Ohakning xossalari. Ohak qurilishga bo‘lak-bo‘lak, kukun, xamir yoki so‘ndirilmagan kukun holatida keltiriladi. Bularning zichligi turlichadir, ya’ni 50% suvli ohak xamirining zichligi 1400 kg/m3 bo‘lsa, kukun ohakniki 500 kg/m3, tuyilgan ohakniki esa 600 kg/m3 ga teng.
Ohakning yog‘li va yog‘siz xillari ham bor. Yog‘li ohakning so‘nish davri yog‘siz ohakka nisbatan kam bo‘ladi. Davlat standartlarida ko‘rsatilishicha, 1-navli havoyi ohakda faol oksidlar CaO+MgO miqdori 85% dan kam bo‘lmasligi kerak, 2-navda —75% dan, 3-navda esa 65% dan ko‘p bo‘lishi kerak.
Ohak so‘nish tezligiga ko‘ra, tez so‘nuvchi (20 daqiqagacha) va sekin so‘nuvchi (20 daqiqadan ko‘p) xillarga bo‘linadi. So‘nish tezligi deb, ohakni suv bilan qorishtirgandan keyin, qorishmaning yuqori haroratga ko‘tarilishi uchun ketgan vaqtga aytiladi.
Ohakning qotishi.Oddiy ohak xamiri bilan tayyorlangan qurilish qorishmasining qotishi bir necha kun davom etsa, so‘ndirilmagan ohak kukuni qorishmasi 30—60 daqiqada qotadi.
O‘rta Osiyoda XIX asrning o‘rtalarida ohak qurilishda juda kam ishlatilgan. Qurilishda, asosan, havoda qotadigan bog‘lovchi ashyolardan sog‘tuproq bilan ganchdan keng foydalanilgan.
GIPSLI BOG‘LOVCHI MODDALAR Gipsli bog‘lovchi moddalar kuydirilgan gips toshini mayda qilib tuyib olinadi. Gips toshi, asosan, tarkibida ikki molekula suv bo‘lgan kalsiy sulfat CaSO4 2H2O dan iborat. Gips toshining kuydirilish haroratiga va sharoitiga qarab qurilish gipsi, juda mustahkam gips hamda angidridli sement hosil bo‘ladi.
Qurilish gipsi.Tarkibida ikki molekula suv bo‘lgan kalsiy sulfatli cho‘kindi tog‘ jinsi gipsni (CaSO4 2H2O) angidrid toshini (CaSO4) va ayrim sanoat chiqindilarini kuydirib gipsli bog‘lovchilar olinadi.
Davlat standartlarida ko‘rsatilishicha, 1-nav gips ishlab chiqarish uchun tarkibida CaSO4 2H2O ning miqdori 90%, 2-nav uchun esa 65% dan kam bo‘lmagan tabiiy gips toshi kerak bo‘ladi.
Tabiiy gips toshi oq rangli, qattiqligi Moos shkalasi bo‘yicha 2, zichligi 2200—2400 kg/m3 bo‘lgan cho‘kindi tog‘ jinsidir. Tabiiy gips toshini mayda qilib tuyib, 160—170°C haroratda kuydirilsa, qurilish gipsi hosil bo‘ladi.
Ikki molekula suv bo‘lgan kalsiy sulfatni 65°C da qizdirganda u o‘z xususiyatini o‘zgartiradi va tarkibidagi suv asta-sekin yo‘qolib, degidrotatsiyalana boshlaydi. Bunda haroratning oshishi hisobiga gips toshi 1,5 molekula suvni yo‘qotib, 0,5 molekula suv-li gipsga sekin aylanadi, bu quyidagi reaksiya bilan ifodalanadi.
CaSO4 2H2O CaSO4 5H2O 1,5H2O
Bunday bog‘lovchi ba’zan alebastr deb ham ataladi.