Valyutalar kursi va vaqtda pul qiymati. Faraz qilaylik, Siz 10 000
dollarni yillik foiz stavkasi 10%ni tashkil qiladigan dollarli obligatsiyalarga yoki
yillik foiz stavkasi 3%ni tashkil qiladigan ienadagi obligatsiyalarga
qo’ymoqchisiz. Keyingi yilga investitsiyaning qaysi variantini tanlagan yaxshi va
nima uchun?
Bu savolning javobi yil davomida dollarning ienaga nisbatan valyuta kursi
qanchalik kuchli o’zgarishiga bog’liq. Faraz qilaylik, bugungi kunda ayirboshlash
kursi 1 dollar uchun 100 ienani tashkil etadi. Demak, Sizning 10000 dollar bugun
1000 000 ienaga teng. Agar Siz pullaringizni ienadagi obligatsiyalarga
qo’ysangiz, u holda bir yildan keyin pullaringiz 1030 000 ienaga teng bo’ladi
(ya’ni, 1,03 x 1 000 000 iena). Agar o’z kapitalingizni dollarli obligatsiyaga
qo’ysangiz, pullaringiz 11 000 dollar (ya’ni, 1,1 x 10 000) bo’ladi. Xo’sh, bunday
holatda qaysi omonat foydali?
Agar dollarning ienaga nisbatan ayirboshlash kursi yil davomida 8 foizga
tushib ketsa, 1 dollar uchun 92 ienani tashkil etadi. Ienadagi obligatsiyalar
dollarda 11 196 dollar qiymatga ega bo’ladi (ya’ni 1030000/92). Bu esa dollarli
obligatsiyalar baholangan 11 000 dollardan 196 dollarga ko’p. Ammo, boshqa
tarafdan, agar dollar bir yilda faqat 6%ga tushsa, ayirboshlash kursi bir dollar
uchun 94 ienani tashkil etadi. Ienadagi obligatsiyalarning dollardagi ekvivalenti
10 957 dollarga tenglashadi (ya’ni 1030000/94). Bu esa dollarli obligatsiyalar
baholangan 11000 dollardan 43 dollarga kam.
Kelgusi ayirboshlash kursi qancha bo’lsa Sizga qaysi variantni tanlash
baribir bo’ladi? Investitsiyangizning zararsizlik nuqtasini “0”ga tenglashtiradigan
ayirboshlash kursini topish uchun 1030000 ienani 11000 dollarga bo’ling.
Olingan natija – 1 dollar uchun 93,636 iena. Xullas, xulosa shunday: agar
dollarning ienada ifodalangan qiymati yil davomida 6,364 foizdan ko’pga tushib
ketsa, iena denominatsiyalangan obligatsiyalar investitsiya qilishning eng
maqbul varianti bo’ladi.