Birinchisi – nasl tarbiyasi, ya’ni bola tarbiyasi. Bola tug‘ilmasdan oldin
boshlanishi kerak. Ya’ni bo’lg‘usi ona va otaning sog‘ligi, farzand tarbiyalashga
mas’ulligini hisobga olish lozim bo’ladi. Bu – bola, farzand ko’rishni istagan ota-
onaning bo’lajak farzandlari taqdiriga mas’uliyat bilan qarab, o’zlarining
salomatliklarini yaxshilashlarini nazarda tutadi.
Ikkinchi bosqich – homiladorlik davridagi parvarish. Bu masala o’ta muhim,
o’ta ahamiyatlidir. Rivojlangan mamlakatlarda homiladorlik davri tug‘ilajak inson
taqdirining 60 foizini belgilashi ko’zda tutiladi. Bu davrdagi chora-tadbirlar aksariyat
ota-onalar tomonidan amalga oshiriladi.
Uchinchi davr - bola tug‘ilgandan to 6-7 yoshgacha bo’lgan davr. Shu davrga
kelib, bola ma’naviyatining asosiy kurtaklari shakllanib bo’ladi. So’ng ana shu
ma’naviy kurtaklarni parvarishlash va yanada rivojlantirish davri boshlanadi.
Ma’naviy barkamollik balki, beshikdagi allaning mazmunidan, bolani kiyintirish-u uni
halol luqma bilan boqishdan boshlanishi mumkin. Hazrati Bahouddin Naqshband
aytganlaridek insondagi yaxshi fe’llar, amollar halol luqmadandir.
Demak, ota-ona farzandini halol luqma bilan boqsa, u farzand ma’nan pok va
halol bo’lib voyaga yetadi. Biz sho’rolar zamonida buni unutayozdik, ahamiyat
bermadik, boz ustiga tarbiyani ham tuzum o’z manfaatlariga moslashtirib, uni o’z
qo’liga oldi.
Xulosa shuki, bola tarbiyasini dono xalqimiz aytganidek u hali tug‘ilmasdan ota,
ona va butun oila a’zolari hamjihatligida boshlashimiz lozim bo’ladi. Olamda barcha
narsa juft-juft bo’lib yaratilgan. Juft bo’lib yashash tabiat qonuni, taqozosi. Lekin oila
bo’lib yashash barcha maxluqotlar orasida faqat odam nasliga xosdir.
Oila jamiyatning birinchi va birlamchi bo’g‘ini, zarrachasi. Jamiyat ana shu
kichik zarralardan tashkil topadi. Er va xotin – ikki tirik vujudning, ikki olamning
o’zaro ittifoqidan paydo bo’lgan uchinchi bir olam – bu oiladir. Agar oila tinch-totuv,
ahil bo’lsa, olam tinch va obod. Aks holda, turmush do’zaxga aylanadi, oila zindonning
o’zi bo’ladi, buning jabrini esa er va xotinning o’zigina emas, balki farzandlari,
yaqinlari ham tortadi. Oila poklikka va soflikka, ikki tomonlama muhabbatga, sadoqat
va vafodorlikka asoslanishi kerak. Bu farzandlar tarbiyasi uchun muhim omil
hisoblanadi.