Polimer-mineral kompozitlar tarkibini bog‘lovchi moddani polimer va mineral bog‘lovchilar tashkil etadi. Qurilishda zararli muhit ta’sirida ishlatiladigan chidamli polimersement betonlar bunga misol bo‘la oladi. Organik bog‘lovchi sifatida polivinilatsetat, sintetik kauchuk, poliefir, karbamid yoki epoksid smolalari ko‘p ishlatiladi. Qorishmada suvda eriydigan karbamid smolasi, furil spirti va boshqa sintetik suyuq qo‘shilmalarni ishlatish mumkin.
Agar mineral bog‘lovchilar asosida olingan beton buyumlar zararli muhitda chidamli va yuqori mustahkam bo‘lishi uchun ularni (stirol, bitum, metilmetakrilat) suyuq polimer yoki monomerlar bilan shimdirib betonpolimer olish mumkin. Shimilgan beton g‘ovaklaridagi suyuq polimerlar qotadi, natijada, uning mustahkamligi 10 barobar oshadi.
Temirpolimer buyumlar ayniqsa hozirgi vaqtda qurilishda keng qo‘llanilmoqda. Buning uchun aluminiydan ishlangan buyum sinch poliefir, polixlorvinil va shu singari smolalar bilan qotiruvchi qo‘shilmalar solingan qolipga joylanadi, keyin issiq texnologik jarayonda qotiriladi. Temirpolimer buyumlar ob-havo muhitiga, zararli moddalar ta’siriga chidamli, nafis, ko‘rinishi chiroyli va tiniq bo‘ladi. Temirpolimer ashyolardan rom va eshiklar, qoplama taxtalar va buyurtmachining xohishiga ko‘ra, har xil buyum va konstruksiyalar tayyorlash mumkin. Shishaplastik kompozit qurilish ashyolarini tayyorlashda matritsa sifatida polimer ashyolar — poliefir, epoksid yoki fenol smolalari, pishiqlovchi —armatura sifatida yuqori mustahkam shisha tolalari ishlatiladi. Smolalarni tolalar bilan yopishqoqligi va yuqori adgeziyasi, shishaplastiklarni cho‘zilishga bo‘lgan mustahkamligini oshiradi.
Shishaplastik kompozitlartarkibidagi smola va tola xillarining o‘zgarishi, hamda texnologik jarayonda qo‘llaniladigan usullarning turlariga qarab ularning xossalari har xil bo‘ladi. Quyidagi 10.1-jadvalda poliefir shishaplastik kompozitlarning xossalari yoritilgan.
Shishaplastik kompozitlardan har xil texnologik usullar bilan quvurlar, uzun va taxtasimon buyumlar, to‘siq pardadevorlar, tombop listlar, hajmiy bloklar va hokazolar ishlab chiqariladi.
10.1-jadval