27
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim konsepsiyasida mutaxassis vazifalari
quyidagicha belgilangan: „... mutaxassis o‘z faoliyati, sohasidan qat’i nazar, ijodiy
jamoalarda ishlay olish qobiliyatiga, menejment va marketing sohalarida
tayyorgarlikka ega bo‘lishi, yangi texnologiyalarni joriy etishning xo‘jalik, ijtimoiy va
madaniy jihatlarini aniq tasavvur qila olishi kerak”. Ushbu fikrlar o‘qituvchilarga ham
bevosita taalluqli. Chunki jamiyatimizda sodir bo‘layotgan tub o‘zgarishlar, bozor
munosabatlariga kirib borishimiz o‘qituvchidan nafaqat kasbiy bilimlarni, balki
iqtisodiy, yuridik, texnikaviy bilimlardan ham xabardor bo‘lishni taqozo qilmoqda.
Zamonaviy pedagog shaxsiga qo‘yiladigan talablar: Hozirgi zamon
o‘qituvchisining asosiy fazilatlaridan biri – o‘z kasbiga sadoqatliligi, g‘oyaviy
e’tiqodliligi, o‘z kasbini sevishi uni boshqa kasb egalaridan ajratib turadi. Chunki
maktabda ta’lim tarbiya ishining yuqori saviyada olib borilishi faqat o‘qituvchiga,
uning kasbiy tayyorgarligiga bog‘liq. O‘qituvchi shaxsiga qo‘yiladigan muhim
talablardan biri shuki, u o‘zi o‘qitayotgan predmetlarni chuqur bilishi, uning
metodikasini o‘zlashtirib olgan bo‘lishi zarur. Predmetni va uning nazariyasini chuqur
bilishi, uni qiziqarli qilib o‘quvchilarga yetkaza olishi bolalarning shu predmetga
bo‘lgan qiziqishini orttiradi, o‘qituvchining obro‘yini oshiradi. O‘quvchilar
o‘qituvchining o‘z bilimlarini bolalarga yetkaza olish imkoniyatlarini qadrlabgina
qolmay, balki uning fidoyiligini ham taqdirlashadi. O‘qituvchining yuksak madaniyati,
uning teran bilim doirasi (ayniqsa, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng
xalqimizning o‘z tarixi, madaniyati, urf-odatini o‘rganishga, bilishga bo‘lgan qiziqishi
ortib borayotgan davrda) ta’lim-tarbiya ishlarining muvaffaqiyatli kechishiga yordam
beradi.
Hozirgi zamon o‘qituvchisi va ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi milliy
qadriyatlarimizni bilibgina qolmay, keng ota-onalar jamoatchiligi ichida, sinfda uning
otashin targ‘ibotchisi ham bo‘lishi kerak. O‘qituvchi kasbiga xos bo‘lgan muhim
talablardan biri– bolalarni sevish, ularning hayoti bilan qiziqish, har bir shaxsni hurmat
qilishdan iboratdir. Bolani sevgan, butun kuch va bilimini bolalarning kelajagi, ularni
Vatanga sodiq fuqaro qilib tarbiyalashga safarbar qila oladigan insongina haqiqiy
o‘qituvchi bo‘la oladi. Bolaga befarq, uning kelajagi bilan qiziqmaydigan,
o‘qituvchilik kasbiga loqayd inson haqiqiy o‘qituvchi bo‘la olmaydi.
“Boshlang‘ich ta’lim konsepsiyasi” da boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining
qiyofasi quyidagicha ta’riflanadi: „...eng muhimi, bolalarda o‘qish, o‘rganishga
chinakam havas, ishtiyoq uyg‘otuvchi, e’tiqod hosil qiluvchi ustoz sifatida alohida
o‘rin tutadi”. Bu konsepsiyada boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga qo‘yiladigan quyidagi
talablar ham keltiriladi:
O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat ekaniga ishonadigan milliy iftixor
tuyg‘usiga ega bo‘lishi;
bolalarni xalq pedagogikasi durdonalari hamda milliy qadriyatlarimiz asosida
tarbiya qila olishi;
nutqi ravon, xalq tili boyligi, ifoda usuli va tasvir vositalarini, adabiy til uslub
va me’yorini to‘la egallagan bo‘lishi zarur.
