DIREKTOR BILAN UCHRASHUV
Ertasiga tongdan fazogirlarimiz jiddiy reja tuza
boshladilar. Chunki ular ikki kunlik vaqtni shunchaki
havoga sovurib yuborishgandi. Ammo endi ularning puli
koʻp, demak, xaritani topish imkoni ham katta. Ular bitta
tezkor taksi yollab sayyoradagi eng yirik muzey binolariga
borishni reja qilib olishdi.
Birinchi boʻlib tunab qolgan mehmonxonaga eng yaqin
muzeyga kirishdi. Oʻzlariga eng yaxshi gidni yollashdi.
109
Bu gid ularni muzeydagi eksponatlar bilan tanishtirdi.
Haqiqatda, bu muzeydagi koʻp eksponatlar moʻjizaning
oʻzi edi. Ular galaktikamizning turli sayyoralaridan olib
kelingan boʻlib, orasida qadimiy kompyuterlar, droidlar,
uchar qurilmalarning boʻlaklari, qimmatbaho buyumlar,
taqinchoqlar, portretlar, kiyimlar, xullas, yoʻq narsaning
oʻzi yoʻq edi.
– Mana bu noyob eksponat afsonaviy Yer sayyorasidan
olib kelingan, – deb qoldi gid.
Bu vaqtda Ahmad boshqa eksponatlarga mahliyo boʻlib
turgandi, “Yer” soʻzini eshitishi bilan tezda gid koʻrsatgan
tomonga qaradi. Gid esa Leonardo da Vinchi chizgan
“Mona Liza” portretini koʻrsatayotgan edi. – Uni Yerning
buyuk musavviri Leonardo chizgan.
– Bu – soxta surat, – dedi Ahmad.
– Aslo soxta emas. Haqiqiy!
– Agar bilsangiz, haqiqiysi Parijdagi Luvr muzeyida
saqlanadi.
– Esingda boʻlsa, bolakay, Yer hisobi boʻyicha 1911-yilda
kartinani Vinchenso ismli odam oʻgʻirlagan. Ammo bir
yarim yildan soʻng portret topilib, muzeyga qaytarilgan.
Xullas, oʻsha qaytgan portret, aslida, soxtasi. Haqiqiysi
mana shu! Oʻsha Vinchenso esa galaktikaga mashhur oʻgʻri
edi. U odam qiyofasiga kirib “Mona Liza”ni oʻgʻirlashga
muvaffaq boʻlgan.
– Voy, qalloblar-ey! Yer mulkini qaytarib bering!
– Oʻzingni bos, bolakay, uni biz yaqindagina naq yuz
million koinot lungiga sotib olganmiz.
Ahmad boshqa gapira olmadi. U doim Luvrga borib
“Mona Liza”ni koʻrishni orzu qilardi. Lekin Yerdan
shuncha uzoqqa kelib uning haqiqiysini koʻraman deb hech
oʻylamagan ekan...
– Janob gid, galaktika xaritasining boʻlagi ham shu
110
binodami? – soʻradi Margol.
– A, xaritami, u markaziy binoda. Shaxsan muzey
direktori nazoratida turadi.
– Markaziy bino qayerda?
– Sayyoramiz markazida, albatta. Bu yerdan 6 soatlik yoʻl.
Fazogirlarimiz shu joyda muzey boʻylab sayohatni
toʻxtatib, markaziy binoga otlanishdi. Qariyb 6 soatga
choʻzilgan safardan soʻng balandligi osmonga tutashib
ketgan muzey binosiga borishdi. Bu safar ular giddan toʻgʻri
xarita boʻlagining oldiga olib borishni soʻrashdi. Xarita
2117-qavatda joylashgan boʻlib, juda qattiq qoʻriqlanar
ekan. Ular xaritani faqat zirhli oyna ortida turib 5 metr
masofadan koʻra oldilar, xolos. Aslida, bu boʻlak ham
ulardagi bir parcha qora matodan farq qilmasdi.
– Hurmatli gid, bizni muzey direktorining oldiga olib
bora olasizmi? – soʻradi Margol.
– Nimalar deyapsiz, muzey direktori shu sayyoraning
rahbari hisoblanadi. Siz tugul, uning yoniga oʻzim ham
bora olmayman, – sayyohlarning savolidan ajablandi gid.
– Unda, ayting-chi, qanday qilib u bilan koʻrishish
mumkin? Biz juda olisdan kelganmiz.
– Bilmadim, lekin sizlarga direktor kotibini koʻrsatib
qoʻyishim mumkin.
– Unda boshlang.
Ular bino boʻylab yana ham yuqoriroqqa koʻtarilishdi.
Soʻng katta bir zalga kirishdi. Shunda gid uzoqdan
pingvinga oʻxshab ketadigan direktor kotibini koʻrsatdi.
Fazogirlar vaqtni boy bermay uning yoniga shoshilishdi.
– Janob kotib, muhim gapimiz bor edi.
– Eshitaman, – bir uyum qogʻozni qoʻltiqlab shoshib
borayotgan kotib sayyohlarga oʻgirib ham qaramadi.
