XII asr oxiri va XIII asr boshlarida mo’g’ullarning ijtimoiy tuzumi va xo’jalik hayoti. Ijtimoiy rivojlanish jihatidan mo’g’ul qabilalari ibtidoiy jamoa tuzumi bosqichidan endi chiqa boshlagan edilar. Bu qabilalarning dini shamanizm edi. Chorvador qabilalar bo’lgan tatar, karent, nayman va boshqalarning asosiy boyligi qoramollar va yilqi edi. Tuyalar kam bo’lib, u ham faqat naymanlarda bo’lgan. Otlar ko’chmanchi mo’g’ul qabilalari hayotida muhim o’rin egallagan. Xitoy tarixchisi Men Xunning yozishicha:’’Tatarlar egar va ot ustida tug’iladilar va katta bo’ladilar. Ular o’z-o’zidan jang qilishga o’rganishadi, sababi, ularning yil boyi umri ovda o’tadi’’.
Ular uchun ot ovda va jangda jangovor do’st edi. Yilqi ularga qimiz uchun sut bergan. Bir yaylovdan ikkinchisiga o’tishganda mo’g’ul qabilalari xalqa (kuren) shaklida ko’chib joylashishgan. Bir xalqaga ming atrofida o’tov oila kirgan. Bu kursi o’rtasida qabila yo’lboshchisining o’tovi joylashgan. Bu jamoa bo’lib yashashning bir ko’rinishi edi. Bu birgalikda himoya qilish usulining ham bir ko’rinishi edi. Asta-sekin chorvachilik xo’jaligini jamoa bo’lib yuritish inqirozga yuz tuta boshlaydi. Uning o’rnini oila bo’lib ko’chish egallaydi. Ammo bu jarayonga o’tish juda sekin kechdi.
Mo’g’ullarning harbiy istilochilik yurishlari. 1204 yilda Temuchin tomonidan mag‘lubiyatga uchratilgan nayman qabilalari xukmdori Kuchlukxon Irtish daryosi vodiysiga borib, merkitlar xoni To‘xtabek bilan birlashdi. Biroq 1205 yilda u joyda mo‘g‘ullar tomonidan yana tor-mor etiladi. Tug‘lukxon naymanlarni omon qolgan qismi bilan Chu daryosi vodiysiga chekinib boradi, u mahalliy turkiy qabilalar va qoraxitoylar bilan uzoq davom etgan kurash oqibatida Sharqiy Turkiston va Janubiy Yettisuv xududida o‘rnashib qoladi. Biroq, 1218 yilda mo‘g‘ullarning Jebe noyon boshchiligidagi ulkan sonli qo‘shini Kuchlukxonning otryadlarini tor-mor etadi. Natijada Chingizxon, O‘rta Osiyo va Eronning katta qismini o‘z ichiga olgan Xorazmshoxlar davlati bilan chegaradosh bo‘lib qoladi. 1211 yil va 1234 yillar o‘rtasida mo‘g‘ullar chjurchjen va tang‘utlar davlatini yo‘q qilib, Shimoliy Xitoyni bosib oldi, ya’ni Szin imperiyasining katta qismi egallandi. Xorazmshoh Muxammad II (1200 - 1220) o‘z elchilarini Chingizxon xuzuriga jo‘natdi. Mazkur diplomatik missiya(tashrif)ning asosiy maqsadi mo‘g‘ullarning qurolli kuchlari va kelgusidagi harbiy rejalari to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ish bo‘lgan. Xorazmlik vakillarni Chingizxon hayrihohlik bilan, lutfan kutib oldi va musulmon Sharqi bilan qizg‘in savdo aloqalarini o‘rnatishga umid bildirdi. U elchilarga, sulton Muxammadni g‘arbni xukmdori, o‘zini esa sharqni xokimi deb hisoblashini, yetkazishlarini buyurdi. Buning ortidan Xorazmshohlar davlatining poytaxti – Urganchga o‘z elchilarini yubordi. Chingizxon o‘z elchilari orqali ikki buyuk davlatlar o‘rtasida tinchlik va savdo ahdnomasi tuzishni taklif qildi. 1218 yilda mo‘g‘ullar O‘rta Osiyoga juda ko‘plab qimmatbaho mollar va sovg‘alar ortilgan yirik savdo karvonini jo‘natishdi. Biroq chegaradagi O‘tror shahriga yetib kelgach, karvon talon – taroj qilindi, odamlari esa o‘ldirib yuborildi. Bu esa mo‘g‘ul qo‘shinining ulkan harbiy yurishini tashkil etish uchun qulay bahona bo‘ldi. 1219 yilning kuzida Chingizxon Xorazmshoh Muxammadga qarshi urush xarakatlarini boshladi. Bu paytda Chingizxon lashkarlarining umumiy soni 200 mingga(ba’zi manbalarda 600000 jangchi) yaqin edi.
