Pardozbop plastmassa pardalar. Pardali ashyolar asosli yoki asossiz qilib chiqariladi. Asosli pardali ashyolar rangli polivinilxlorid pardani qog‘oz yoki gazlamalar ustiga yelimlab olinadi. Ularning yuza tomoni xuddi linkrust kabi silliq yoki bo‘rttirib ishlanishi mumkin.
Qog‘oz yoki gazlamalar asosida olinadigan pardali ashyolarning eni 500, 600, 700 va 1000 mm, qalinligi 0,1—0,8 mm, uzunligi 40 metr bo‘ladi.
Asossiz pardali ashyolar turli rangga bo‘yalgan yupqa polivinilxlorid pardasidan iborat bo‘ladi. Ular eni 500, 600, 750 mm, qalinligi 0,1 va 0,2 mm, uzunligi 12 metr qilib ishlab chiqariladi.
Qoplamabop qatlamli — qog‘oz plastik-qog‘oz varaqlariga sintetik smola singdirib, silliq temir qistirmalarda 130—140°C da harorat 7 MPa gacha bosim ostida yog‘och yuzasiga zichlab yopishtiriladi. Plastikning ustki qismi silliq va jilo berilgandek yaltirab turadi, har xil rangda va qimmatbaho yog‘ochlar rangiga, hamda tasvirga o‘xshatilgan bo‘ladi. Plastiklar mebellar, panellar, devorlar, eshik tavaqalariga qoplanadi. Fanersozlik sanoati yelimlab yasalgan va sirtiga plastik qog‘oz qoplangan panellar va plitalar ishlab chiqaradi. Plastikka suv, issiqlik, ishqor va kislotalar ta’sir etmaydi, bo‘yoq moddalar singmaydi, sovunli iliq suv bilan yaxshi yuviladi.
Linkrust — qalin qog‘oz asosga yoki kartonning bir tomoniga yupqa qilib polixlorvinil smolani surtish yo‘li bilan olinadi.
Linkrustning yuza tomoni silliq yoki bo‘rttirib ishlanishi mumkin. Uning eni 500, 600 va 750 mm, qalinligi 0,6 va 1,2 mm, uzunligi 8—12 metr bo‘lishi mumkin. Linkrust suv va nam ta’siriga chidamli, chirimaydi, texnik kuchlarga bardosh bera oladigan ashyo. U turarjoy, jamoat va sanoat binolarining devor va to‘siqlarini pardozlashda qo‘llaniladi. Linkrust devorlarga kraxmaldan tayyorlangan yelim yoki maxsus sintetik polimerlar asosida olingan yelimlar bilan yopishtiriladi.
Yuviladigan pardalar.Bular oddiy gulqog‘ozlar bo‘lib, sirtiga ПВA emulsiya qoplangan bo‘ladi. Ularni iliq suv bilan yuvish mumkin. Suv ta’siriga bardosh bera oladigan gulqog‘ozlar foydalanish uchun juda qulay va chidamli bo‘ladi. Yuviladigan gulqog‘ozlar turarjoy binolarining devorlariga yopishtirishda eng yaxshi pardozbop ashyolardir.