2. Missionerlik faoliyatida ijtimoiy tabaqalar bilan ishlash strategiyasi.
Missionerlar makon va zamonga moslashgan holda o‘z uslub va vositalarini
doimiy takomillashtirib kelganlar. So‘nggi vaqtlarda ular ma’lum bir ijtimoiy
qatlamni ajratib olib, maqsadli ish olib borishga intilmoqdalar. Jumladan,
missionerlar asosiy e’tiborni aralash millat vakillaridan iborat oilalarning a’zolari,
ilgari hech bir dinga e’tiqod qilmagan, og‘ir xastalikka, judolikka, moddiy
qiyinchilikka duch kelgan, axloq tuzatish muassasalaridan chiqib kelgan, ya’ni
moddiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj kishilarga qaratmoqdalar.
Ziyolilarning turli qatlamlari ichida san’at sohasi xodimlari,
kutubxonachilar, o‘rta maktab o‘qituvchilari, turli idoralar xizmatchilari faol
missionerlik targ‘iboti obyekti sifatida tanlanayotganini ham qayd etish lozim.
Bunday yondashuvda o‘ziga xos mantiq bor. Masalan, prozelit san’atkor
san’atning hissiy-emotsional ta’sir quvvatidan foydalanib, e’tiqodiy bosim
o‘tkazishda yuqori samaradorlikka erishishi mumkin bo‘lsa, e’tiqodini
40
o‘zgartirgan kutubxonachida esa «o‘lja» sifatida tanlanganlar bilan yakka tartibda
ishlash imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Missionerlarga tabiatan ishonuvchan, tashqi ta’sirga moyil bo‘lgan va ayni
paytda, hayotda sabr-bardoshli va fidoiy bo‘lish bilan bir qatorda hamisha
ma’naviy-ruhiy ko‘makka, qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj sezadigan ayollarga ham
alohida e’tibor bilan qaramoqdalar. Ularning maqsadi jamiyatda beqarorlikni
keltirib chiqarish, ijtimoiy va milliy totuvlik asoslariga rahna solishdir.
Qayd etilgan misollar ham missionerlik obyekti sifatida tanlanayotgan
qatlamlar doirasi muntazam ravishda kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Missionerlar o‘zlarining targ‘ibotchilik faoliyatini kuchaytirish maqsadida
xilma-xil va turli davrlarga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqqanlar. Xristian
nazariyotchisi Luis Bush xristian missionerlari alohida e’tibor qaratishi lozim
bo‘lgan hudud - shimoliy kenglikning 10 va 40-parallellari orasida joylashgan, deb
hisoblab, uni «10/40 oyna», deb atagan edi. Ushbu parallellar orasi esa buddaviylik
konfutsiylik xinduiylik, islom, sintoiylik va daosizm dinlari keng tarqalgan
hududlar hisoblanadi. Bu hududda Osiyoning 40 ga yaqin, Afrika qit’asining 20
dan ortiq davlati joylashgan.
Missionerlikda eng avvalo hududlarga xos xususiyatlar inobatga olinadi.
Masalan, «10/40 oyna» hududiga kiruvchi mamlakatlarning o‘ziga xos
xususiyatlari, aholisining diniy qarashlari, turmush tarzi, missionerlik faoliyatini
olib borishda e’tibor berilishi zarur bo‘lgan jihatlar haqida batafsil ma’lumotlar
shakllantirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda dunyodagi 3000 ga yaqin etnik
guruhlar to‘laqonli faoliyat yuritadigan cherkovlarga ega emas.
«Uiklif» xalqaro xristian missiyasi «Xushxabar»ni 600 dan ortiq tilga
tarjima qilgan. Ularning harakatlari natijasida 45 million kishi «Muqaddas kitob»
tarjimasi bilan tanishgan.
Hozirgi kunda ushbu missiya dunyo bo‘yicha mavjud 6913 ta til guruhidan
1376 tasida ish olib bormoqda. Bunda, avvalo tilning lingvistik tadqiqoti amalga
oshiriladi va bu ish oxir-oqibatda «Injil»ni o‘sha tilga tarjima qilish bilan
yakunlanadi. Missiyaning dunyoning 60 davlatida faoliyat yuritayotgan 5277 ta va
maxsus tayyorgarlikdan o‘tayotgan 442 ta missioneri oldiga ana shunday vazifa
qo‘yilgan.
