Gliftal linoleum asosi mato bo‘lib, unga o‘simlik moyi, yog‘och yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa modda, kukun to‘ldirgichi (po‘kak, yog‘och yoki pigmentlar) bo‘lgan sun’iy yoki tabiiy smolalardan iborat plastik massa qatlami yotqizilgan. O‘rama linoleumning uzunligi 20 metr, eni 1,8—2,0 metr, qalinligi 2,5-3,0 mm ga teng. Bir xil linoleum sidirg‘a va rangdor qilib chiqariladi.
Koloksilin linoleum(nitrolinoleum) — smola va to‘ldirgichlardan tashkil topgan plastik massani maxsus barabanlar vositasida yassilab ishlangan asossiz bir qatlamli o‘rama tasma. O‘ramaning uzunligi 20 metrgacha, eni 0,88 dan 1,2 metrgacha bo‘ladi.
Polixlorvinil linoleum — asosli va asossiz bo‘ladi. Linoleumning ustki qatlami sifatida sintetik smolalar (masalan, polixlorvinil smola), kukun to‘ldirgich (talk), pigmentlar va plastifikatorlardan ishlangan mastika ishlatiladi. Linoleum o‘ramining uzunligi 12—15 metr, eni 1,6 metr, qalinligi 2-2,5 mm, rangi — jigarrang, sariq, yashil, to‘q-qizil va h.k. bo‘ladi. Linoleumlar sirtiga guldor g‘altak yurgizib, unda har xil rasmlar hosil qilishi mumkin.
Ashyolarning pishiq va puxtaligi, har xil kimyoviy moddalar ta’siriga bardosh berishi, shuningdek, bejirim ko‘rinishi undan tajribaxonalar, sanoat va jamoat binolari pollarini to‘shashda, shuningdek, avtomatika, samolyot va poyezd vagonlarida keng foydalaniladi.
Bulardan tashqari, binokorlikda asbest-kumaron va asbest-smola plitkalaridan ham keng foydalaniladi.
Shisha-linoleum.Shisha-linoleum bir qancha afzalliklarga ega: chirimaydi, kirishmaydi, tashqi ko‘rinishi bejirim, tovush yutuvchan, iliq asosli. Shisha linoleum asosiga shisha tolali ashyo qoplangan bo‘ladi. Ikki qatlamli iliq shisha linoleumning ikki qatlamli oddiy jun asosli linoleumdan farqi shundaki, u yong‘inda xavfsiz bo‘ladi. Iliq shisha linoleumni bevosita beton ustiga yotqizsa ham bo‘ladi.
Relin (rezina linoleum) ikki qatlam qilib tayyorlanadi. Ustki qatlam sintetik kauchuk asosida tayyorlangan rangli rezina aralashmasidan (qalinligi 1 mm), ostki qatlam esa bitum qo‘shib regenerlangan (tiklangan rezinadan, qalinligi 2 mm) ga teng. Bir o‘ramining uzunligi 10—12 metr, eni 1,5 metrgacha, qalinligi 3—5 mm bo‘ladi. Relin sidirg‘a rangli (qizil, ko‘k, sariq, yashil va h.k. ranglarda) va marmarsimon qilib chiqariladi. Uning ishqalanishga chidamliligi 0,05 g/sm2 dan oshmaydi. Relin suvga va ko‘pgina zararli eritmalar ta’siriga chidamli. Shuning uchun u sanitariya xonalari, oshxona, zina supachasi va pollarni qoplashda ishlatiladi.