1.8. Chizmalarda o’lchamlar qo’yish (D.st. 2.307-96)
Chizmada tasvirlangan buyum yoki uning qismlarining katta-kichikligi to’g’risida, masshtabdan qat’iyy nazar, o’lcham sonlari bo’yicha fikr yurgiziladi. Chizmalarda o’lchamlar qo’yish qoidalari D.st. 2.307-96 da belgilangan.
Chizmada o’lcham qo’yish uchun chiqarish va o’lcham chiziqlari chiziladi. O’lcham chiziqlari ikki tomonidan strelkalar bilan chegaralanadi. Strelka o’lchami ko’rinar kontur chizig’i yo’g’onligiga bog’liq bo’lib, chizmaning barcha o’lchamlari uchun bir xil bo’lishi lozim (12-rasm, a). To’g’ri chiziq kesma o’lchamini qo’yishda, o’lcham chizig’ini shu kesmaga parallel qilib 6... 10mm masofada, chiqarish chiziqlari esa o’lcham chiziqlariga perpendikulyar qilib o’tkaziladi. Chiqarish chiziqlari o’lcham chizig’i strelkalari uchidan 1...5 mm chiqib turishi zarur. O’lcham sonlari o’lcham chizig’ining ustiga, unga parallel qilib va iloji boricha uning o’rtasiga yaqinroq qo’yiladi. Sonlarning balandligi chizmaning masshtabiga va uning vazifasiga qarab olinadi, lekin u 2,5 mm dan kam bo’lmasligi, qalamda chizilgan chizmalarda esa 3,5 mm dan kam bo’lmasligi zarur.
O’lcham chiziqlari tasvir konturidan tashqarida qo’yiladi, agar chizmani o’qish qulayligi buzilmasa, uni, chizma konturi ichiga ham qo’yishga ruxsat etiladi. Har bir o’lcham chizmada bir marta qo’yilishi kerak. O’lchamlar mm hisobida o’lchov birligini ko’rsatmay qo’yiladi.
Agar o’lchamlar boshqa o’lchov birligida (santimetr, metr hisobida) berilsa, u holda tegishli o’lcham sonlari o’lchov birligi bilan (sm, m) yoziladi yoki ular texnikaviy talablarda ko’rsatiladi.
Kontur, o’q va markaz chiziqlaridan o’lcham chiziqlari sifatida foydalanish mumkin emas. Kichik o’lchamlar tasvir konturiga yaqin, katta o’lchamlar esa konturdan uzoqroqda joylashishi kerak. Bunda chiqarish chiziqlari o’lcham chiziqlarini kesmaydi.
O’lcham sonlarini chiziqlar kesib o’tmasligi lozim. Agar o’lcham soni shtrixlanadigan yuzaga qo’yilsa, u holda shtrixlar o’lcham soniga yaqin joyda yozib qo’yiladi (12- rasm, c).
O’lcham sonini qo’yish uchun joy yetarli bo’lmasa, o’lcham sonlari 6- rasmda ko’rsatilgandek qo’yiladi. Diametr o’lchamini ko’rsatishda har qanday ko’rinishda ham o’lcham soni oldiga belgi qo’yiladi, radius o’lchamini qo’yishda esa R harfi qo’yiladi. Radius o’lcham chizig’ining faqat aylana yoyiga tegib turgan uchigagina strelka qo’yiladi.
Dostları ilə paylaş: |