– Bizlarni direktor bilan koʻrishtiring, iltimos.
– Yoʻq, direktor juda band. – Kotib endi toʻxtab hayron
111
boʻlganicha sayyohlarga razm soldi. – Ustiga-ustak,
direktor duch kelgan bilan uchrashavermaydi, – kotibning
ensasi qotgani sezildi.
Shundan keyin qahramonlarimiz ham oʻzlarining
kiyim-boshiga bir-bir qarab olishdi. Chindan ham boshqa
sayyohlar bilan taqqoslaganda ularning kiyimi juda juldur
koʻrinardi. Ammo Ahmad bunga parvo qilmay shoshib
ketayotgan kotibning qarshisiga chiqib uning yoʻlini
toʻsdi.
– Yoʻq, siz ularga Yerdan mehmon kelibdi deng, – dedi
Ahmad ishonch bilan. U nega bunday deganini oʻzi ham
bilmaydi. Ammo direktor Yerdan odam kelganini eshitsa
uchrashishga yoʻq demasligini sezib turardi.
Kotib Ahmadga qarab biroz oʻylanib qoldi. Soʻng xoʻp
degandek boshini egib ichkariga kirib ketdi. U zum oʻtmay
chiqib:
– Direktor sizlarni kutyapti, ‒ dedi.
Direktorning xonasi ham katta muzeydan farq qilmasdi.
U mehmonlar bilan iliq salomlashdi. Soʻng nima maqsadda
kelganliklarini soʻradi. Margol esa hamma boʻlgan voqeani
aytib berdi.
– E-he, shuncha sarguzashtni boshdan oʻtkazdik deng.
Ammo kechirasizlar-u, xaritani bera olmayman.
– Hammasi tugaganidan soʻng uni qaytarib olib kelishga
vaʼda beraman! – dedi Margol oʻrnidan turib.
– Hech iloji yoʻq. U sayyoramizdagi eng noyob eksponat!
Shu payt Ahmadning xayoliga ajoyib fikr kelib qoldi.
– Demak, u butun galaktikadagi eng noyob narsa ekan-
da?
– Yoʻq, nega endi? Biz muzeyga olib kelishni orzu
qiladigan narsalar koʻp.
– Masalan?
– Masalan, Duradu kemasining qanoti. Duradu
112
galaktikadagi ilk yulduzlararo uchar kema boʻlib, uni shu
xaritani tuzgan qadimgi meriyaliklar yasashgan. Kema
galaktikada yagona boʻlgan eng mustahkam va sirli
metalldan ishlangan. 100 million yil oldin Duradu Qumsoat
tumanligi ichidan oʻtayotganda uning dum qismidagi qanot
sinib tushadi. Chunki kema qancha mustahkam boʻlmasin,
tumanlikning ichidan oʻtish imkonsiz edi. Fazogir kemani
bazoʻr eng yaqin sayyoraga qoʻndiradi. Qoʻnish vaqtida esa
kema ichida yongʻin chiqadi. Fazogirning oʻzi arang qutulib
qoladi. Ammo Duradu portlab ketadi. Biroq oʻsha fazogir
kemaning bir boʻlagi tumanlik qaʼrida ekanini aytgan.
Bilasanmi, bolakay, agar oʻsha qanot topilsa, meriyaliklar
million yillar davomida sir saqlab kelgan noyob metallning
siri ham ochiladi.
– Demak, qanot hozir ham Qumsoat tumanligining
qaʼrida ekan-da? – soʻradi Ahmad.
– Ha, shunday! Ammo hozirda tumanlikka yetib borish
deyarli imkonsiz, yetib borilgani bilan, tumanlikning ichiga
kirishning sira iloji yoʻq. Buning uchun kema oʻsha noyob
metalldan tayyorlanishi shart.
– Agar biz oʻsha qanotni keltirib bersak-chi?
– Bolakay, nimalar deyapsan? Bu haqida orzu ham qila
koʻrma!
– Yoʻq, siz savolimga javob bering.
– Nima qilardim, uni xaritaga alishtirishim mumkin.
– Kelishdik, qoʻl tashlang, – Ahmad shunday deb
direktorga qoʻl choʻzdi. Direktor ham oʻylanib oʻtirmay
Ahmadning qoʻlini siqdi.
Qahramonlarimiz shu kunning oʻzida Qumsoat
tumanligining aniq koordinatalarini bilib olishgach, muzey-
sayyorani tark yetishdi. Kun davomida ularning ortidan
qolmay kuzatib yurgan Obmaning josusi ham shu kuni oʻz
kemasiga qaytdi.
113
Obma josusdan boʻlib oʻtgan voqealarni batafsil soʻrab
oldi. U endi “Koʻkkezar”ning izidan bora olmasligini
yaxshi bilardi. Zero, salmirliklarning kemasi tumanlikka
kamida 10 yilda yetib boradi. “Yaxshisi, ularni shu yerda
kutaman. Shunda Duraduning qanotiga ham oʻzim egalik
qilishim mumkin”, – oʻyladi Obma.
Dostları ilə paylaş: |