- 2005 yillarda kompyuter va axborot texnologiyalarni rivojlantirish, “Internet”ning xalqaro axborot tizimlariga keng kirib borishini ta’minlash dasturini ishlab chiqishni tashkil etish chora tadbirlari to’g’risida”gi 230-sonli qarori hamda 2002 yil 6 iyuldagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot– kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 200- sonli qarorlarida ko’rsatilgan oliy o’quv yurtlari, o’rta maxsus kasb-hunar ta’limi, umumiy o’rta ta’lim maktablarining o’quv jarayonida zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalarini keng joriy etish vazifasini amalga oshirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 21 maydagi “2004-2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi to’g’risida”gi 3431-PF Farmonida Dasturni amalga oshirishning asosiy yo’nalishlari belgilangan bo’lib, unda “maktablarni zamonaviy darsliklar va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o’quv-metodik materiallari bilan ta’minlash”ga alohida e’tibor qaratiladi.
Shunday ekan, boshlang’ich sinflarda ham matematika darslarida axborot texnologiyalaridan foydalanishni toqazo etmoqda. Ayniqsa, boshlang’ich sinflarda o’rgatiladigan o’rganilishi murakkab bo’lgan mavzulardan biri ulush va kasr tushunchalarini axborot texnologiyalaridan foydalanib o’qitish o’quvchilar tasavvurini kengaytirishga, ularning bilim va ko’nikmalarini shakllantirishga hamda ulush va kasrlarga doir mashqlarni bajarishda ularning malakalarini oshirishga xizmat qiladi.
Biz har kuni o’nlab, ba’zan yuzlab matematik masalalarni, o’zimiz sezmagan holda hal qilamiz: do’konlarga kirib non, tuz, yog’ va hokazolarni xarid qilamiz, dorixonalarga kiramiz, xarajat uchun bozorga boramiz.
Qaytimini to’g’ri berishdimi deb, ularni sanab ham ko’ramiz. Transportda yuramiz uning tezligi qancha, bir kunda qancha benzin sarflaydi, nech kilometr yo’l yurar ekan deb o’ylaymiz. Ishga, o’qishga kech qolmaylik deb soatimizga qarab qo’yamiz. Uy telefoni, gaz, chiroq, suv, isitish xizmati uchun pul to’laymiz. Bu kichik bir oiladagi hisob-kitoblar. Mahalla, tuman, viloyat, respublika, dunyo miqyosida-chi?! Yirik inshootlar, samolyot-u, raketalar, zamonaviy kompyuterlarni yaratish, qurish, yasash esa nafaqat o’ta murakab matematik apparatlar, boshqa fan yutuqlaridan ham foydalanishni taqozo etadi.
Bu hisoblashlarning hammasi ham natural-1,2,3 kabi sonlarda bajarilavermaydi. Butunni maydalashga, teng bo’laklarga ajratishga albatta ehtiyoj seziladi.
Kulchaning yarmini o’zing ye, yarmini ukangga ber!
Qurilishga besh yarim tonna sement keltirildi;
Ko’ylaklik uchun ikki yarim metr atlas oldim;
“Soat uchdan chorak o’tdi”, “Soat chorak kam bir bo’ldi”, “Soat ikki yarim bo’ldi” kabi gaplarni aytganimizda yarim, chorak, chorak kam bir degan so’zlar butunning ikkidan bir 1/2, to’rtdan bir 1/4, to’rtdan uch 3/4, qismi ekanini o’ylab ham o’tirmaymiz. Buni hamma oz’-o’zidan tushunadi, biladi deb o’ylaymiz. Bu holat matematikaning, ayniqsa sonlar ustida bajariladigan to’rt amal (qo’shish, ayirish, ko’paytirish, bo’lish) ning nihoyatda kerakligini, hayotimizda turmush tarzimizga nafaqat singib ketganini anglatadi. Biz aziz o’quvchilar kasr haqidagi dastlabki ma’lumotlar bilan tanishamiz.
“Kasr” arabcha “kasara” so’zidan olingan. “Kasr”- bo’lak, “Kasara”- esa maydalash, sindirish degan ma’noni bildiradi. Turli kattaliklarni o’lchash, bo’lish masalalari kasr tushunchasiga olib keldi. Bu tushuncha kishilarning amalay faoliyatiga juda qadimdan kirib kelgan.
