Mavzu: IV-XI asrlarda Vizantiyada feodal munosabatlarning vujudga kelishi va shakllanishi Reja :
1.Sharqiy Rim imperiyasining tashkil topishi.
2.V-VI asr boshlarida Vizantiyaning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti.
3.Yustinian I davrida Vizantiya.
4.Isavrlar sulolasining idora qilishi.
5.VIII-IX asrlarda butparastlikka qarshi harakat.
6.Foma Slavyan qо‘zg‘oloni. Pavlikianlik harakati.
7.Makedoniyaliklar sulolasi davrida Vizantiya.
Tayanch iboralar:
Sharqiy Rim imperiyasi, Romeya, varvar, ‘’fuqaro huquqlari to’plami’’, digestlar, institutsiyalar, novellalar, nika, dimlar, ‘’dehqonchilik qonuni’’, isavrlar, xaristakiy, turmarxlar, fem, komninlar, makedoniyaliklar sulolasi, pariklar. Sharqiy Rim imperiyasining tashkil topishi.Vizantiya imperiyasi (395-1204; 1261-1453)- 395 yili Rim imperiyasi (mil.avv.27 yil-mil.395 yil) uzil-kesil ikkiga bо‘lindi: G‘arbiy Rim imperiyasi (395-476) va Sharqiy Rim imperiyasi (Vizantiya). 476 yili sо‘nggi G‘arbiy Rim imperatori Romul Avgustil taxtdan ag‘darildi va imperiya hukmronligi tugadi. Sharqiy Rim imperiyasi esa shundan sо‘ng Vizantiya deb nomlana boshladi va tanaffus bilan (1204-1261 yillarda Konstantinopolni salibchilar istilo qilgan) qariyb ming yil 1453 yil Konstantinopol turklar tomonidan zabt etilguncha mavjud bо‘lgan.
Vizantiya davlati IV asrning oxirida Rim imperiyasidan uning sharqiy qismining ajralib chiqishi natijasida tashkil topdi va ming yildan ortiq, ya’ni 1453 yilda uning poytaxti - Konstantinopol turklar tomonidan bosib olungunga qadar yashadi.
III asr oxirlariga kelib quldorlikni inqirozi natijasida Rim imperiyasini Sharqiy qismi uning g‘arbiy qismidan iqtisodiy va siyosiy jihatdan ajraldi. Rim imperiyasi poytaxtining 330 yili Konstantinopolga kо‘chirilishi mamlakat sharqining iqtisodiy-madaniy jihatdar ustunligini tan olish edi. Sharqiy viloyatlar tarkibiga qulay iqlimli, sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik hududlari kirgan. Uning tabiiy boyliklari (oltin, kumush, mis, temir), neft manbalari, marmar konlari va boshqa mineral zahiralar ham mо‘l bо‘lgan. Qolaversa, Bolqon yarim oroli, Kichik Osiyo, Shimoliy Mesopatamiya, Suriya, Falastin, Misr, shuningdek, Krit, Kipr, Rodos va boshqa orollarda zich aholi joylashgan edi.
Sharqiy Rim imperiyasini, qadimgi yunon polisi Megaraning koloniyasi Vizantiy nomidan Vizantiya deb atashadi. Vizantiy imperator Konstantin tomonidan 320-330 yillari qayta qurilib, poytaxt uning nomini olgan Konstantinopolga о‘tkaziladi. «Rim imperiyasi» degan nom bora-bora yо‘qolib, «Vizantiya imperiyasi» degan nom yuritila boshladi (imperiyaning poytaxti qadimgi vaqtda Vizantiya deb atalgan bо‘lib, 330 yilda Konstantin Buyuk unga Konstantinopol deb nom bergan edi). Bu shaharni poytaxt sifatida tanlanishiga sabab, uning harbiy-strategik jihatdan qulay bо‘lganligi va dunyoning muhim savdo yо‘lida joylashganligi edi. Konstantinopol imperiyaning yirik savdo va hunarmandchilik markazi bо‘lib, bu shaharga dunyoning turli burchaklaridan savdogarlar kelardi. Imperator Konstantin vafotidan oldin vasiyat qilib, uning о‘g‘li Gonariyga imperiyani g‘arbiy qismini, ikkinchi о‘g‘li Arkadiyga esa sharqiy qismini qoldirdi.
395 yilda G‘arbiy Rim imperiyasidan uzil-kesil ajralib chiqqan Sharqiy Rim imperiyasi hududiga quyidagi yerlar kirar edi: Bolqon yarim oroli, Kichik Osiyo, Egey dengizi orollari, Suriya, Falastin, Misr va Shimoliy Qora dengiz hududlari kirar edi. Uning hududida greklar, frakiyaliklar, illiriylar, yahudiylar, suriyaliklar, armanlar yashar edi. Imperiyaning bu qismi aholisining kо‘pchiligi yunon tilli bо‘lib, ular о‘zlarini romeylar, davlatlarini esa Romey (Rim) deb nomlashgan. Lotin tili yana uzoq vaqtgacha Sharqiy imperiyaning davlat tili bо‘lib qoldi. Lekin Sharqda xalq grek tilida gaplashardi. Ba’zi olimlar, Vizantiya imperiyasi 395 yilda, ya’ni Feodosiy I vafot etgach, imperiya uning о‘g‘illari Arkadiy va Gonoriylar о‘rtasida taqsimlanib, sharqiy yarmi Konstantinopol shahri bilan birga Arkadiyga о‘tgan vaqtda tuzilgan deb hisoblaydilar.