Polimerizatsiyalangan polimerlar (polistirol, polietilen, poliizobutilen, polimetilmetakrilat va h.k.) molekulalari bir necha bor bog‘langan monomerlardan olinadi.
Polikondensatsiyalangan polimerlar (fenol-aldegid, epoksid, mochevino-formaldegid, poliefir va h.k.) asosiy moddadagi funksional guruhlar orasidagi kimyoviy birikish natijasida hosil bo‘ladi.
Chiziqli polimerlarning fazoviy tuzilishdagi xilidan farqi shundaki, issiqlik ta’sirida chiziqli polimerlar yumshaydi, sovitganda esa avvalgi holatiga qaytadi, fizik-mexanik xossalari va tarkibi deyarli o‘zgarmaydi. Harorat yanada ko‘tarilsa u yonadi. Fazoviy tuzilishdagi polimerlar issiqlik ta’sirida qisqa muddatda plastik holatga o‘tadi, keyin tutaydi va yonadi. Soviganda esa avvalgi holatiga qaytmaydi. Polimerlar bu ikki xususiyatiga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadi: termoplastik va termoreaktiv polimerlar.
Chiziqli polimerlarni — termoplastik, fazoviy tuzilishdagilarni esa termoreaktiv polimerlar deb ataladi.
PLASTMASSALARNING ME’MORCHILIKDAGI O‘RNI
Plastmassalardan yaratilgan me’moriy shakllar qurilishda konstruktiv elementlar tanlashda alohida o‘rin tutadi. Germaniyada «ПФГ-2000» tipdagi turarjoy qurilishida ko‘pik poliuretandan va ikki qatlamli shishaplastdan tayyorlangan quti ko‘rinishidagi panellar ishlatilgan. Panelning konstruksiyasi tayanchlar orasidagi masofani 9,2 metrgacha uzaytirishga imkon bergan. Panel juda yengil bo‘lgani sababli uni qo‘lda montaj qilish mumkin. Bunday panellarning 39 tasi bilan 11 soat davomida bino qurish mumkinligi isbotlangan. Panellarning montaji temir bolt va suv o‘tkazmaydigan prokladkalar yordamida amalga oshiriladi. Issiqlik radiatori, tovushdan himoya qilish ashyolari va boshqa turdagi apparaturalar panellarning qoplamalari orasiga montaj qilinadi.
Plastmassa panellarning tuzilishi bo‘yicha uchta turga ajratish mumkin: tekis, relefli va fazoviy.
Turarjoylarning tashqi ko‘rinishini yaratishda qurilish ashyolarining plastiklik xususiyatlari katta ahamiyatga ega. Binoning asosiy yuk ko‘taruvchi konstruksiyasi yengil temir romdan iborat. Bu romlarga 3 qatlamli plastmassa panellari montaj qilinadi (10.1-rasm).
So‘nggi yillarda ko‘pikplastlardan tayyorlangan bir qatlamli kupola konstruksiyalar qurilishda keng
ishlatilmoqda. Shunday kupola konstruksiyalaridan birini Kaliforniya universiteti bitiruvchilari plastmassadan tayyorlaganlar. Ularning tarkibi 25% shisha, 70% «Netron» polimer smolasi va 5% yong‘indan izolyatsiyalovchi kukundan iborat.
Bunday kupola konstruksiya asosga o‘rnatilgandan keyin ichki tomoni 5 sm qalinlikdagi ko‘pikplast bilan, tashqi tomoni esa 3 mm qalinlikdagi sement qorishmasi bilan qoplanadi.
Havo bilan shishiriladigan qayiq, avtomashina g‘ildiraklari, havo sharlari, dirijabl va hokazolar paydo bo‘lganiga ko‘p yillar bo‘lishiga qaramasdan havo bilan to‘ldiriladigan inshootlar yaqinda yaratildi.
Bunday ko‘rinishdagi zamonaviy inshootlarning qoplovchi ashyosi mato va sintetik tolalardan iborat. Qoplovchi ashyo mustahkam, suv va havo o‘tkazmaydigan, yengil, yonmaydigan, issiq va sovuqqa chidamli bo‘lishi kerak. Sintetik tola sifatida: poliamid (kapron, neylon va h.k.), poliefir (lavsan, terilen va h.k.), poliakrilonitril (nitron, orlon va h.k.), polivinilspirt va polipropilen ishlatiladi. Qoplovchi ashyolarning havoni
o‘tkazmaslik xususiyatlarini oshirish uchun polimer qoplamalar yoki pardalar ishlatiladi. Bunday qoplama ashyolarning mustahkamligi 300—600 MPa bo‘lishi mumkin.
