Plastifikatorlar — plastmassa buyumlarning ishlatilishi jarayonida egiluvchanlikni oshirishda, uni ishlashdagi texnologiyani osonlashtirishda ishlatiladi. Aksariyat plastifikatorlar yoysimon bo‘lib, polimer bo‘tqani qayta ishlashda qo‘shiladi.
Plastifikatorlarning kamchiligi shundaki, ular plastmassa buyumlarni haroratga chidamliligini kamaytiradi va asta-sekin bug‘lanib ketadi. Bu esa plastmassaning mo‘rtligini oshiradi. Buning uchun erish harorati 250°C dan kam bo‘lmagan plastifikatorlar quyosh nuri va suvga chidamli, hamda namni o‘ziga olmaydigan bo‘lishi kerak. Masalan, yog‘simon xususiyatga ega bo‘lgan dibutilftalat shular jumlasidandir.
Qotiruvchilar— bir qator polimer smolalarning qotishini tezlatib, erimaydigan qattiq holatga keltiruvchi moddalardir. Issiq yoki sovuq holatda qotirish xususiyatiga ega bo‘lgan moddalarga — kislota angidrid, perekis, spirt va aminlarni kiritish mumkin.
Sintetik smolalardan ishlanadigan pardozbop qurilish buyumlari
Turarjoy va jamoat binolarini qurishda sarflanadigan umumiy xarajatning 15—20% ini pardozlash ishlari tashkil etadi. Polimer ashyolar ishlatilishiga ko‘ra quyidagi xillarga bo‘linadi: polbop ashyolar; xonaning ichki devorlarini pardozlashda ishlatiladigan ashyolar; qurilish konstruksiyalaribop ashyolar; uzun o‘lchamli qurilish buyumlari; sintetik yelim va mastikalar; issiqlikni va tovushni kam o‘tkazadigan ashyolar; tombop suvga chidamli va germetik ashyolar; santexnika asboblari, quvurlar va sintetik armaturalar; sintetik lok-bo‘yoq ashyolar.
Polbop ashyolar.Keyingi vaqtlarda toza tabiiy ashyolardan pol qurish ko‘paymoqda. Shular qatori sintetik smolalar asosida tayyorlanadigan o‘rama ashyolar ham keng ishlatilmoqda. Shularning ayrimlari bilan tanishib chiqamiz.
Linoleum — bir yoki ikki qatlamli o‘rama ashyo. Ustki qatlami plastmassadan, ostkisi dag‘al gazlama, namat, maxsus karton va boshqa ashyolardan ishlangan bo‘ladi. Sanoatimiz gliftal polixlorvinil, koloksilin va rezina linoleumlar ishlab chiqarmoqda.