Pedagogik faoliyat obyektining o’ziga xos tomonlari quyidagicha: Inson tabiatning o‘lik materiali emas, balki takrorlanmas individual sifatlari, faqat o‘ziga xos munosabati va bo‘layotgan voqealarni o‘zicha tushunadigan, aktiv faoliyat ko‘rsatuvchi mavjudotdir. U o‘zining maqsadi, motivlari, xulqi bilan ajralib turadigan pedagogik jarayonning ishtirokchisidir. Shunday qilib, pedagogik faoliyatning obyekti bir vaqtning o‘zida shu faoliyatning subyekti ham hisoblanib, turli pedagogik ta’sirlarga turlicha munosabatda bo‘ladi, balki o‘sha ta’sirlarni o‘z ichki dunyosi, qarashlari orhali galvirdan o‘tkazadi.
O‘qituvchi doimo o‘zgarib turuvchi, rivojlanishda bo‘lgan shaxs bilan muloqotda bo‘ladi. Shuning uchun unga bir xilda, shablon tarzdagi tasirlarni qo‘llamaslik kerak. Bu o‘ta murakkab jarayon hisoblanib, pedagogdan doimo ijodiy izlanishda bo‘lishni talab etadi.
Tarbiyaning asosiy vositalari-tarbiyalanuvchi ishtirok etadigan turli ko‘rinishdagi faoliyatlar: mehnat, muomala, o‘yin, o‘qish.
Bu masalada ayrim pedagoglar subyekt sifatida jamoa faoliyati ko‘rinishidagi ishlab chiqarish mehnati bolalar hayotini tashkil etishini o‘qitish jarayoni deb tushunsa, boshqa birovlari jamoa ijodiy ishlar orqali jamoani mustahkamlash zarur deb hisoblashadi.
O‘quvchi, tarbiyachi faoliyatidagi eng asosiy masalalardan biridir bu, o‘quvchi, tarbiyalanuvchi obyektini, tarbiya maqsadini amalga oshirishda faol ishtirokchiga, ya’ni o‘zaro ta’sir tizimini yuzaga keltiruvchi subyektga aylantirish bo‘lib qolmog‘i lozim. Bu jarayon, asosan, shaxs kelajak hayotini ijtimoiylashtirish, uning shaxsiy ehtiyojlarini jamiyat ehtiyoji bilan bog‘lay olish, uning mohiyatini anglab yetish orqali amalga oshirish mumkin.
Haqiqiy o‘qituvchi pedagogik faoliyatning asosiy komponentlari (maqsad, vosita, obyekt, subyekt)ni tushuna borib boshqarishni bilishi, maqsadlarni aniqlay olishi, subyektni faollashtirishning zarur vositalarini tanlab olishi kerak. Lekin qanday qilib qaysi o‘ziga xos shaxsiy qobiliyatlar, ichki imkoniyatlar hisobiga o‘z shaxsining nimasiga tayanib aytilganlarni amalga oshiradi.
Biz bu yerda pedagogik mahoratni shaxsiy faoliyat nuqtai nazaridan tushunishga harakat qilamiz hamda uni kasbiy faoliyatni tashkil etishni yuqori saviyada amalga oshirilishini ta’minlaydigan shaxsiy kompleks xususiyatlar yig‘indisi degan tushuncha nuqtai nazaridan yondashishga harakat qilamiz. Bunday muhim xususiyatlarga faoliyatning insonparvarlik yo‘nalishi, o‘z kasbiy bilimi, pedagogik qobiliyati va pedagogik texnika kiradi. Bu ta’rifda biz uchun eng muhimi quyidagilardir.
Birinchidan: pedagogik mahorat - shaxs tuzilishida bu o‘z-o‘zini tashkil etuvchi tizim bo‘lib, bu o‘rinda sistema bunyod etuvchi omil bo‘lib insonparvarlik yo‘nalishi hisoblanadi. Chunki uning faoliyati pedagogik jarayonni, ijtimoiy tuzum talabi darajasida yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Ikkinchidan: pedagog kasbiy mahoratining asosi bo‘lib, uning chuqur, tushunib, anglab etadigan pedagogik bilim muhim hisoblanadi. Yo‘naltirilgan kasbiy bilim, yaxlit o‘z - o‘zini tashkil etuvchi yuqori kasbiy faoliyat asosini tashkil etadi.