2.Dunyoviylik tushunchasi hamda uning oziga xos jihatlari
Sо‘nggi yillarda dunyoviylik falsafiy kategoriyasini falsafiy tadqiq qilishga
bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Xususan mamlakatimizda
“Dunyoviylik falsafasi”, “Dunyoviylik va ijtimoiylik” nomli maqolalar tо‘plami,
“Globallashuv sharoitida diniy va dunyoviy mafkuralarning о‘zaro ta’siri”
mavzularida tadqiqotlar amalga oshirildi. Quyida mazkur atamaga berilgan ta’riflar
va ularning tahliliga qisqacha tо‘xtalib о‘tamiz.
“Dunyoviylik” atamasi о‘zbek tilining izohli lug‘atida real, moddiy
dunyoga, hayotga oid, hayoti mazmunini anglatuvchi sо‘z sifatida ta’riflanadi.
D.Bayaliyev mazkur tushunchani quyidagicha izohlaydi: “Dunyoviy
mafkura deb, dunyo va inson hayotini undan tashqarida va ustun turgan ilohiy kuch
bilan emas, о‘zi yashab turgan moddiy dunyoning yagona realligi, unda insonning
о‘rnini ratsional mantiqiy tafakkurga, tajribaga tayanib asoslab beruvchi ideallarga,
qadriyatlarga, g‘oyalar va qarashlar majmuiga aytiladi”. Olimning dunyoviylikning
mantiqiy tafakkurga asoslanganligi haqidagi qarashi bahs talabdir. Zero, dunyoviy
mafkuralar orasida diniylikka aloqador bо‘lmagan irratsional, mantiqiy tafakkura
zid g‘oya va qarashlar ham mavjud. Fikrimiz isboti sifatida diniy aqidalardan xoli
bо‘lgan anarxizm, antagonizm, amoralizm, apatiya, totalitarizm, shovinizm kabi
52
siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va ruhiy-psixologik tanazzulga olib boruvchi
mafkuralarni keltirish maqsadga muvofiq.
G.Demidov mazkur atamani quyidagicha ta’riflaydi: “Dunyoviylik ‒ har
qanday dinga nisbatan tanqidiy munosabat bildiruvchi, о‘zini esa tanqid
qilmaydigan keng qamrovli qoidadir. Bu jarayonda og‘irlik markazi doimo
“sekulyar” deb nomlangan dunyoqarash foydasiga yon bosadi. Shu bois,
dunyoviylik gravitatsiya maydoniga kirgan har qanday voqelik doimiy ravishda
transformatsiyalashuvni boshdan kechiradi”. Olim dunyoviylikni diniylikka
nisbatan ziddiyatli deb baholaydi va dunyoviylikni barcha sohalarda ustuvor
ekanligini ta’kidlaydi. Fikrimizcha, dunyoviylik asosan siyosiy, iqtisodiy hamda
ilmiy sohada diniy institutlar ta’sirini cheklay olgan bо‘lsa-da, boshqa sohalarda
dinning о‘rnini tо‘la egallay olmadi. Shuningdek, dunyoviylik diniylik bilan
ziddiyatli munosabatlarni tashkil etmaydi va u о‘z xususiyatidan kelib chiqib diniy
aqidalarga aloqador voqelik sifatida namoyon bо‘ladi. Shu ma’noda, dunyoviylik
ham boshqa tamoyillar singari tanqidlardan xoli mukammal tamoyil emas.
Xususan A.Tokarev dunyoviylik tamoyili bо‘yicha quyidagicha tanqidiy
mulohazalarini bildirgan: “Dunyoviylik ulkan imkoniyatlarni yuzaga keltirishiga
qaramay, mazkur dunyoqarash tizimi diniy qadriyatlar о‘rnini tо‘liq egallay
olmasligi oqibatida zamonaviy jamiyat ma’naviy-axloqiy inqirozni boshdan
kechirmoqda”. Biroq, bizningcha, dunyoviylik tamoyilarini sabab, ma’naviy-
axloqiy inqirozni esa uning oqibati sifatida talqin qilish noо‘rindir. Shu nuqtai
nazardan diniylik yoki dunyoviylikning bevosita ma’naviy inqiroz omili sifatida
baholamaslik maqsadga muvofiq.
