Mashina dеtallarining ishchanlik qobiliyati va hisoblash mezonlari Detallarning ishchanlik qobiliyati ularning ishlash sharoitlaridan kelib chiqadigan qator
mezonlar orqali baholanadi. Boshqacha aytganda, mashina detallarini hisoblashda va ishchanlik
qobiliyatini baholashda mashina yoki detalning ish sharoiti, muhiti, unga ta’sir ko’rsatadigan
omillari albatta e’tiborga olinishi lozim. Masalan, abraziv sharoitda ishlatiladigan tishli g’ildirak
juftligi bilan toza sharoitda ishlatiladigan tishli g’ildirak juftligi birdek xizmat muddatiga ega
emas. Yuk ko’tarishda ishlatiladigan po’lat arqonlar bilan faqat biror konstruksiyani ushlashda
qo’llaniladigan po’lat arqonning ish sharoitini bir xil deb bo’lmaydi. Shuning uchun ham
detallarni hisoblashda va ishchanlik qobiliyatini baholashda mezonlar kiritilgan. Bunday mezon-
larga mustahkamlik, bikrlik, yeyilishga chidamlilik, issiqbardoshlik, titrashga chidamlilik kabilar kiradi.
Mustahkamlik. Barcha detallarning ishchanlik qobiliyatining asosiy mezoni - bu
mustahkamlikdir. Mustahkamlik detalning yemirilishga yoki unga qo’yilgan yuklama ta’sirida plastik deformasiyaga qarshilik ko’rsatish qobiliyatidir. Mustahkamlikni hisoblash
usullari asosan «Materiallar qarshiligi» kursida o’rganiladi. Detallarning ishlash sharoiti, ularga
ta’sir etadigan turli yuklamalar detallarning albatta qisman bo’lsada, deformasiyalanishiga olib
keladi. Detallar ish jarayonida deformasiyalanganda ham o’z xizmat vazifasini benuqson
bajarishi va sinmay ishlay olish xususiyatini ularning mustahkamligi deb atash joiz. Detallarni
mustahkamlikka hisoblashda normal [σ] va urinma [τ]ruxsat etilgan kuchlanishlarni to’g’ri
aniqlay olish birlamchi ahamiyatga molikdir. Normal va urinma kuchlanishlar juda ko’p
omillarga bog’likdir. Bu omillarga quyidagilar kiradi:
a) tanlab olingan material va zagotovka (tanovar)larni olish usuli (quyma, bosim ostida rasm
berish, qirqish va boshqalar), termik ishlov turi;
b) detalning ma’suliyatlilik darajasi va uning ish maromi;
v) detalning rasmi va o’lchamlari;
g) detal yuzasining notekisligi va b.
Mazkur kursda ruxsat etilgan kuchlanishlarni tanlash to’g’risidagi aniq ko’rsatmalarni mos
detallarni hisoblashlarda berishni lozim topdik.