Yuqori mustahkam gips. Ikki molekula suvli tabiiy gips toshini 750—800°C haroratda kuydirilgandan keyin tuyiladi va unga natriy sulfati, aluminiy va boshqa tuzlar qo‘shib yuqori mustahkam gips olinadi. Bunday gips sekin qotuvchan, ammo siqilishdagi mustahkamligi 30 MPa gacha bo‘lishi mumkin. Ularning rangi oq bo‘ladi.
Olingan gipsni qotirish uchun suv miqdori 60% emas, balki 40—50% olinadi. Bunday gipsning 7 kundan keyingi mustahkamligi 15—40 MPa ga teng bo‘ladi.
Yuqori mustahkam gips juda muhim inshootlar qurishda, shuningdek, metallurgiya sanoatida qoliplar tayyorlashda ishlatiladi.
Pardozbop gips. Zararli aralashmalardan tozalangan gips toshini 550—700°C da kuydirib, keyin tuyish jarayonida unga aluminiy achchiqtoshi qo‘shib pardozbop gips olinadi.
Pardozbop gips oq rangli bo‘lib, uning nur qaytarish koeffitsienti 90% dan kam bo‘lmasligi kerak. Quyuqlanishining boshlanishi 1 soatdan keyin, oxiri 12 soatgacha davom etadi. Oq sement 100—400 mar- kalarda chiqariladi.
U qurilishda pardozbop qorishma sifatida sun’iy marmar toshlari, me’mor va bezak buyumlari tayyorlashda ishlatiladi.
Yuqori haroratda pishirilgan gips — tabiiy gips toshini yoki angidritni 800—1100°C da kuydirib, keyin mayda qilib tuyilgan bog‘lovchidir.
Yuqori haroratda kuydirilgan gips 100, 150 va 220 markalarda chiqariladi. Uning zichligi 2,8-2,9 g/sm3, hajmiy og‘irligi 900—1100 kg/m3 ga teng. Yuqori haroratda kuydirilgan gips sekin quyuqlanuvchan bo‘lib, boshqa gipslarga nisbatan suvga chidamlidir.
Qurilishda g‘isht terishda, suvoqchilikda, beton buyumlari hamda sun’iy marmar toshlarni tayyorlashda ishlatiladi.
GIDRAVLIK BOG‘LOVCHI MODDALAR
Suv, nam va quruq sharoitda qotish xususiyatiga ega bo‘lgan gidravlik bog‘lovchilarga gidravlik ohak, portlandsement va uning xillari hamda maxsus — tomponaj, kengayuvchan, kirishmaydigan, rangli, glinozem sementlar kiradi.
Gidravlik ohak. Tarkibida 8 dan 20% gacha tuproq bo‘lgan mergelli ohaktoshni kuydirib gidravlik ohak olinadi. Shaxtali yoki aylanuvchi xumdonlarga solingan ohaktosh 800—1000°C da kuydiriladi va tegirmonlarda tuyilib, qurilishga yuboriladi.
Gidravlik ohakning zichligi 2,2—3,0 g/sm3, hajmiy og‘irligi 500—800 kg/m3, hajmiy qorishmalari birinchi 7 kun davomida quruq muhitda bo‘lishi kerak.
Dostları ilə paylaş: |