Bu haqidagi xabar Urganchdagi sulton saroyini xavotirga soldi. Shoshilinch ravishda chaqirilgan oliy davlat kengashining yig‘ilishi, kelgusidagi harbiy harakatlarni biron – bir oqilona, mantiqiy rejasini ishlab chiqa olmadi. Muxammad II ning yaqin safdoshi bo‘lgan Shaxobiddin Xivakiy, xalq lashkarini to‘plashni va barcha jangovar kuchlar bilan dushmanni Sirdaryoning qirg‘og‘ida qarshi olishni taklif qildi. Harbiy xarakatlarni boshqa rejalari ham taklif qilindi, biroq sulton passiv mudofaa taktikasini tanladi. Xorazmshoh va uni qo‘llagan amaldorlar hamda sarkardalar, mo‘g‘ullarning qamal qilish san’atiga yetarlicha baho bermasdan, Movarounnaxr shaxarlarini mustahkamligiga umid bog‘lashdi va haddan ortiq ishonishdi. Sulton asosiy kuchlarni Amudaryo yonida to‘plashga qaror qildi va ularni qo‘shni viloyatlardan chaqirilgan ko‘ngilli askarlar hamda xalq lashkari hisobiga kuchaytirmoqchi bo‘ldi. Muxammad va uning harbiy sarkardalari, qal’alarda yashirinib kutib o‘tirib, mo‘g‘ullar o‘ljalar qidirib butun mamlakat bo‘ylab yoyilib, tarqab ketgach, ularga xujum qilishni rejalashtirishdi. Biroq bu strategik reja o‘zini oqlamadi, oxir – oqibatda O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Erondagi shahar va qishloqlar aholisining minglab ommasi xalok bo‘ldi.
Chingizxonning ulkan lashkari 1219 yilning kuzida O‘tror shahri ostonalariga keldi va besh oy davom etgan qamaldan so‘ng 1220 yilda shahar egallandi. Mo‘g‘ullar shu joydan uchta yo‘nalish bo‘ylab xarakatlanishdi. Jo‘chixon qo‘mondonligi ostidagi otryadlar Sirdaryoning quyi etagidagi shaharlarni bosib olish uchun otlanishdi. Ikkinchi otryad Xo‘jand, Binokat va Movarounnaxrning boshqa aholi punktlarini bo‘ysundirishga yo‘l oldi. Chingizxonning shaxsan o‘zi va uning kenja o‘g‘li Tuluy boshchiligidagi mo‘g‘ullarning asosiy kuchlari Buxoroni zabt etish uchun xarakatlanishdi.
1220 yilning boshlarida uncha uzoq davom etmagan qamaldan so‘ng Chingizxon Buxoroni egallab, shaharni vayron qildi va o‘t qo‘ydi. Istilochilar tarafiga o‘tgan mahalliy zodagonlar va bir qismi asirga olingan hunarmandlardan tashqari shahar aholisining ko‘pchiligi qirib tashlandi. Qirg‘indan tasodifan omon qolgan aholi, qamal ishlarini tashkil etishda qatnashish uchun ko‘ngillilar lashkariga safarbar qilindi. 1220 yilning mart oyida Chingizxonning o‘rdalari Samarqand shahri ostonalarida paydo bo‘ldi, bu joyda xorazmshohning kuchli garnizoni mavjud edi. Biroq shahar egallandi, vayron etildi, shahar mudofaachilari qirib tashlandi, faqat usta hunarmandlarning bir qismi omon qoldirilib, qullikka haydab olib ketildi. Chingizxonning yovvoyi qo‘shinlari Samarqandni – Afrosiyobni tamoman buzib tashladilar. Tez orada butun Movarounnaxr mo‘g‘ullar qo‘l ostida qoldi.
