Gipsni tashish va saqlash. Gipsli bog‘lovchilarni tashishda, saqlashda ularga nam ta’sir etmasligi kerak. Ochiq joyda gipsni bir oydan ortiq saqlash mumkin emas. Aks holda, uning mustahkamligi 20% gacha kamayadi. Gips saqlaydigan omborlarning pollari, albatta, yog‘och taxtalardan qurilgan bo‘lishi kerak.
Gips qotishiga qo‘shilmalarning ta’siri.Qotish xususiyatiga ko‘ra, gips bog‘lovchilari ikkiga bo‘linadi: tez qotuvchi gips bog‘lovchilari (qurilish, o‘ta mustahkam, qolipbop va tibbiy gipslari); sekin qotuvchi (angidridli sement va yuqori darajada kuydirilgan gips) gips bog‘lovchilari.
Gipsning quyuqlashish va qotish vaqtlari xomashyoning xossasi, uni tayyorlash sharoiti, saqlanish muddati va sharoitiga, qo‘shilgan suv miqdori (suv bilan gips nisbati — S/G) bog‘lovchi modda va suvning harorati, aralashtirish sharoitlariga va ular tarkibida biror qo‘shilmalarning borligiga bog‘liq. Rolandning fikricha, gipsda uning eruvchanligini kuchaytirish yoki sekinlashtirish imkonini beradigan moddalarning borligi gidrotatsiyaning tezlashishi yoki sekinlashishi uchun sharoit yaratadi. Uning ta’kidlashicha, gidrotatsiya tezligi ham erigan modda tabiatiga, ham uning eritmadagi konsentratsiyasiga bog‘liq.
Gipsning (yarim gidratning) eruvchanligini kuchaytiruvchi moddalar — tezlatgichlar, eruvchanligini susaytiruvchi moddalar — sekinlatgichlar hisoblanadi. Masalan, NaCl tuzi yarim molekula suvli gips va ekstrix-gips gidrotatsiyasi tezlatgichi bo‘lib, angidridga ta’sir etmaydi. CaCl2 esa yarim molekula suvli gipsga ta’sir qilmaydi, lekin ekstrix-gips va angidrid gidrotatsiyasini sekinlashtiradi. MgCl2 tuzi yarim molekula suvli gipsni tezlashtiradi, ekstrix-gips va angidridni sekinlashtiradi.
Shuni ta’kidlash kerakki, quyuqlashishini sekinlashtirgich va tezlatgichlar gips buyumlarining natijaviy mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Biroq ayrim sirti faol moddalardan o‘rtacha miqdorda (0,1—0,3%) qo‘shish, buyumlar mustahkamligining faqat ularni yumshatuvchi omil sifatida va suv-gips nisbatining kamayishi hisobigagina emas, balki hosil bo‘layotgan ikki gidrat kristallarning adsorbsion modifikatsiyasi hisobiga ham ortishiga imkon beradi. Shuningdek, sirti faol qo‘shilmalar yordamida, gipsning doimiy sarfi o‘zgarmagan sharoitda, beton aralashmasining harakatchanligini oshirish mumkin.