Parda ashyo bilan qoplash. Polietilen polivinilxlorid va poliamid pardalar bilan temir buyum yuzasi qoplanadi. Buning uchun temir oldin qizdiriladi, keyin u polimer parda bilan o‘raladi. Parda erib temirga yopishadi. Polimer pardani buyum sirtiga yelim yordamida ham yopishtirish mumkin.
Dermantin — zich qilib to‘qiladigan dag‘al gazlama, yuzasiga yupqa parda qilib polivinilxlorid bo‘tqasi surtilgan o‘rama ashyo. Polivinilxlorid bo‘tqasi tayyorlashda ishlatiladigan kukun to‘ldirgichning rangiga
ko‘ra dermantin oq, jigarrang yoki qora bo‘ladi. Yuzasi esa tekis yoki bo‘rttirilgan bo‘lishi mumkin. Dermantinning qilinligi 0,5 va 0,8 mm, eni 750 va 1000 mm, uzunligi esa 40 metrgacha qilib chiqariladi. U turarjoy, jamoat binolarining devorlarini, poydevorlarni, mebel va shunga o‘xshashlarni qoplashda ishlatiladi.
SHISHAPLASTLAR VA KOMPOZITLAR
Ashyoning asosiy hajmini tashkil etuvchi tarkibiy qism va ularni o‘zaro bog‘lab turuvchi (tola yoki qattiq zarracha kukun), hamda mustahkamligini ta’minlovchi tarkib kompozitlar deb ataladi.
Kompozit qurilish ashyolarining hajm og‘irligi po‘latnikiga qaraganda 4—5 marta kichik. Shu bilan birga ularning mustahkamligi 25 martagacha kattadir.
Dunyo miqyosida kompozitlar ishlab chiqarish yildan-yilga oshmoqda. G‘arbiy Yevro‘pa va AQSh davlatlari 1977-yilda 350 ming tonnadan kompozit ashyolar ishlab chiqargan bo‘lsa, o‘n yildan keyin, ya’ni 1986-yilda ushbu ko‘rsatkich 3 barobar oshdi. 2000—2005-yillari kompozit ashyolarga bo‘lgan ehtiyoj yiliga 2,5—3,0 mln tonnani tashkil etishi mumkin. Bundan, kelgusida, po‘latga bo‘lgan talabning keskin kamayishi kutilmoqda. Kompozit ashyolarni ishlab chiqarish unumi shunga mos boshqa ashyolarnikiga qaraganda 2—3 barobar kattadir. Ishlatilishini hisobga olganda, kompozit ashyolarning chidamliligi 2—3 marta yuqori. Nazariy tomondan hisoblanganda 1 tonna kompozit 15—25 tonna po‘latning o‘rnini bosadi. Amaliyotda esa 4—5 tonna po‘latning o‘rniga 1 tonna kompozit ashyolarni ishlatsa bo‘ladi.
Kompozitlar tarkibidagi armaturasimon tolalarni joylash usuliga ko‘ra tolalar bir tekis qatlam holatiga keltirilgan, o‘zaro parallel va uzluksiz, bir yo‘nalishda joylangan, tolalar tartibsiz, chigal fazoviy joylashgan gazlamali armatura xillariga bo‘linadi.
Kompozitdagi armaturasimon ashyolar sifatiga ko‘ra pishiqlikni ta’minlovchi tuyilgan kukun va tolali bo‘lishi mumkin. Bu ikki xil kompozit qurilish ashyolari o‘zlarining tuzilishga va mustahkamligining shakllanishiga ko‘ra bir-biridan tubdan farq qiladi. Tuyilgan kukunli kompozitlar tarkibida — 2—4% obdan tuyilgan zarrachalar bo‘lib, ashyoning hajmi bo‘ylab bir tartibda joylashgan matritsa vazifasini o‘taydi.
Agar kukun zarrachalarining solishtirma yuzasi kichik bo‘lsa va ularning oraliq masofalari har xil bo‘lsa, kompozitning pishiqligi kichik bo‘ladi. Masalan, kukunning maydalik darajasini ifodalovchi zarracha o‘lchami 1,0 mkm dan katta bo‘lsa, uning kompozit hajmidagi o‘rni 25% dan oshib ketadi. Agar zarrachaning yirikligi 0,001—0,1 mkm oralig‘ida bo‘lsa, u holda uning umumiy hajmi 15% dan oshmaydi. Matritsa vazifasini bajaruvchi — bitum, sun’iy polimerlar, kauchuk, pishiqlikni ta’minlovchi bo‘r, slyuda, uglerod, kremnezem, ohaktosh zarrachalaridan tashkil topgan kompozit qurilish ashyolarining mustahkamligi, qattiqligi, issiqqa chi- damliligi yuqori bo‘ladi, shu bilan birga ularning plastikligi saqlanib qoladi.
Kompozitning yaxlit holatini ta’minlovchi qism — matritsadir. Undagi bir xil yo‘nalishli yoki chigal tolalar kompozit kuchlanishini hajmi bo‘ylab bir xil ko‘rsatgichda tarqatadi.
Tolalar bilan matritsa orasidagi adgeziya birikishini va o‘zaro yopishish mustahkamligini oshirish kabi ishlar polimer kompozitni ishlatishdagi chidamliligini oshiradi.