41
Dunyo xalqlarini injillashtirish bo‘yicha mavjud rejalar haqida ham
ta’kidlash lozim. 2002 yilda nashr etilgan AQSHda «Butunjahon xristianligi
tendensiyasi» kitobida 2000 yilgi ko‘rsatkichlar va 2025 yilgacha erishishi lozim
bo‘lgan holat qiyosiy tahlil qilingan. Xususan, unda yozilishicha:
- Yer yuzi aholisining «Injil» bilan tanishtirilishi 73,1 foizdan 100 foizga
yetkazilishi;
- dunyo aholisi tarkibidagi xristianlarning ulushi 33 foizdan 40 foizga
o‘sishi;
- xristianlarning 10 foizini tashkil qilgan missionerlarning ulushi 20 foizga
ko‘tarilishi;
- xristianlar o‘z daromadlarining 1,8 foizini cherkov hisobiga o‘tkazib
kelishgan bo‘lishsa, bu ko‘rsatkich 3 foizga yetkazilishi;
- har 3000 kishiga 1 ta missioner to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich har
1000 kishiga 1 ta missionerni tashkil etishi;
-
cherkov mavjud bo‘lmagan, aholisi 50000 dan ortiq 116 ta shaharning
barchasida cherkovlar yuzaga kelishi;
- cherkovlar tuzilmagan 1000 dan ortiq etnik guruhning har birida
cherkovlar tashkil etilishi;
- Umuman tarjima qilinmagan, yoki qisman tarjima qilingan barcha tillarga
«Injil» tarjima qilinishi lozim.
Real voqelik va missionerlar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarni
o‘rganish, afsuski, bu rejalarda belgilangan maqsadlarga asta-sekin bo‘lsa-da,
erishilayotganini ko‘rsatadi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, missionerlikda yoshlarga alohida e’tibor
berilayotganini ta’kidlash lozim. Yoshlarning faol ijtimoiy kuchga aylanib
borayotgani bugungi kunda ularning turli mafkuraviy ta’sir va tazyiqlarning asosiy
obyektiga aylanishiga olib keldi. Bunda ularning jamiyatning hali yetarli tajribaga
ega bo‘lmagan, tashqi ta’sirlarga tez beriluvchan va ayni paytda, eng harakatchan
qatlami ekani inobatga olinmoqda.
Missionerlikning taniqli nazariyotchisi Patrik Djonstoun talaba yoshlarni
missionerlik faoliyatining asosiy obyekti deb qarab, o‘zining «Dunyo operatsiyasi»
kitobida shunday yozadi: «Butun dunyoda universitet va kollejlarda 37 million
talaba tahsil oladi. Ularning ko‘plari 20 yildan so‘ng yirik mansablarni
egallashadi». Ushbu fikrlar missionerlarning jamiyatning ertangi kunini belgilab
beradigan avlod ongini egallash, nazorat qilishni ko‘zlab ish yuritayotganini
anglash imkoniyatini beradi.
42
Xayriya yordamlari ko‘rsatish ham missionerlikdagi eng qadimiy va
samarali usullardan biri hisoblanadi. Bunda, turli tadbirlar uyushtirilib, ularga
asosan yoshlar jalb etiladi. Beg‘araz deya taqdim etilayotgan, aslida jamiyatning
yordamga muhtoj qatlamlarini aniqlash va so‘ngra ular bilan maqsadli ish olib
borishni ko‘zlaydigan bunday harakatlar hatto «Yangi yil», «Navro‘z», «Xotira va
qadrlash kuni» kabi xalqimizda keng nishonlanadigan bayramlar davomida ham
g‘arazli maqsadlarda amalga oshirilishi kuzatilgan. Missionerlar o‘zlari
ko‘rsatayotgan «yordamni» shu bayramlar ruhiga moslashtirishga ham harakat
qilmoqda.
Uyma-uy yurib «Xushxabar» yetkazish usulining o‘ziga xos xususiyatlari.