CH. Teylor mazkur tushunchani boshqalardan farqli ravishda G‘arb xristian
madaniyati bilan bog‘lab quyidagicha bayon qiladi: “Dunyoviylik ‒ an’anaviy
xristian madaniyatiga xos bо‘lib, uning analogi islomda mavjud emas. Shunday
ekan, musulmon jamiyati dunyoviylik tartibiga moslasha olmaydi”. Shubhasiz
sekulyarizatsiya jarayoni ilk bor G‘arb xristian olamida yuzaga keldi. Ammo
mazkur jarayon boshqa mintaqalar kabi Sharq musulmon olamiga ham о‘z ta’sirini
о‘tkazdi. S.Xotamiy islom tarixining dastlabki asrida “islom hududlarining
kengayishi bilan musulmon zodagonlari va amaldorlarining hayoti yangi
sharoitlarga moslashdi va “dunyoviy ishlar” bilan band bо‘lish avj oldi”, deb
ta’kidlaydi. Olim nazarda tutgan “dunyoviy ishlar” tom ma’noda sekulyarlashuvni
anglatmasada muayyan ijtimoiy guruhlar din targ‘ib qilmagan sohalarga intilishini
anglatadi. Biroq tom ma’nodagi dunyoviylashuv jarayoni XX asr boshlarida
aksariyat muslmon davlatlarida sodir bо‘ldi. Binobarin, hozirda musulmon
mamlakatlari orasida sekulyarizatsiya ta’siridan mutloq holi bо‘lgan davlat
uchramaydi. Shu bois, islom dini rasmiy maqomga ega bо‘lgan va aholisining katta
qismi musulmonlardan iborat kо‘plab davlatlar diniy meyorlarni e’tiboridan chetda
qoldirishi va davlat hamda xalq moddiy manfaatlari oliy qadriyatga aylanib
borayotgani kuzatilmoqda.
S.Farax dunyoviylik tushunchasini ma’rifiy ratsionalizm tarixi bilan
bog‘laydi. U Yangi davrda G‘arbiy Yevropada barcha aqlga muvofiq hodisalarni
haqiqat sifatida e’tirof etish mayli ortib borgani va bunday qarash tarafdorlari
53
tabiatdan tashqarida hech qanday narsa mavjud emas, degan mulohazani ilgari
surishganini eslab о‘tadi. Olim mazkur holat haqida shunday yozadi: “Ratsional
tafakkurning ilk bosqichida metafizika bilan aloqani butunlay uzildi. Aksariyat
faylasuflar axloq va ilohiyot masalalari bilan shug‘ullanmay qо‘ydilar. Keyingi
davrda ma’rifatparvarlik, pozitivizm, ssiyentizm, ateizm yо‘nalishi tarafdorlari
diniy ongning о‘rnini bosuvchi yangi xudoni yaratdilar. Mazkur yо‘nalish
vakillarining ilohi ‒ bu tafakkur va fan bо‘lib, “dunyoviylik” atamasi esa dunyoviy
ongga tayangan holda barcha diniy aqidalarni ilm-fan maydonidan chetlashtirdi”.
S.Farax dunyoviylik tarixiy taraqqiyoti haqidagi fikrlari izchil bо‘lishiga qaramay,
uning an’anaviy iloh fenomenini ilm-fan bilan о‘rin almashishi haqidagi qarashlari
bahs talabdir.
T.Asad esa mazkur ikki tushunchani qat’iy emasligini, ular tarixiy jarayon
sababli yuzaga kelgani va zamonaviy vaziyatni shakllanishiga bog‘liq ekanini
ta’kidlaydi. Uning fikriga kо‘ra, dunyoviylik bu zamonaviy ijtimoiy hayotda axloq,
bilim va hissiyotlarni birlashtiruvchi kategoriyadir. T.Asad kо‘plab
mutaxassislardan farqli ravishda dunyoviylikni diniylikka qarama-qarshi
qо‘ymaydi va diniylikning zamon va makon xususiyatlariga bog‘liq ijtimoiy
zarurat sifatida baholaydi.
Mazkur atamaning ta’riflari bilan tanishar ekanmiz, uning ijtimoiy-falsafiy
nuqtai nazardan uch asosiy talqini mavjud ekanini kuzatamiz:
Birinchi talqinga kо‘ra, dunyoviylik oshkora yoki yashirin g‘oyalar
vositasida diniylikka qarama-qarshi qо‘yiladi. Diniylikni qat’iy rad etish va uning
muqobili bо‘lgan dunyoviylikni tо‘la qо‘llab-quvvatlash mazkur turdagi talqinning
о‘ziga xos jihatidir. Mazkur talqin sekulyarlashuv jarayonining ta’sirida vujudga
kelgan dunyoviy madaniyat ustuvor ahamiyat kasb eta boshlagan davrdan boshlab
kuzatilmoqda. Yaqin о‘tmishda sobiq Ittifoqning dahriylik mafkurasini ommaviy
ravishda jamiyatga keng tatbiq qilishi hamda “kim biz bilan birga bо‘lmasa, u
bizga qarshi”(V.I.Lenin 1919 yil 11 apreldagi BMSHPI plenumidagi nutqida
keltirgan ibora(Olshanskiy L., 2017:2)) qabilida faoliyat yuritganini misol
tariqasida keltirish mumkin. Aslida dunyoviylik diniylikni inkor etamaydi hamda
uni ijtimoiy hodisa sifatida baholaydi.
