18. Fenologik kuzatishlar olib borish. FENOLOGIYA (yun. phainimena — hodisa va… logiya) — tabiatdagi mavsumiy hodisalar, ularning boshlanish muddatlari va shu muddatlarni belgilovchi omillar toʻgʻrisidagi bilimlar sistemasi. «Fenologiya» terminini belgiyalik botanik Sh. Morran taklif etgan (1853). Yuksak oʻsimliklarda kurtaklarning boʻrtishi va yozilishi, barg chikarishi, gunchalash (shonalash), gullash, urugʻ va mevalarning pishib yetilishi, kuzda barglar sargʻayishi va toʻkilishi (xazonrezgilik); sut emizuvchi hayvonlarda qishki uyqudan uygʻonish, juftlashish, bolalash, mavsumiy tullash va h. k. ; qushlarda bahorgi uchib kelish, uya solish, tuxum qoʻyish, joʻja ochish, kuzgi uchib ketish va b. ; baliqlarda bahorgi serharakat hayot, uvildiriq (ikra) tashlash, mavsumiy koʻchib yurish; hasharotlarda qishlab chiqqan individlarning bahorgi uygʻonishi, gʻumbaklardan hasharotlar paydo boʻlishi, tuxumdan lichinka (qurt) ochib chiqishi, juftlashishi, tuxum qoʻyishi va h. k. ning sodir boʻlish muddatlarini oʻrganadi.
Tekshirish obyektiga binoan, Fenologiya umumiy va xususiy Fenologiyaga boʻlinadi. U mumiy Fenologiya tabiat taraqqiyotini yil fasllarining bir meʼyorda almashinib turishi b-n bogʻliq holdagi yaxlit hodisa sifatida oʻrganadi. Xususiy Fenologiya fitofenologiya yoki oʻsimliklar F. si hamda zoofenologiya — hayvonlar F. siga boʻlinadi. Fitofenologiyada madaniy va yovvoyi oʻsimliklar, begona oʻt va b. ning mavsumiy rivojlanishi oʻrganiladi.
Tabiatdagi mavsumiy hodisalar qadimdan oʻrganila boshlagan. Xozirgi ilmiy Fenologiya 18-a. da qaror topdi. 1734-y. da fransuz olimi R. Reomyur gʻalla ekinlari va hasharotlarning mavsumiy rivojlanishi xaroratga bogʻliq ekanligini oʻrgana boshladi. 1748-y. dan boshlab K. Linney fenologik kuzatishlar olib bordi va 1750-y. da kuzatuv punktlarining birinchi tarmogʻini tashkil etdi. 19-a. oʻrtalariga kelib, Gʻarbiy Yevropadagi barcha yirik mamlakatlar va Rossiyada fenologik kuzatishlar olib boriladigan boʻldi. 20-a. da fenologik kuzatishlar va tadqiqotlar Markaziy Yevropadagi hamma mamlakatlar hamda AK,Shda, keyinroq borib, boshqa mamlakatlarda, jumladan, Oʻzbekistonda ham keng tarqaldi.
Tabiatdagi mavsumiy hodisalarning boshlanish muddatlarini belgilab beruvchi omillar va qonuniyatlarni ekologik Fenologiya oʻrganadi. Bu omillar endogen va ekzogen omillarga boʻlinadi. Ekzogen omillarni tashqi muhit belgilaydi. Oʻsimliklarning bahorgi uygʻonish muddatlarini, asosan, issiqlik rejimi belgilab beradi. Hayvonlarda mavsumiy hodisalarning muddati, koʻpincha, ularning oziklanish sharoiti bilan bogʻliq. Mac, hasharotxoʻr qushlar bahorda hasharotlar koʻpaygan vaqtda uchib keladi.
Odatda, oʻsimliklar ustida oʻtkaziladigan fenologik tadqiqotlarda vizual kuzatish, miqdoriy oʻlchash (mas, oʻsimliklar massasining oʻsishi), integral (u yoki, bu rivojlanish fazasiga kirgan oʻsimliklar soni foiz hisobida) metodlar qoʻllanadi. Har yillik kuzatishlar natijasi spektrlar shaklida; muayyan hududda oʻsimliklarning har xil fenofazaga kirish muddatlari jadval va grafik shaklda tabiat kalendariga qayd etib boriladi. Odatda, bunday kuzatishlar maxsus ajratilgan tajriba maydonchalari va tabiat qoʻriqxonalarida oʻtkaziladi. Kuzatish natijalari, yaʼni u yoki bu fenofazalar muddati geografik atlaslar tarkibiga kiruvchi fenologik xaritalarga tushiriladi.
Fenologiya maʼlumotlaridan q. x. ekinlarini ekish va hosilni yigʻishtirib olishning eng qulay muddatlarini belgilab berish, asalarilar uchun asal shirali oʻsimliklar va yashil xiyobonlar tashkil etish uchun daraxtlarni tanlashda, oʻrmonlarda va b. joylarda yongʻin eng koʻp xavf tugʻdiradigan fasllarni aniklashda foydalaniladi