Havo bilan to‘ldiriladigan inshootlarning turg‘unligini ta’minlash uchun ikkita usul qo‘llaniladi: 1) havo bosimini qoplama tagida ushlab turish; 2) shishirilgan yuk ko‘taruvchi konstruktiv elementlarni ishlatish. Birinchi holatda yuqoridan ta’sir qiladigan yuk ta’sirini siqilgan havo o‘ziga qabul qilsa, ikkinchi holatda bu ta’sirni shishirilgan konstruktiv elementlar qabul qiladi.
Siqilgan havo tayanch bo‘lgan inshootlarda havo bosimi shamollatkich yoki nasoslar yordamida ta’minlab turiladi (10.2-rasm).
Bunday inshootlarda qoplama sifatida turli rangdagi ПВХ bilan ishlangan ashyolar ishlatiladi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra siqilgan havo bilan ishlaydigan sfera shaklidagi kupolalar o‘lchami 40 km gacha bo‘lishi mumkin. Diametri 2 km va balandligi 240 metr bo‘lgan kupolalar ichida sun’iy iqlim yaratish mumkinligi e’tirof etilgan.
Qoplamalar ikkita yaltiroq qatlamdan iborat bo‘lib, kesimi 270 mm bo‘lgan kanat bilan bog‘lanadi. Bunday kupolalarning xizmat muddati 100 yil. Qoplamaning xizmat muddati kam bo‘lsa, ular doimiy ravishda kupolaning shaklini saqlagan holda almashtirib turilishi nazarda tutiladi.
Respublikamizda havo bilan to‘ldiriladigan inshootlar me’morchilikda o‘z o‘rnini topmadi. Hozirgi kunda bunday inshootlarning birontasi mavjud emas. Bu esa respublikamizda havo bilan to‘lg‘iziladigan inshootlarni yaratish borasidagi izlanishlar talab darajasida emasligidan dalolat beradi. Bunga sabab, quruq-issiq iqlim ta’sirida kupolalar xizmat muddatining kamayib ketishi hamda plastmassa sanoatining rivojlanishi zarurligi bo‘lishi mumkin.
Haqiqatdan ham, havo bilan to‘ldiriladigan inshootlar xizmat muddati 10 yildan oshmaydi. Bunday
konstruksiyani ushlab turish havo bosimini o‘zgartirmasdan ushlab turish kabi muammolarga bog‘liq.
Hozirgi kunda yong‘inga chidamli AOCM shishaplast yaratilgan. U yuqori haroratda ham bemalol ishlashi mumkin. Shunday shishaplastlardan Angliyada «Anilyuks», «Varerayt», Amerikada «Pluton» kabi turlar mavjud.
Bunday polimer ashyolarning konstruktiv sifati va xossalari ancha yuqori bo‘ladi. Mustahkam plastmassalarni yaratish mumkinligi bir qator obyektlarda o‘z isbotini topdi. Bunga, asosan ilmiy-texnikaning rivojlanishi sabab bo‘ldi.
Plastmassalarning ishlatilishiga aniq me’moriy ishlanmalarni misol qilishimiz mumkin. Jumladan, P. Kuka guruhi yaratgan «Hashamatli shahar», I.Fridman yaratgan «Harakatchan shahar», K.Tamami yaratgan
«Yashaydigan gulbarg» va h.k.
Me’morchilikning kelajagi haqida quyidagi aksiomani qabul qilish lozim: «Marmar chiroyliligi, yog‘och o‘ymakorligi hech qachon yo‘qolmaydi. Ular yerdagi borliq sifatida doimo qoladi».
Hozirda poliuretan barcha ko‘rsatkichlari bilan yog‘och bilan raqobatlashishi mumkin. Yana bir necha 10 yillardan keyin plastmassa temir bilan to‘la raqobatlasha oladi degan fikr soha olimlarining halqaro anjumanida e’tirof etilgan. Boshqacha aytganda plastmassa barcha ashyolardan ustunligini isbotlamoqda. Bunday rivojlanish chuqur ma’noda qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.