Didaktikaning vazifalari quyidagilardan iborat: - ta’lim jarayonlari va ularni amalga oshirish shartlarini ta’riflash va tushuntirish;
- ta’lim jarayonini yanada mukammal tashkil etish, ya’ni, ta’lim tizimlari va texnologiyalarini ishlab chiqish;
- ta’lim jarayoni uchun xos bo`lgan umumiy qonuniyatlarni aniqlash, omillarini tahlil qilish va ta’riflash.
Didaktika nazariy va bir vaqtning o`zida me’yoriy-amaliy fan. Didaktikaning ilmiy-nazariy vazifasi ta’limning mavjud jarayonlarini o`rganish, uning turli jihatlari o`rtasidagi bog`liqliklar, ularning mohiyatini ochib berish, rivojlanish tendensiyalari va kelajagini aniqlashdan iboratdir.
O`zlashtirilgan nazariy bilimlar ta’lim amaliyotini yo`naltirish, ta’limini jamiyat tomonidan qo`yilayotgan ijtimoiy talablarga muvofiq takomillashtirishga imkon beradi. Ta’lim mazmunini anglab olish, ta’lim tamoyillari, ta’lim metod va vositalarini qo`llash me’yorlarini aniqlash asosida didaktika amaliy-me’yoriy hamda tashkiliy-texnologik vazifani bajaradi.
3. Didaktikaning asosiy kategoriyalari va didaktik tushunchalar tizimi. Muayyan fanga xos bo`lgan tushunchalarda insoniyat tomonidan ijtimoiy taraqqiyot jarayonida to`plangan bilimlar aks etadi. Mavjud ilmiy tushunchalar ikki asosiy guruhga ajratiladi:
xususiy ilmiy, ya’ni, muayyan fangagina xos bo`lgan tushunchalar.
Didaktika uchun “umumiy va alohida”, “mohiyati va hodisa”, “qarama-qarshilik”, “bog`liqlik” kabi falsafiy tushunchalar ham muhim ahamiyatga ega. Didaktikada qo`llaniladigan umumiy-ilmiy tushunchalar orasida “tizim”, “tuzilma”, “vazifa”, “element” kabilar alohida o`rin tutadi. Pedagogikaga xos didaktik tushunchalar sirasiga quyidagilar kiradi:
ta’lim - o`quvchilarga nazariy bilimlarni berish asosida ularda amaliy ko`nikma va malakalarni shakllantirish, ularning bilish qobiliyatlarini o`stirish va dunyoqarashlarini tarbiyalashga yo`naltirilgan jarayon;