Ba’zan, muallimlar “Kasrlarga oid mavzular 4-sinf matematika dasturida bormi?” deb so’rab qolishadi. Har bir boshlang’ich sinf
o’qituvchilari qo’lida “Ta’lim taraqqiyoti” jurnalining 1999 yil 7-maxsus sonida chop etilgan dasturlar bo’lishi kerak. Unda, jumladan, 1-4- sinflar uchun xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan o’quv dasturlari berilgan. “Kasrlar mavzusini o’rganishda kasrlarni geomitrik shakllar yordamida tasvirlash. Bir xil (teng) suratli va bir xil maxrajli kasrlarni taqqoslash. Bir xil maxrajli kasrlarni qo’shish va ayirish” kabilarni yechish o’rgatiladi.
O’uvchilarni kasrlar bilan tanishtirish dasturga binoan 4-sinfdan boshlanadi. Kasrlarni hosil bo’lishi, ularni taqqoslash, sonni ulushini topish va berilgan ulushiga ko’ra sonning o’zini toppish bilan tanishadilar. 4-sinfda 1 ning ulushi va bir necha ulushi, uning yozma ko’rinishi tasavurlariga ega bo’ladilar. Kasr tushunchasi geometriyada kesma ulushi, middorlarning ulushi va boshqa geometrik shakllarning ulushlari bilan bevosita bog’langan.
Kasr tushunchasini hosil qilish har xil narsalarni teng bo’laklarga bo’lish, kesish, sindirish, maydalashdan kelib chiqadi deyiladi. Boshlang’ich sinfdan oldin, ya’ni maktabgacha yoshdayoq kasr tushunchasining boshlang’ich tushunchalari berilgan. Masalan, olma, tarvuz, bodring, non va boshqalarni bir necha bolaklarga bo’lib ko’rgan va boshlang’ich tushunchalarni olgan. Shu maqsadda bolalarni ulushlar bilan tanishtirish, taqqoslashni o’rgatish, sonning ulushlari va ulushi bo’yicha sonni topishga doir masalalarni yechish ko’zda tutiladi. Aytib o’tilgan barcha masalalar ko’rgazmali qilib ochib berildi.
Boshlang’ich maktabda ulushlar va kasrlar bilan dastlabki tanishishni V sinfda kasrlarni o’rganishga tayyorgarlik sifatida qarash lozim. To’rt yillik boshlang’ish maktabning III sinfi dasturida sonning ulushini va ulushiga ko’ra sonning o’zini topish masalasi qaraladi. IV sinfda esa sonning bir necha ulushlarini topishga doir masalalar yechiladi.
Ulush va kasr nima? “Ulush” va “Kasr” tushunchalari bolalar uchun odatdan tashqari tushunchalar bo’ladi Bu tushunchalarni o’zlashtirib olish uchun o’qitishni to’la ko’rsatmali qilish zarur. Amaliyotda eng ko’p qog’oz tasmalar, chizg’ichlar, kasr sanog’i silindrlari qo’llaniladi.
O’qitishning birinchi bosqichida bu ko’rsatma qo’llanmalardan foydalanishning kamchiligi shundaki, bo’lishdan keyin qolgan, masalan, qog’oz tasmalar bo’laklarining o’zlari shakli bo’yicha dastlabki tasmalarga o’xshash bo’lib, ularni yana bir butun birlik sifatida qabul qilish mumkin. Shu sababli dastlabki vaqtlarda shunday narsalarni olish kerakki, ularning bo’laklari shakli bo’yicha butun narsadan farq qilinsin va ularni butun narsa sifatida qabul qilish mumkin bo’lmasin. Bunday narsalar doiralar, kvadratlar, to’g’ri to’rtburchaklar, uchburchaklar bo’lishi mumkin. Lekin faqat geomitrik figuralarning o’zidan foydalanish haddan tashqari bir xillikka olib keladi, kartoshka, olma, turp va boshqa ko’rsatma qo’llanmalardan foydalanish kerak. Qog’oz tasmalar, chiziqlar, cho’plar kabi ko’rsatmalardan foydalanishda ularni shunday qo’yish kerakki, narsaning tagida uning qismlari bo’laklari tursin va bolalar narsaning butun va kasr qismlari orasidagi farqni ko’rib tursinlar.
Ulush nima? Agar berilgan ob’ektni (narsani, narsalar to’plamini) bir necha teng bo’laklarga bo’lish mumkin bo’lsa, u holda bu bo’laklarning har biri ob’ektning (narsaning, narsalar to’plamining) ulushi deb ataladi.
Ulush ikkita natural son va chiziqcha yordamida yoziladi: 1/2, 1/3, 1/5
Chiziqcha ostidagi son ob’ekt nechta bo’lakka bo’linganligini, chiziqcha ustidagi son esa bunday bo’lakdan bitta (ulush) olinganligini bildiradi.