Bu usul missionerlarga odamlar bilan kunning dolzarb masalalari haqida
suhbatlashish, ularning dardlariga qiziqish bildirish va ushbu muammolardan
chiqish yo‘llarini ko‘rsatib berishni taklif qilib, o‘z tashkilotlariga jalb qilishga
asoslanadi. Bu missionerlikni amalga oshirishda eng yaxshi samara beradigan va
katta mablag‘ talab qilmaydigan usullardan biri hisoblanadi. Masalan, ushbu
usuldan faol foydalanayotgan «Iyegovo shohidlari» oqimi a’zolari, o‘zlarini
go‘yoki, Iso Masih o‘z havoriylariga buyurgan yo‘ldan foydalanayotganlarini
da’vo qilib, muayyan hududda «tayanch nuqta»ni shakllantirish va unga suyangan
holda yaqin qo‘shnilar orasida uyma-uy yurib adabiyotlarni tarqatish, maktab
o‘quvchilari va yoshlar orasida targ‘ibot ishlarini olib borishga alohida e’tibor
bermoqda. Bunday maqsadli faoliyat natijasida iyegovochilar soni yildan yilga
ortib bormoqda va bugungi kunda dunyo bo‘yicha qariyb 7 millionni tashkil
etmoqda.
Ta’lim-tarbiya sohasidagi missionerlikdan ko‘zlangan maqsadlar. Ta’lim
tizimi bosqichlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tufayli g‘oya va qarashlarni
singdirishdagi tadrijiylik ta’minlanadi. Shu bilan birga, talim jarayonida amalga
oshirilgan targ‘ibot natijalarini bevosita tekshirib ko‘rish va uni takomillashtirib
borish imkoniyati ham mavjud. Bu kabi xususiyatlar missionerlarning ta’lim
tizimiga alohida e’tibor bilan qarashini keltirib chiqarmoqda. Adventistlarning
dunyo bo‘yicha 5000 dan ortiq o‘quv markazlariga, pyatidesyatniklikning eng yirik
oqimlaridan biri – «Xudo assambleyalari» cherkovlari bir necha kollej va Bibliya
maktablariga egalik qilayotgani ham aynan shu bilan izohlanadi.
Jumladan, O‘zbekiston istiqlolining dastlabki yillarida missionerlar turli
volantyor tashkilotlar niqobi ostida mamlakatimiz ta’lim tizimiga kirib olishga
uringanlari kuzatilgan. Ular yurtimizdagi mavjud ta’lim muassasalarida turli til,
kompyuter, sport to‘garaklari tashkil etish niqobi ostida talaba va o‘quvchilar
orasida o‘z dinlarini targ‘ib qilishga harakat qilgan.
43
Missionerlikda mahalliy tillarda xristianlikni targ‘ib qiluvchi adabiyotlarni
chop qilish va tarqatish ham eng ko‘p qo‘llaniladigan usullardan biridir. Kichik
hajmdagi qo‘llanmalar juda ham ta’sirchan qilib yoziladi. Odamlarning e’tiborini
jalb qilish uchun uni chiroyli suratlarga boy etib chop etiladi. Ularda dinni qabul
qilishga ochiq-oydin taklif qilinmaydi. Ammo adabiyot oxirida qo‘shimcha
ma’lumot olish uchun tashkilot manzili yoki telefoni keltiriladi. Risolani o‘qigan
va diniy bilimi sayoz bo‘lgan inson uning ta’siriga tushishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «To‘liq injil xristianlari» oqimi yangi vakillarining yarmidan
ko‘pi dinni qabul qilishlarini xristian adabiyotlari ta’siri bilan bog‘lashadi.
Adabiyotlarni olib kirish va tarqatish ko‘pincha mavjud qonunlarga zid ravishda
amalga oshiriladi.
Shuningdek, Missionerlik tashkilotlari xristianlikni targ‘ib qilishda audio,
video va elektron mahsulotlar, ro‘znoma va oynomalar, teledasturlar, internetda
onlayn o‘quv kurslari tashkil etish yo‘llaridan foydalanmoqdalar. Missionerlik
mazmunidagi CD disklar ishlab chiqarish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi qator
xalqaro agentliklar ham faoliyat yuritmoqda. Bunday yirik tashkilotlardan biri –
Global Recordings kompaniyasi bo‘lib, u 21 milliy agentlikni birlashtiradi hamda
4562 til lahjalarida mahsulot ishlab chiqaradi.
Dostları ilə paylaş: |