Yuzaga kelgan keskin vaziyat zudlik bilan va keskin choralarni ko‘rishni talab qilar edi. Biroq irodasi bo‘sh, qat’iyatsiz sulton va uning yaqin safdoshlari dushmanga jiddiy qarshilik ko‘rsatish uchun hech qanday choralar ko‘rishmadi, aksincha qo‘rquvdan aqlu – hushini yo‘qotib, saromsimaga tushib, barcha tomonga tinch aholini harbiy xarakatlarga aralashmasliklari to‘g‘risida farmonlar jo‘natdi. 1221 yilda O‘rta Osiyoning so‘nggi yirik shahri – mo‘g‘ullarga qattiq qarshilik ko‘rsatgan Marv egallandi. Buning uchun o‘ch olish maqsadida, Chingizxonning bo‘yrug‘iga ko‘ra, Marv vohasi yerlarini suv bilan ta’minlab turadigan Marv yaqinidagi mashhur Murg‘ob to‘g‘oni buzib tashlandi, natijada voha susiz qolib, cho‘lga aylandi. Bu vaqt ichida Chingizxonning eng yaqin noyonlari - Jebe va Subutoy boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlarining bir qismi, xorazmshoxning o‘g‘li Jaloliddin Manguberdini ta’qib qilishda davom etib, ular Kaspiy dengizining janubiy sohili bo‘ylab Kavkazortiga o‘tib, o‘z yo‘lida hamma yoqni talab, xarobaga aylantirib, Ozarbayjon va Gruziyaga suqulib kirishdi. 1220 yilning dekabr oyini oxirida mo‘g‘ul qo‘shini Armanistondagi Kura va Alazan daryolari qo‘shiladigan Xunan vodiysida gruzin va armanlarning ittifoqchi qo‘shini ustidan g‘alaba qozonishdi. So‘ngra mo‘g‘ullar Shimoliy Kavkazga bostirib kirishdi. Bu joyda ular, birgalikda harakat qilayotgan, qipchoqlar va alanlarga duch kelishdi. Dastlab mo‘g‘ullar qipchoqlar bilan tinchlik sulhi tuzishdi va alanlarni tor – mor qilishdi, so‘ngra esa qipchoqlarga tashlanishdi. So‘ng Kavkazdagi Darband darasi orqali qochib chekinayotgan qipchoqlarni ta’qib qilayotgan Jebe va Subutoy boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari, Donga - qipchoq cho‘llariga tutish bo‘lgan janubiy rus cho‘llariga kirib borishdi. Mo‘g‘ullar cho‘llar orqali Qrimga kirib borishdi va Suroj(hozirgi Sudak) shahrini egallab, vayron qilishdi. Qipchoq xonlari yordam so‘rab rus knyazlariga murojaat qilishdi. Bu iltimosga Chernigov, Volin, Kiyev va boshqa janubiy rus knyazliklari hayrihohlik bildirishdi. 1223 yil 31 may kuni mo‘g‘ul qo‘shinlari, azovbo‘yi cho‘llaridagi Kalka daryosi bo‘yida rus knyazlari va qipchoq xonlarining ittifoqchi kuchlarini yakson qilishdi. Birdamlik va hamjihatlik yo‘qligi, bir – birlari bilan kelishmasdan harakat qilishlari oqibatida rus va qipchoqlarni ittifoqchi qo‘shini mag‘lubiyatga uchradi. Bu harbiy yurishlar vaqtida mo‘g‘ullar katta talofatlar ko‘rishdi. Tez orada mo‘g‘ullar Volga daryosi bo‘yida yashovchi bulg‘orlarga qarshi otlanishdi, biroq bu joyda mo‘g‘ullar mag‘lubiyatga uchrab, O‘rta Osiyoga qaytishdi va u joydagi Chirchiq vodiysida, Jebe va Subutoy boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinini, Afg‘oniston va Shimoliy Hindistonga amalga oshirilgan harbiy yurishda qaytib kelgan Chingizxonning o‘zi kutib oldi. 1225 yilning kuzida mo‘g‘ul qo‘shinlari Mo‘g‘ulistonga qaytib borishdi. 1226 yilda Chingizxon, mo‘g‘ullarga qattiq qarshilik ko‘rsatayotgan G‘arbiy Sya davlatiga qarshi harbiy yurishga otlandi va 1227 yilda ularni batamom yakson qildi. Tongg‘utlarning ko‘pchiligi qirib tashlandi, tirik qolganlari esa qulga aylantirildi. 1227 yilda Mo‘g‘ulistonga qaytayotganida, yo‘lda Chingizxon vafot etdi.