O‘qituvchilik kasbiga xos bo‘lgan bunday fazilatlarni undagi pedagogik odob
shakllantiradi. Pedagogik odob o‘qituvchining yuksak kasbiy fazilatidir. U
28
o‘qituvchining sabotli bo‘lish, o‘z hissiyotini idora qila olishi, bolalarga pedagogik
ta’sir o‘tkazish vosita va me’yorlarini belgilashi va aniqlashiga yordam beradigan
fazilat hisoblanadi. Yuksak pedagogik odobga ega bo‘lgan o‘qituvchigina sinfda
mo‘tadil psixologik iqlim o‘rnata oladi, bolalar qalbiga tez yo‘l topa oladi. O‘z xizmati
xususiyatiga ko‘ra o‘qituvchi tashkilotchilik fazilatiga ham ega bo‘lmog‘i lozim.
Buning uchun o‘qituvchi tashabbuskorlik va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lib, har
doim tetik, g‘ayratli, o‘z kuchi va imkoniyatiga ishongan bo‘lmog‘i zarur.
Tashabbuskor va g‘ayratli o‘qituvchi bolalarni o‘z orqasidan ergashtira oladi,
o‘quvchilar unga ergashadi. O‘qituvchilik kasbi juda katta ruhiy va jismoniy kuch talab
etadi, shuning uchun o‘qituvchining salomatligiga ham ma’lum talablar qo‘yiladi.
O‘qituvchining ovoz paychalari rivojlangan, ko‘rish qobiliyati yaxshi bo‘lishi, uzoq
vaqt tikka tura olishi, ko‘p yurishi, epchil harakat qila olishi (ayniqsa, boshlang‘ich sinf
o‘qituvchilari) kerak. Chunki kichik maktab o‘quvchilari tinib-tinchimaydigan, o‘ta
qiziquvchan, serharakat bo‘ladilar. Bu sharoitda o‘qituvchi ham shu xususiyatlarga ega
bo‘lmog‘i lozim. O‘qituvchi shaxsiga qo‘yiladigan umumiy talablar bilan bir qatorda,
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi kasbining o‘ziga xosligi ham ayrim muayyan talablarni
keltirib chiqaradi. Chunonchi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi anatomiya, fiziologiya,
maktab gigiyenasi fanlaridan xabardor bo‘lmog‘i, o‘quvchilar faoliyatini shu fanlar
tavsiyasi asosida tashkil etishi lozim (sinflari gigiyenik talabga javob berishi,
o‘quvchilar kun tartibi, ularning aqliy va jismoniy rivojlanishini kuzatish va to‘g‘ri
yo‘naltirish); o‘qituvchi o‘z nutqini idora qilishi; adabiy nutq me’yorlariga rioya
qilishi, ovozining baland-pastligiga ahamiyat berishi (ortiqcha baland ovoz bilan
gapirish ham, sekin gapirish ham bolalarni charchatib qo‘yadi); nutqning jonli, ifodali
bo‘lishiga e’tibor berishi; bolalarni charchatib qo‘ymaslik maqsadida darsda ish
turlarini tez-tez o‘zgartira olishi, ota-onalar o‘rtasida pedagogik bilimlarni targ‘ib
qilishi, ular bilan yaqindan aloqa o‘rnata olishi (bu faoliyat turi boshlang‘ich sinf
o‘quvchilarining xulq-atvorini, mayllarini, jismoniy holatini o‘rganishga yordam
beradi) va ularga tarbiyaviy ta’sir o‘tkazishga yordamlashishi kerak.
Nihoyat, u o‘z ustida tinmay ishlamog‘i lozim. Ayniqsa, qadriyatlarimizni
o‘rganishga, o‘zligimizni tanishimizga, qadimiy madaniyatimizni bilishga ehtiyoj katta
bo‘lmoqda, zero, bu narsalarni bilmay turib mustaqilligimizni mustahkamlab, buyuk
davlat qurib bo‘lmaydi. Shunday ekan, boshlang‘ich sinfdan boshlab bolalar sharqona
tarbiya ta’siriga olinmog‘i, milliy qadriyatni bilmog‘i lozim. Bu o‘qituvchidan shu
sohada chuqur bilimga ega bo‘lishni talab etadi.
1. Hozirgi zamon o‘qituvchisining pedagogik fazilati qanday bo‘lishi kerak?
2. Bugungi kun o‘qituvchisiga qo‘yilayotgan talablar mazmuni nimalardan
iborat?
3. Yosh o‘qituvchining darsda pedagogik–psixologik jihatdan tayyorgarligi?
Dostları ilə paylaş: