Masshtab deb, chizmada tasvirlangan buyumning chiziqli o’lchamlarini uning haqiqiy o’lchamlariga (asliga) nisbatiga aytiladi.
Masshtab sonlar bilan ifodalanishi (sonli masshtab) yoki grafikaviy tasvirlanishi (chiziqli masshtab) mumkin.
Sonli masshtab kasr orqali belgilanadi va u tasvirning chizmada necha marta kattalashtirilganligi yoki kichraytirilganligini ko’rsatadi. Chizmalarni chizishda ularning vazifasiga, buyum va inshootlar formalarining murakkabligiga, ularning o’lchamlariga qarab quyidagi sonli masshtablar qo’llaniladi:
Yirik ob’yektlarning bosh rejalarini loyihalashda 1 :2000; 1 :5000; 1:1000; 1 :20000; 1 : 25000; 1:50000 masshtablar qo’llanadi.
Agar chizma bitta masshtabda chizilgan bo’lsa, u chizmaning asosiy yozuvi (burchak shtampi) dagi masshtab uchun mo’ljallangan grafada 1:1; 1:2; 1:100 va hokazolar tipida ko’rsatiladi. Agar chizmada biror tasvir, asosiy yozuvda ko’rsatilgan masshtabdan boshqa masshtabda chizilgan bo’lsa, u holda tegishli tasvir ustida masshtab M 1:1; M 1:2 va hokazo tipida ko’rsatiladi.
Sonli masshtablardan foydalanib chizmalar chizishda, chiziladigan chiziqlarning o’lchamlarini aniqlash uchun hisoblash zarur.
Masalan, tasvirlanadigan buyumning uzunligi 4000 mm, sonli masshtab 1:50 bo’lsa, chizmada chiziladigan chiziqning uzunligini aniqlash uchun 4000 mm ni 50 ga (kichraytirish darajasi) bo’lish va olingan kattalikni (80 mm) chizmaga qo’yish lozim.
Hisoblashni kamaytirish maqsadida masshtab lineykasidan foydalaniladi yoki sonli masshtabga mos qilib chiziqli masshtab yasaladi. Bunda to’g’ri chiziq o’tkaziladi va unga masshtab asosini, ya’ni qabul qilingan o’lchov birligini (1000 mm) kichraytirish o’lchamiga bo’lish natijasida hosil bo’lgan kattalik 1000:50 = 20 mm ni bir necha marta qo’yib chiqiladi.
Chap tomondagi birinchi kesmani, uning har bir bo’lagi butun songa to’g’ri keladigan bir nechta teng bo’lakka bo’lib chiqiladi. Agar bu kesma 10 ta bo’lakka bo’linsa, u holda uning har bir bo’lagi 100 mm ga to’g’ri keladi. Masshtab asosiga to’g’ri kelgan nuqtalarga haqiqiy o’lchamiga mos keladigan sonli qiymatlari yozib qo’yiladi, bunda o’ng tomondagi birinchi bo’linish chizig’iga har doim nol qo’yiladi. Noldan chap tomondagi mayda bo’laklarning qiymati ham 4-rasmda ko’rsatilganidek yozib qo’yiladi.
Yasalgan masshtab lineykasidan foydalanib, masalan, 4650 mm ni olish uchun sirkul-o’lchagichning o’ng oyoqchasini 4000 ga, chap oyoqchasini esa noldan chap tomondagi kasrli olti yariminchi bo’linmaga qo’yish lozim. Sanoat va grajdan binolari chizmalarini, mashinasozlik, sanitariya texnikasi jihozlari va turli konstruksiyalar chizmalarini chizishda qabul qilingan masshtablar kitobning tegishli bo’limlarida ko’rsatilgan.