CHO‘KINDI TOG‘ JINSLARI Bir qism sochiluvchan jinslar suv yoki shamol vositasida daryo, dengiz yoki ko‘llar ostiga tushib, bir necha davr davomida ikkilamchi yoki cho‘kindi jinslarga aylanadi. Mayda jinslarning bir qismi suvda eriydi, qolganlari esa geologik qatlamlar hosil qilib suv ostiga cho‘kadi. Erigan jinslar o‘ta to‘yingan eritmalar hosil qiladi va kimyoviy cho‘kindilar paydo bo‘ladi. Qatlamlar bosimi ostida va tabiiy sementlarning o‘zaro birikishi natijasida cho‘kindilardan mustahkam va zich sementlangan jinslar hosil bo‘ladi. Cho‘kindi jinslarning g‘ovaklarini to‘la to‘yingan eritmalardagi (CaCO3, CaSO4, temir oksidi) moddalar to‘lg‘izib, undagi mayda donalarni o‘zaro yopishtiradi yoki, boshqa so‘z bilan aytganda, tabiiy sement vazifasini bajaradi.
Tabiatdagi ko‘pgina mineral qatlamlar hayvonot va o‘simlik organizmlarining, shuningdek, suyaklar va teri-yog‘larning o‘zaro birikishidan hosil bo‘lgan. Bunday jinslarni organogenlar deb ataladi.
Qurilishda qo‘llaniladigan cho‘kindi jinslarni quyidagi turlarga bo‘lish mumkin.
Maydalangan jinslar — loy, qum, shag‘al, harsang tosh, mayda tosh va sementlanib qolgan jinslar — konglomeratlar, brekchiylar, qumtoshlar.
Kimyoviy cho‘kindilar — gips, angidrit, ohaktoshning ayrim xillari, dolomit, magnezit, ohak tufi, mergel. Organogen qatlamlar — chig‘anoq, ohaktosh, bo‘r, trepel, diatomit, uglerodli jinslar (torf, neft, ozokerit). Qurilish sanoatida ishlatiladigan tabiiy tosh ashyolarining katta bir guruhi — cho‘kindi jinslar g‘ovakli va zich buyumlar tayyorlashda xomashyo sifatida katta ahamiyatga ega. Cho‘kindi jinslardan ohaktosh, dolomit, chig‘anoq ohaktosh, magnezit va mergellarning tarkibini asosan karbonat tuzlari tashkil etadi. Ayniqsa ko‘p
tarqalgan kalsiy yoki ohak shpati deb ataluvchi kalsiy karbonati (CaCO3) va magniy karbonat (MgCO3) tuzlar guruhiga kiradi. Cho‘kindi jinslardan gips va angidrid (CaSO4 2H2O CaSO4) asosan sulfatlardan iborat.
Maydalangan sochiluvchan cho‘kindi tog‘ jinslarining asosiy xillari quyidagilardir.
Tuproq — kaolinit, kvars, dala shpati, slyuda, kalsiy va magnit karbonatlari va temir oksidi kabi minerallardan tashkil topgan sochiluvchan jins. Tuproq suv bilan qorishtirilganda plastik holatga o‘tadi. Quritganda esa o‘z shaklini saqlaydi, ammo qayta suv ta’sirida yana plastik holatga o‘tadi. Bu xususiyat uni boshqa xomashyolardan ajratib turadi.
Tuproqlar dala shpati kabi tog‘ jinslarining suv, harorat, havodagi karbonat angidrid va mexanik kuchlar ta’sirida buzilishidan hosil bo‘lgan. Tuproq, asosan sopol buyumlar ishlab chiqarishda, qorishmalar uchun plastifikator sifatida va o‘tga chidamli buyumlar tayyorlashda ishlatiladi. Tarkibidagi qum miqdoriga ko‘ra tuproqlar —og‘ir tuproq, tuproq, qumli tuproq, tuproqli qumlarga bo‘linadi. Tuproqlarning kimyoviy tarkibi turlichadir (3.1-jadval).
Tuproqlar ichida kaolin o‘zining kimyoviy tarkibi, tuzilishi va xususiyatiga qarab boshqa tuproqlardan farq qiladi. U o‘tga chidamli, oq rangda bo‘ladi. Kaolin chinni va tiniq sopol chiqarish sanoatida, qog‘oz, rezina olishda ko‘p ishlatiladi.
Qum — donalarining kattaligi 0,15 dan 5mm gacha bo‘lgan sochiluvchan jins. Tarkibiga ko‘ra qumlar — kremniy, dala shpati, ohaktosh va pemzali turlarga bo‘linadi.
Tog‘ va jar qumlari notekis qirrali shaklda bo‘ladi. Bunday qumlarda beton uchun zararli bo‘lgan tuproq, chang aralashmasi va organik moddalar ko‘p bo‘ladi.
Daryo va dengiz qumi yumaloq, sirti silliq bo‘lib, tarkibida zararli aralashmalar kam bo‘ladi. Ko‘l qumida esa mayda tuproq zarrachalari ko‘p bo‘ladi.
3.1-jadval