Qurilish gipsining xossalari. Gips suv bilan qorishtirilgandan keyin, u tezda quyuqlashib qotadi. Gipsning qotish jarayonida uning hajmi taxminan 1% kengayadi. Bu undan me’morchilik buyumlari tayyorlashda, yoriqlarni berkitishda va boshqa maqsadlarda ishlatishga qulaylik tug‘diradi. Davlat standartlarida ko‘rsatilishicha, qurilish gipsi quyuqlanishining boshlanishi 4 daqiqadan keyin, oxiri esa 6 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.
Gipsning quyuqlanish davrini uzaytirish uchun unga maxsus susaytiruvchilar qo‘shiladi. Kolloid eritma hosil qiluvchi yarim suvli gipsning (zichligi 2,5—2,8 g/sm3 uyum tarzidagi hajmiy og‘irligi 800—1100 kg/sm3) erish tezligini susaytiruvchi va natijada ikki molekula suvli gipsning kristallanishini sekinlashtiruvchi ashyolari sifatida suyak yelimi, kazein, jelatin, glitserin, magniy, kalsiy tuzlari ishlatiladi. Gipsning quyuqlanish davrini uzaytirish uchun 60°C gacha isitilgan suv ham ishlatish mumkin.
Suv ta’sir etuvchi inshootlarda qurilish gipsini ishlatish mumkin emas. Ammo, yog‘ingarchilik va muttasil ta’sir etuvchi namlikdan xoli bo‘lgan joylarda ishlatilgan gips qoniqarli chidamlikka ega bo‘ladi.
Nam muhitda bo‘lgan gips buyumlar o‘z mustahkamligini 50% gacha kamaytiradi. Suvga chidamlilik xususiyatini oshirish uchun gipsdan tayyorlangan buyum va qismlar suv ta’sir etmaydigan moddalar bilan shimdiriladi. Ularning sirti bo‘yaladi yoki gipsga so‘nmagan ohak, sement va tosh uni, kul yoki tuyilgan domna toshqoli kabi moddalar qo‘shiladi.
Qurilish gipsi yanada ko‘proq tuyilsa, juda mayin va tez quyuqlanuvchan qolipbop gips hosil bo‘ladi.
Qurilish gipsi sifatiga ko‘ra 3 navga bo‘linadi. Qurilish va qolipbop gips uchun texnik shartlar 6.1-jadvalda berilgan.
6.1-jadval
Qurilish va qolipbop gips uchun texnik shartlar Gipsning qotishi. Gipsning qotish jarayoni uning gidrotatsiyalanishi bilan boshlanadi, ya’ni bunda yarim molekulali suvli gips qaytadan kristall holatdagi ikki suvli gipsga aylanadi:
CaSO4 0,5H2O 1,5H2O CaSO4 2H2O
Aslida gipsning qotishi uchun kam suv talab qilinsada, gips qorishmasini qulay joylanuvchan qilish uchun suv ko‘p solinadi. Buyumning mustahkamligini oshirish uchun undagi ortiqcha suv quritish yo‘li bilan yo‘qotiladi.
Gips zarrachalari gel deb ataluvchi yelimsimon holatga kiradi, bu esa uning gidratatsiyalanishi deb ataladi. Natijada, kolloid holatdagi juda mayda zarrachalardan tashkil topgan gips xamiri hosil bo‘ladi va tez sur’atda kristallana boshlaydi.
Qurilish gipsi pardadevorlar qurishda juda ko‘p ishlatiladigan gips plitalari (gips bilan yog‘och qipig‘idan ishlangan), «quruq suvoq» deb ataladigan gips taxtalar (ikki qog‘oz orasiga qo‘yib qotirilgan gips taxta), devorbop bloklar, ravoq buyumlari ishlashda katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, qurilish gipsi bino devorlarining ichki tomonini suvashda, naqqoshlikda va bezak buyumlar tayyorlashda ko‘p ishlatiladi. Gips o‘tga chidamli bo‘lganligi uchun, undan binoni shamollatuvchi qurilmalar, lift kataklari va boshqalar tayyorlanadi.