Ikkinchi talqin esa, dunyoviylikni dinsizlik sifatida aks ettiradi. Bunda
“dunyoviylik” tushunchasi bir qadar yengil va keng izohlanib, dinni qat’iy rad
etish masalasi mavjud bо‘lmasa ham u bilan muayyan masofani saqlaydi. Bu
turdagi talqin dinsiz pozitsiyadagi dunyoviylikning о‘ziga xos liberal shakli
hisoblanadi. Mazkur talqinga muvofiq dunyoviylik diniy mazmunga ega
bо‘lmasligi lozim.
Uchinchi talqinga kо‘ra, “dunyovilik” tushunchasi aksil diniy yondoshuv
sifatida ifodalanmaydi. Dunyoviylik tamoyilining bu turdagi talqini nisbatan keng
va mafkuraviy jihatdan neytral, biroq falsafiy nuqtai nazardan keskinligi bilan
farqlanadi. Mazkur talqinga muvofiq dunyoviy ibtido diniylikka bog‘liq bо‘lmagan
voqelik sanaladi. Shuning bilan birga, masala diniylikning subyekt tomonidan rad
etish yoki obyektiv jihatdan inkor etish bilan emas, dunyoviylik jihatdan
nechog‘lik ijobiy mazmunga ega ekani bilan ahamiyatlidir. Ushbu ta’rif
54
dunyoviylik va diniylik masalasida alohida obyektiv falsafiy-ilmiy yondoshuvni
yuzaga keltirdi.
Dunyoviylikning keng va tor ma’nolardagi talqinini ilgari surish, maqsadga
muvofiq. Keng ma’noda, dunyoviylik – bu real jamiyat borlig‘iga xos bо‘lgan
barcha narsa, hodisa, jarayonlar va ularning mavjudlik xususiyatlarini aks ettirsa,
tor ma’noda esa, mazkur tushuncha jamiyat hayotining din va diniy qarashlar
ta’siridan xoli ravishda mavjud bо‘lgan, о‘z ichki qonuniyatlari asosida
shakllangan va rivojlanib boradigan barcha jihatlarini aks ettiradi.
Keng ma’nodagi talqinga muvofiq diniylik ham dunyoviylikning tarkibiy
qismi sifatida tushuniladi va bu dinning ijtimoiy institut sifatidagi mohiyatiga ham
mosdir. Zero, diniy dunyoqarashga tayangan kishilar hayot tarzi aynan shunday
talqindagi dunyoviylik sharoitidagina о‘z mazmun va shakliga ega. Soddaroq
aytganda, dunyodan xoli ravishda dinning ahamiyatini tasavvur qilib bо‘lmaydi.
Ayni paytda, “dunyoviylik” tushuncha sifatida siyosiy-huquqiy mazmunga
ega bо‘lib, muayyan diniy ta’limotlarga alohida imtiyoz bermagan holda davlat
tomonidan plyuralistik dunyoqarashning himoyalanishini nazarda tutadi.
Hurfikrlilikka asoslangan tamoyiliga kо‘ra, g‘oya va qarashlar mohiyatan ratsional
yoki irratsional ekani dunyoviylikni belgilovchi mezoni bо‘lib xizmat qilmaydi.
Yangi davrda “dindor shaxs” atmasi ma’lum bir shaxsning dunyoqarashida
muayyan diniy aqidalar belgilovchi ahamiyat kasb etishi natijasida uning axloqi va
xatti-harakatlarida diniy motivlarni yaqqol namoyon bо‘lishini anglatadi. Mazkur
atamaning avvalgisidan farqli jihati, uning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligi emas,
aksincha о‘z-о‘zini qaysi e’tiqodga mansub ekanligini belgilash bilan aniqlanmoq.
Mazkur atama “diniylik” tushunchasidan farqli ravishda tor mazmunda qо‘llanilib,
ma’lum shaxs yoki guruhning ruhiy-ma’naviy qiyofasini aks ettiradi.
“Dunyoviy shaxs” atamasi esa diniy muassasa va ruhoniylikka qarshi
bо‘lgan antiklerikal insonni ifodalagan bо‘lsa, hozirda u shaklan о‘zgarib,
mazmunan esa umuminsoniy axloq, ma’rifiy hayot g‘oyalari bilan boyitildi.
Natijada dunyoviylik bosh tamoyili sanalgan fuqarolik jamiyati sharoitida qator
boshqa tashkilotlar bilan birgalikda turli diniy muassasa va tashkilotlar ham о‘z
faoliyatini yuritish imkoniyati taqdim etildi. Ayni paytda diniy tashkilotlarning
axloq, ta’lim va tarbiya borasida yakka hokimlik о‘rnatishga yо‘l qо‘yilmaslik ham
e’tibor qaratildi. Zotan, dunyoviylik aynan liberal-demokratik tamoyillar asosidagi
sekulyarlashuv bilan yondosh tushuncha sifatida baholanmoqda. Shuning bilan
birga dunyoviylik nafaqat barcha dinlarni, balki konstitusion tuzimning yetakchilik
maqomini ikkinchi darajaga tushuruvchi har qanday mafkura yakka hokimligiga
ham yо‘l qо‘ymasligini ifodalaydi.
Dostları ilə paylaş: |