VII bob. Shaxsiy huquq va erkinliklar
24-modda.
Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish
eng og‘ir jinoyatdir.
25-modda.
Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi
mumkin emas.
26-modda.
Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning
ishi sudda qonuniy
tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi.
Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab
beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini
kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
27-modda.
Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan,
shaxsiy hayotiga
aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar
joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan
kechirishi, yozishmalar va telefonda
so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.
28-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga
ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega.
Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir.
29-modda.
Har
kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan
axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga
qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan
boshqa cheklashlar bundan
mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli
bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.
30-modda.
O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari,
jamoat birlashmalari va
mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan
hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi
lozim.
Dostları ilə paylaş: